Kitob va Sunnatda foiz (kredit)
Musulmonlar > E'lonlar > Qur'on va Sunnat butunligi > Savdo-sotiq Tarix: 11 Dekabr 2018 Email This Post Email This Post

Qur’onda foiz ma’nosida kelgan kalima ribodir. Ribo kalimasi (  الربوا yoki الربا ) masdar o’laroq “ortish”, ism o’laroq “ortgan”[1] ya’ni foiz ma’nolarini bildiradi. Ribo – qarz orqali erishilgan foydadir. Ortish qarz tufayli hosil bo’lganligi uchun, ribo – mana shu ortishga sabab bo’lgan harakat ya’ni, foizli harakat deganidir. Makkada nozil bo’lgan bir oyatda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

    وَمَا آتَيْتُم مِّن رِّبًا لِّيَرْبُوَ فِي أَمْوَالِ النَّاسِ فَلَا يَرْبُو عِندَ اللَّـهِ ۖ وَمَا آتَيْتُم مِّن زَكَاةٍ تُرِيدُونَ وَجْهَ اللَّـهِ فَأُولَـٰئِكَ هُمُ الْمُضْعِفُونَ ﴿٣٩﴾

“Insonlarni mol-mulklari orasida ortsin deb foizga bergan narsa/qarz Allohning huzurida ortmaydi. Allohni roziligini xohlab bergan zakotlaringizga kelsak, ana o’sha qat-qat qilib orttiradiganlar zakot berganlardir.” (Rum 30/39)

Ehtiyojidan ortiqcha mol-mulkka ega bo’lmagan kishi birovga qarz bera olmaydi. Foizli qarz esa, “insonlarni mol-mulklari orasida ortsin deb…” beriladi. Demak, foizli qarzni ortig’i bilan qaytarishga kuchi yetadigan darajadagi mol-mulkka ega bo’lgan shaxslarga beriladi.

Foizga qarz berayotgan kishi, ortiqchasi bilan qaytarib olishiga aniqlik kiritish uchun bir kafil va garov uchun moddiy bir narsa talab qiladi. Shunday qilib foiz berayotgan taraf o’z mulkini qo’riqlab himoya qilish degan muammodan o’zini forig’ qilgan bo’ladi. Qarzdorni ortiqchasi bilan qaytarib berish degan javobgarlikka olib kirgan narsa, o’sha mulkdan o’zi uchun ko’proq manfaat keltirish orzusi va qarzga bo’lgan ehtiyojidir.

Foizni ijara shartnomasiga o’xshatilgan holda “mulkning vaqt qiymati” deb ta’riflashadi. Ijaraga berilgan mulk, asli yo’q qilinib yuborilmasdan undan vaqtincha foydalaniladigan mulkdir. Uyni ijaraga olgan kishi uyni ichida yashaydi. Avtomobilni ijaraga olgan kishi uni haydab yuradi. Kelishilgan vaqt nihoyasiga yetganida ijaraga olingan mulk egasiga qaytarib beriladi. Asli yo’q qilinib yuborilishi mumkin bo’lgan hech qanday mulk ijaraga berilmaydi. Masalan, pulning o’zi hech qanday moddiy yoki jismoniy ehtiyojni qondira olmaydi. Katta bir xazinaga ega bo’lgan kishi, ochligini ketkiza oladigan yemoq-ichmoq topa olmasa albatta o’ladi, boradigan joyi bo’lmasa tunda tashqarida qoladi, sovuqdan himoya qiladigan kiyimi bo’lmasa sovuqda qoladi. Shu holatda uning pul mablag’lari na unga yemoq-ichmoq vazifasini va na uy-joy vazifasini o’rnini bosa oladi. Pul mablag‘dan foydalanish uchun uni biron-bir mulkka yoki birorta xizmatga almashtirish kerak. Xullas kalom, pul mablag’lari aslo ijaraga berilmaydi, ijaraga berilmaydigan mulkning esa vaqt qiymati bo’lmaydi.

Foizchilar shunday deyishadi: bugun ehtiyoji bor insonni ertaga qo’lga kiritadigan pul mablag’i bo’lishi mumkin. Boshqa biri esa, vaqtinchalik ishlatishga ehtiyoji bo’lmagan ortiqcha pul mablaqqa ega bo’lishi mumkin. Agar foizga ruxsat berilsa, pul mablag’ning egasi ortiqchasi bilan qaytarib olish maqsadida muhtoj kishiga pulini berib turishi mumkin. Qarzdor esa, yetarli pul mablaqqa ega bo’lganida qarzini ortig’i bilan qaytarib beradi. Agar shunday qilinsa, pul mablag’ ishlatilmay turib qolmagan bo’ladi va har ikki taraf ham bundan foyda ko’radi.

Oyatda ta’kidlangan “…foizga bergan narsa/qarzingiz Allohni huzurida ortmaydi” jumla, “fitratga ya’ni, mol-mulk va pul aylanishidagi Alloh yaratgan tabiiy qoidalarga ko’ra ortmaydi” degani bo’ladi. Chunki, qarz berish degani bu – undan manfaat ko’rish degan bir faoliyat turi emas. Qarz olgan kishigina olgan qarzini o’z o’rnida ishlatishi oqibatida manfaat ko’rishi mumkin. Qarz berish pul mablag’ni ishlatish degani emas. Foiz bergan kishi, qarzga berilgan mablag’ni ishlatishdagi javobgarlikka aralashmagani sababli, qarz orqali qo’lga kiritayotgan qarzdorni foydasiga sherik bo’lib olishga ham haqqi bo’lmaydi.

Foiz ko’proq savdo-sotiqqa o’xshatiladi. “Avvalgi narxi 10 (o’n) so’m bo’lgan bir tovarni  bir oyda qaytarib berishga kelishgan holda 11 (o’nbir) so’mga sotish halol bo’lsa, 10 (o’n) so’mni bir oyda qaytarib berish sharti bilan 11 (o’nbir) so’mga sotish ham halol bo’lishi kerak” deyiladi. Holbuki, savdo-sotiq pul mablag’ berib evaziga boshqa narsa olish kabi ikkita farqli narsani almashtirishdan iborat bo’ladi. Bu holatni naqdi ham nasiya ham bo’ladi. Foiz jarayoni esa, qarz berish evaziga qarzdordan manfaatdor bo’lish orqali paydo bo’ladi. Qarzdan foyda keltirish boshqa narsa, savdo-sotiq boshqa narsa. Bu mavzu alohida bir bo’limda qaytadan ko’rib chiqiladi.

Foizchilik doim bir xil uslubda amalga oshiriladi. Islomdan avvalgi Arablarga Johiliyat Arablari deyiladi. Ular qarz berar ekan, asosiy mulkka tegmasdan, ma’lum bir foyda qozonish shart bilan berishar edi. Belgilangan vaqt kelganida, kelishilgan foydani talab qilishar edi. Agar qarzdor belgilangan foizni bera olmasa, yangicha foiz ya’ni, yana ham ko’proq ustlama yuklatilgan holda va vaqt ham uzaytirilgan holda foiz jarayoni davom etar edi.[2]

Agar qarz havolasi nasiya ya’ni, va’dali kelishuvdan tashkil topgan bo’lsa, to’lov vaqti kelganida “Qarzingni berasanmi yoki, orttirasanmi?” deb so’ralar edi. Agar to’lamasa qarzga yana qo’shimcha ustlama yuklatilib vaqt qo’shib berilar edi.[3] Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Vido Xutbasida shunday degan:

وربا الجاهلية موضو ع. وأول ربا أضعه ربانا ربا عباس بن عبد المطلب، فإنه موضوع كله .

“Johiliyat foizi to’xtatildi. Men to’xtatgan ilk foiz, bizning foizimiz – Abdulmuttolibning o’g’li Abbosning foizidir. Uning barchasi to’xtatildi.”[4] 

Johiliyat foizi aynan bugungi kunimizdagi foizdir, ya’ni qarz orqali foyda ko’rish. Xutbani eshitganlar o’sha zamonda yashab turgan kishilar bo’lganligi sababli, Rasulullohning “Johiliyat foizi” degan ifodasi muxotoblarning zehnida foizni ta’riflanishiga ehtiyoj sezdirmagan.

Kelgusidagi oyatga ko’ra ham, foiz – qarzga qo’shilishi shart qilingan ortiqcha ustlamadir:

“…Foizdan tavba qilib qaytsangiz, asosiy mol-mulkingiz sizlarnikidir. Sizlar ham haqsizlik qilmaysizlar, sizlarga ham haqsizlik qilinmaydi.” (Baqara2/279)

Asosiy mulk qarzga berilgan narsadir. Savdo-sotiq va oldi-berdi-da ikkita farqli narsa har ikki tarafdan olinib berilgani sababli, bu narsada asosiy mulk degan narsa bo’lmaydi. Agar qarzni ortiqchasi bilan qaytarib berish degan shart bo’lsa, ana o’sha ortiqcha ustama foiz hisoblanadi. Quyidagi oyat ham, foiz faqatgina qarz berish orqaligina hosil bo’lishini ko’rsatib bermoqda:

“Qarzdor agar qiyin/tang ahvolda bo’lsa, yaxshi/xotirjam holatga chiqib olguncha kutib turiladi. Kechib yuborishingiz sizlar uchun yana ham yaxshi. Shuni bir bilsangiz edi.” (Baqara 2/280)

Rasulullohdan oyat va mavzuga aloqador bo’lib kelgan rivoyatlar quyidagicha: Ibn Abbos aytdiki, Usoma bin Zaydning menga bergan xabariga ko’ra Allohning Elchisi shunday degan ekan:

إنما الربا في الدين

“Foiz faqatgina qarzda bo’ladi”[5]

لا ربا فيما كان يدا بيد

“Qo’ldan qo’lga (naqd) bo’lgan narsada foiz bo’lmaydi.”[6]

إنما الربا في النسيئة

“Foiz (qarzni) nasiya qilishda bo’ladi.”[7]

Rasulullohning yana bir so’zi shundan iboratdir:

لا ربا إلا في النسيئة

“Foiz faqatgina (qarzni) nasiya qilishda bo’ladi.”[8]

Shunday qilib oyat va hadislar, foiz qarz orqali qo’lga kiritiladigan foydadan hosil bo’lishini ko’rsatmoqda.


A- 
FOIZNI TAQIQLANISHI

Foiz ilk marotaba shu oyatda harom qilingan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَأْكُلُوا الرِّبَا أَضْعَافًا مُّضَاعَفَةً ۖ وَاتَّقُوا اللَّـهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ ﴿١٣٠﴾

“Ey mo’minlar! Qat-qat ortgan foizni yemanglar. Allohdan qo’rqinglar, shoyad, murodingizga erishsangiz.” (Oli Imron 3/130)

Qat-qat ortish foizning o’zgarmas xususiyatidir. %10 bilan olingan qarzning foizi ikkinchi yil %21ga, uchinchi yil %33ga chiqadi va vaqti kelib berilgan qarz miqdoridan oshib ketadi.

Doizni ikkinchi marotaba harom ekanini ta’kidlagan va undan tavba qilib qaytishga buyurgan oyatlar quyidagicha:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّـهَ وَذَرُوا مَا بَقِيَ مِنَ الرِّبَا إِن كُنتُم مُّؤْمِنِينَ ﴿٢٧٨﴾ فَإِن لَّمْ تَفْعَلُوا فَأْذَنُوا بِحَرْبٍ مِّنَ اللَّـهِ وَرَسُولِهِ ۖ وَإِن تُبْتُمْ فَلَكُمْ رُءُوسُ أَمْوَالِكُمْ لَا تَظْلِمُونَ وَلَا تُظْلَمُونَ ﴿٢٧٩﴾ وَإِن كَانَ ذُو عُسْرَةٍ فَنَظِرَةٌ إِلَىٰ مَيْسَرَةٍ ۚ وَأَن تَصَدَّقُوا خَيْرٌ لَّكُمْ ۖ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُونَ ﴿٢٨٠﴾

“Ey mo’minlar! Allohdan qo’rqinglar! Foizdan nimaiki qolgan bo’lsa uni barchani tark qilinglar! Agar mo’min bo’lsangizlar.

Agar bunday qilmasangiz, bilingki, Allohga va Elchisiga qarshi urush ochgan bo’lasiz. Agar tavba qilib qaytsangiz – sizlar ham haqsizlik qilmagan va sizlarga nisbatan ham haqsizlik qilinmagan holda – mol-mulklaringizni asosiy bo’lagi bo’lgan dastmoyalaringiz o’zingizga qaytariladi.

Qarzdor qiyin ahvolda bo’lsa, ahvoli yaxshilanguncha kutib turiladi. Kechib sadaqa qilib yuborishingiz sizlar uchun yanada yaxshi. Agar bilganingizda-mi!..” (Baqara 2/278-280)

Johiliyat davrida qarzini to’lay olmagan qarzdor, oxir-oqibat qul qilinib sotib yuborilar edi. So’ngi oyat bilan qarzdorlarni sotib yuborish taqiqlandi va ularga qo’shimcha muddat berilishiga hukm qilindi.[9]


B-   FOIZ BILAN ZAKOTNI ALOQASI

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَمَا آتَيْتُم مِّن رِّبًا لِّيَرْبُوَ فِي أَمْوَالِ النَّاسِ فَلَا يَرْبُو عِندَ اللَّـهِ ۖ وَمَا آتَيْتُم مِّن زَكَاةٍ تُرِيدُونَ وَجْهَ اللَّـهِ فَأُولَـٰئِكَ هُمُ الْمُضْعِفُونَ ﴿٣٩﴾

“Insonlarni mol-mulklari orasida ortsin deb foizga bergan narsa/qarz Allohning huzurida ortmaydi. Allohni roziligini xohlab bergan zakotlaringizga kelsak, ana o’sha qat-qat qilib orttiradiganlar zakot berganlardir.” (Rum 30/39)

يَمْحَقُ اللَّـهُ الرِّبَا وَيُرْبِي الصَّدَقَاتِ ۗ وَاللَّـهُ لَا يُحِبُّ كُلَّ كَفَّارٍ أَثِيمٍ ﴿٢٧٦﴾

“Alloh foizni kamaytiradi va zakotni ko’paytiradi. Alloh nonko’r va gunohkorlarni hech birini sevmaydi.” (Baqara 2/276)

Qonun-qoidalarni Alloh belgilagani sababli, Allohni ozaytirishi va ko’paytirishi degan so’zi, bir qoidadan xabar berishi bo’lib, foiz tanglik va yo’qsillikka, zakot esa, taraqqiyot va kenglikka yo’l ochishini bildirmoqda.

Foizli qarz faqatgina uni qaytarib berishga kuchi yetadigan darajadagi moddiy bir garov yoki ta’minot ko’rsata oladigan kishilarga beriladi. Bunday kishilar oz bo’lgani tufayli, barcha kreditlarni ana shulargina egallab olishadi va shu yo’l orqali butun xalqga tegishli bo’lgan sarmoyaga egalik qilishni boshlashadi. Shunday qilib kredit sistemasini ishining boshidayoq muvozanatdan chiqib beqarorlikka yo’l ochib beradi.

Allohning Elchisidan shunday rivoyat qilinadi:

“Foizdan kelayotgan daromad qanchalik ko’p bo’lmasin, uning oxiri baribir tanglikka/bankrotga aylanadi[10]

“Qaysi bir jamiyatda foiz o’rtaga chiqsa, u aholi ocharchilikka yo’liqadi. Qaysiki bir jamiyatda pora o’rtaga chiqsa, ularni qo’rquv bosadi.”[11]

Insonning fitratida qizg’onchiqlik bor. Foiz o’sha qizg’onchiqlik hissini qamchilaydi. Foizga pul-mablag’ berish uchun, avvalo o’rtadagi pul-mablag’ni saqlab to’plash kerak. Pul mablag’ni to’plab saqlash uchun esa, uni ichki bozordan chiqarib olish kerak. Qur’onda pul mablag’ni ichki bozordan chiqarib olib saqlab to’plash emas, aksincha, barcha pul mablag’lar haqidagi oyatlarni barchasida qo’lidagi pul mablag’larni ichki bozorga kirgizib aylantirish kerakligi buyurilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

إِنَّمَا أَمْوَالُكُمْ وَأَوْلَادُكُمْ فِتْنَةٌ ۚ وَاللَّـهُ عِندَهُ أَجْرٌ عَظِيمٌ ﴿١٥﴾ فَاتَّقُوا اللَّـهَ مَا اسْتَطَعْتُمْ وَاسْمَعُوا وَأَطِيعُوا وَأَنفِقُوا خَيْرًا لِّأَنفُسِكُمْ ۗ وَمَن يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِ فَأُولَـٰئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ ﴿١٦﴾ إِن تُقْرِضُوا اللَّـهَ قَرْضًا حَسَنًا يُضَاعِفْهُ لَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ۚ وَاللَّـهُ شَكُورٌ حَلِيمٌ ﴿١٧﴾

“Mol-mulkingiz va farzandlaringiz faqatgina imtihon qilinib sinalishingiz uchundir. Buyuk mukofot esa Allohni huzurida. Kuchingiz yetganicha Allohdan qo’rqinglar. Eshitinglar; itoat qilinglar, o’z foydangiz uchun infoq qilinglar. Kim o’z nafsining qizg’anchiqligidan saqlansa, ana shular maqsadlariga erishuvchi kishilar bo’ladi. Alloh uchun bir yaxshi qarz bersangiz, U sizlarga uni qat-qat qilib ko’paytirib beradi va silarni kechiradi. Alloh qilingan yaxshilikni shunday tashlab qo’ymaydi va yumshoq muomala qiladi.” (Tag’obun 64/15-17)

Arablarda tunnelga nafaq deyiladi. Infoq – bir narsani tunneldan o’tkazish, tunnel ichida yurgizishdir. Infoq qilingan narsaga nafaqa deyiladi. Inson o’ziga, oilasiga va qaramog’idagi kishilarga va har qanday yaxshi ishlarga qilingan sarf-xarajat nafaqadir. Yaxshiliklarga qilingan nafaqa ayni damda Allohga berilgan qarzi hasanadir/chiroyli qarzdir. Chunki, mol-mulkini yaxshilikka sarflab nafaqa qilgan yaxshi inson, qilgan ishini mukofotini Allohdan kutadi. Qilgan yaxshiligini birovga minnat ham qilmaydi, maqtanmaydi ham.

Pul-mablag’ mulk va xizmat davomiyligi va harakatlanishini ta’minlab turgani uchun, u iqtisodiyot va ekonomikaning asosiy tayanchidir. Demak, insonlarni qonlarida tinmay harakat qilib aylanib turgan qondek,  pul-mablag’ ham insonlar orasidagi ichki bozorda aylanib turishi kerak. Tomirda aylanib harakat qilib turgan qon, inson vujudining turli hujayralariga qanday qilib ozuqa yetkazib tursa, pul’-mablag’ ham insonlarga mulk va xizmat yetkazib berib turadi. Agar pul-mablag’ ichki bozorda aylanmay qolsa yoki, keragidan kam holatda aylanib qolsa, mulk va xizmatlar zoye’ bo’ladi, savdo-sotiq va tijorat kasodga uchraydi, ochlik va qashshoqlik kelib chiqadi.

Inson vujudidagi qon aylanmay bir joyda to’planib qolsa, ko’p o’tmay qon buzilishni boshlaydi. Qon yetib bormagan jism va hujayralar harakatdan to’xtashni va yaroqsiz holga kelishni boshlaydi. Ichki bozorda aylanib turishi kerak bo’lgan pul ham agar bir kishini qo’lida to’planib qolsa ham, xuddi qon aylanmay qolgan kishidek jamiyat ichidagi tartib o’zgarishni boshlaydi.

Zakot va sadaqa Alloh yo’lida qilingan infoqdir. Bozor iqtisodiyoti jonlanishi, ishonchli va emin-erkin holga kirishi uchun va barcha tarmoqlar foydali va to’g’ri bir shaklda harakatlanishi uchun infoq-pul-mablag’ni ichki bozorda aylantirish kerak. Aks holda, iqtisod va ekonomikada xavfli o’zgarishlar yuzaga kelishi mumkin. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَأَنفِقُوا فِي سَبِيلِ اللَّـهِ وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ ۛ وَأَحْسِنُوا ۛ إِنَّ اللَّـهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ ﴿١٩٥﴾

“Alloh yo’lida infoq qilinglar. O’z qo’llaringiz bilan o’zingizni halokatga tashlamang. Chiroyli ish qilinglar. Alloh chiroyli/yaxshi ishlarni amalga oshirganlarni yaxshi ko’radi.” (Baqara 2/195)

Alloh yo’lida qilingan infoqni ichki bozorni rivojlanishi va iqtisodiyotni o’sishi uchun juda katta ta’siri va foydasi bo’ladi albatta. Moddiy sharoiti qiyin ahvoldagi bir inson, olgan zakoti yoki, moddiy yaxshilik sifatida unga berilgan pul-mablag’ni albatta o’z ehtiyojini ketkazish uchun sarflashga kirishadi. Masalan, olgan pulini magazinga olib chiqib magazinchidan olgan qarziga to’laydi. Magazinchi esa oziq-ovqatlarni ulgurji savdogarga olib borib qarzini beradi yoki, yangi mahsulot olib keladi. Ulgurji savdogar ham olgan pulini o’z ehtiyoji uchun kerak bo’ladigan narsa xarid qilish uchun yana boshqasiga beradi. Xullas, boy insonni qo’lidan faqirga berilgan pul-mablag’ ichki bozorda tinimsiz aylanishni boshlaydi va ichki bozor yangidan-yangi mushtariylarga ega bo’ladi. Mulk va daromad, qon vujuddagi tomirlarni har bir nuqtasiga yetib borganidek, xalq va jamiyatning har bir jabhasiga yetib boradi. Ehtiyojidan ortiqcha bo’lib turgan boyning pul-mablag’dan bir faqir insonga infoq qilib berilgan ming so’mlik qiymatdagi puli, bir oyni ichida balki 500-700 ta insonni qo’lidan qo’liga o’tib, ana shuncha insonni kundalik ehtiyojini qondirishi mumkin. Bunga sabab bo’lgan boy kishi ham savobga ega bo’ladi va hamda o’zi yashab turgan jamiyatdagi ichki bozor rivojiga hissa qo’shgani uchun bir kun kelib o’ziga ham katta foyda keltirishi mumkin. Foiz tanglik va muammolarga yo’l ochar ekan, infoq qilingan pul-mablag’lar qat-qat ortishga va rivojlanishga sabab bo’ladi.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

مَّثَلُ الَّذِينَ يُنفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّـهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنبُلَةٍ مِّائَةُ حَبَّةٍ ۗ وَاللَّـهُ يُضَاعِفُ لِمَن يَشَاءُ ۗ وَاللَّـهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ ﴿٢٦١﴾

“Mol-mulklarini Alloh yo’lida infoq qiladiganlarni holati, yettita boshoq undirgan bir donga o’xshaydi. Har bir boshoqda yuztadan don bor. Alloh xohlagan kishiga qat-qat qilib beradi. Allohni imkoni kengdir, U har narsani biladi.” (Baqara 2/261)

Foiz, boylik va katta qismga ega bo’lgan mulk boylar qo’liga o’tib ketishiga yo’l ochadi. Zakot esa, boylarni qo’lida ehtiyojidan ortiqcha bo’lib turgan boylikni boylarni qo’lidan faqirlarni kundalik ehtiyojlariga kirgizilishiga yo’l ochadi. Bu narsa, xalq orasidagi savdo-sotiq va iqtisodiyotdagi o’sish deyiladi. Chunki, ichki bozorni rivojlanishi yoki kasodga uchrashida xalqni qo’lida aylanib turgan sarmoya va mulklari asosiy o’rinda turadi.

 

C-  ALLOHGA VA UNING ELCHISIGA QARSHI JANG

Alloh taolo shunday buyuradi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّـهَ وَذَرُوا مَا بَقِيَ مِنَ الرِّبَا إِن كُنتُم مُّؤْمِنِينَ ﴿٢٧٨﴾ فَإِن لَّمْ تَفْعَلُوا فَأْذَنُوا بِحَرْبٍ مِّنَ اللَّـهِ وَرَسُولِهِ ۖ وَإِن تُبْتُمْ فَلَكُمْ رُءُوسُ أَمْوَالِكُمْ لَا تَظْلِمُونَ وَلَا تُظْلَمُونَ ﴿٢٧٩﴾

“Ey mo’minlar! Allohdan qo’rqinglar! Foizdan nimaiki qolgan bo’lsa uni barchani tark qilinglar! Agar mo’min bo’lsangizlar.

Agar bunday qilmasangiz, bilingki, Allohga va Elchisiga qarshi urush ochgan bo’lasiz. Agar tavba qilib qaytsangiz – sizlar ham haqsizlik qilmagan va sizlarga nisbatan ham haqsizlik qilinmagan holda – mol-mulklaringizni asosiy bo’lagi bo’lgan dastmoyalaringiz o’zingizga qaytariladi.”               (Baqara 2/278-279)

Alloh taologa qarshi urush – tabiiy tartibga va borliqdagi to’g’ri intizomga qarshi urush deganidir. Tabiatdagi qoidalarni o’rtaga qo’ygan zot Alloh bo’lganligi uchun, ijtimoiy hayotdagi va tabiatdagi qoidalarni buzuvchi harakatlar, Allohni qoidasini buzgan va Allohga qarshi chiqqan va tajovuz qilgan deb qabul qilinadi.

Yuqorida aytib o’tganimizdek, foiz ijtimoiy tuzumni va shaxslararo munosabatlarni buzilishiga sabab bo’ladi. Bir tarafdan kimlardir oila ro’zg’orini arang tebratar ekan, kimlardir muhtojlarga qarz berish evaziga osongina boylikka erishish halovatini gashtini suradi. Foiz bilan oldi-berdi qilgan shaxslar o’rtasida nizolar, janjal va sudlashishlar paydo bo’ladi. Pulga muhtoj bo’lib turgan kishilar, katta mulk egalaridan umidlari uzilganida, boylariga bo’lgan ishonch yo’qolib bo’lganida xalq orasidagi umidlar umuman so’nib boraveradi, yosh oilalar buzilaveradi, qarovsiz yoshlar ko’payib boradi, jinoyatchilar ko’payadi, o’zaro sevgi-muhabbat yo’qolib, nafrat va g’azab, hasad va gina-adovat avj oladi.

Alloh taolo bir oyatda shunday buyuradi:

وَالَّذِينَ يَكْنِزُونَ الذَّهَبَ وَالْفِضَّةَ وَلَا يُنفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ اللَّـهِ فَبَشِّرْهُم بِعَذَابٍ أَلِيمٍ

“Oltinlarni va kumushlarni yig’ib-jamlab olib, uni Alloh yo’lida infoq qilmaydiganlarga jonini og’rituvchi azob-qiynoqni xabarini ber!” (Tavba 9/34)

Jonini og’rituvchi azob-uqubat avvalo bu dunyoda beriladi. Boyligidan infoq qilib turmagan boylarni qanchadan-qanchasini ko’rib turibmizki, boshqalarda bo’lmagan davosi yo’q dardlar, uy-joylariga tabiiy ofatlar yuz berib uylariga o’t ketishlari, boyliklari banklarda qandaydir sabablarga ko’ra muzlatib qo’yilishi, hayoti davomida kimlardandir yoki nimalardandir qo’rqib cho’chib yashashlari, qizlari yoki o’g’illarini oilalarida baxtsiz bo’lishlari va shu kabi turli muammolarga duch kelishlari bu dunyodagi azob-uqubat hisoblanadi.

Allohning Elchisi shunday dedilar:

Falokatga olib boruvchi yettita narsadan saqlaninglar.” -Ey Allohning Elchisi, ular nimalar? -Allohga sherik qo’shish, sehrgarlik, haqsiz bo’lgani holda Alloh tegib bo’lmas qilib qo’ygan jonga qasd qilish, foiz yeyish, yetimni molini yeyish, dushmanga hamma bir bo’lib hujum qilinadigan vaqtda urushdan qochish va yomon ishga aloqasi bo’lmagan or-nomusli mo’mina ayolni zinoda ayblashdir.” [12]

Rasulullohning yana bir so’zlari quyidagicha:

“Foiz yeganni ham, yedirganni ham Alloh la’natlasin.”[13]

 

D-  FOIZCHILARNING HOLATI

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

لَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لَا يَقُومُونَ إِلَّا كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ ۚ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمْ قَالُوا إِنَّمَا الْبَيْعُ مِثْلُ الرِّبَا ۗ وَأَحَلَّ اللَّـهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا ۚ فَمَن جَاءَهُ مَوْعِظَةٌ مِّن رَّبِّهِ فَانتَهَىٰ فَلَهُ مَا سَلَفَ وَأَمْرُهُ إِلَى اللَّـهِ ۖ وَمَنْ عَادَ فَأُولَـٰئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ ۖ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ ﴿٢٧٥﴾

“Foiz yeydiganlar, shayton tegib aqlini chalib qo’ygan kishining harakatidan farqli hayot kechirmaydi. Bu narsa – ular: “Savdo-sotiq foiz bilan bir xil” deganliklari uchundir. Alloh savdo-sotiqni halol qilgan, foizni esa harom qilgan. Kimga Rabbidan bir nasihat kelsa va foizga chek qo’ysa, o’tmishdagi ishi o’ziga tegishlidir; uni ishi Allohga oid. Kim yana davom etsa, ana o’shalar jahannam aholisidir. Ular u yerda mangu qoladilar.” (Baqara 2/275)

Faxruddin Roziy bu haqda shunday deydi:

“Foizni halol deb bilganlarga ko’ra, foizli aloqa har tomondan savdo-sotiq bilan bir xildir. Shunday ekan, qanday qilib bittasi halol va bittasi harom bo’ladi. Naqd savdoda 10 so’mga sotiladigan bir molni nasiyaga 11 so’mga sotish halol bo’lsa, 10 so’mni keyinroq qaytarib berish sharti bilan 11 so’mga sotish ham halol bo’lishi kerak. Bu ikkala harakat orasida hech qanday mantiqiy bir farq yo’q.”[14]

Bu ikki harakat orasida o’xshashlik bor albatta, lekin farqlari ham bor. Masalan, sharob bilan uzumni sirkasi o’rtasida katta o’xshashlik bor, ikkalasi ham uzumni suvidan tayyorlangan. Ammo, o’rtadagi o’xshashlikdan kelib chiqib “sharob sirka bilan bir xil” deb bo’lmaydi. Yuqoridagi masala ham farqlidir. Shu sababli, biriga qarz, boshqasiga esa savdo-sotiq deyiladi. Qarz bergan kishi bergan qarz miqdorini oladi. 10 so’m bergan bo’lsa 10 so’m qaytarib oladi, tengini oladi. Foiz esa, o’sha tenglikni buzuvchi ustamadir. Naqd savdodagi narxi 10 so’m bo’lgan mol bir oyda 11 so’m to’lashga kelishib sotilsa, o’sha 11 so’mni hammasi o’sha molni badali bo’ladi. O’sha mol bilan 10 yoki 11 so’m orasida tenglik bo’lmagani uchun, ortiqcha ustama haqida gapirishni o’zi ham ortiqcha.

Savdoni naqdi bo’ladi, lekin qarzni aslo naqdi bo’lmaydi. Hech kim olgan vaqtni o’zidayoq berish uchun birovdan qarz olmaydi. Bir oz bo’lsa ham vaqt belgilanadi. Bir savdogar 8 so’mga olgan molini olgan zahoti-yoq 10 so’mga sotib 2 so’m foyda qilishi mumkin. Bu holatda hech qanday ustamali foizni shartlari o’rtaga qo’yilmagan bo’ladi.

Hech kim o’zining barcha ehtiyojlarini qoplay oladigan darajadagi turli ishlab chiqarishlarga kuchi yetmaydi. Yeb-ichish, kiyim-kechak, uy-joy degandek. Bularni har biriga erishish uchun, boshqalarni ham ishlab chiqarishiga va mehnatiga muhtoj bo’ladi. Boshqalardan bu narsalarni olish uchun esa, ularga buni evaziga boshqa narsa berish kerak. Agar bergan narsasi evaziga boshqa narsa olmasa, hech kim mehnat ham qilmay qo’yadi, hech narsa yetishtirmay qo’yadi. Ochlik, muhtojlik va xarobagarchilik yuzaga kela boshlaydi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَن تَكُونَ تِجَارَةً عَن تَرَاضٍ مِّنكُمْ ۚ وَلَا تَقْتُلُوا أَنفُسَكُمْ ۚ إِنَّ اللَّـهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا ﴿٢٩﴾   

“Ey mo’minlar! Mol-mulklaringizni orangizda haqsiz-botil yo’l bilan emas, o’zaro rozilik asosida tijorat orqali yenglar! O’zingizni o’ldirmanglar. Alloh sizlarga nisbatan marhamatlidir.” (Niso 4/29)

Allohning Elchisi shunday degan ekan: “Ko’nglidan rozi bo’lmasa, birovni mol-mulki boshqasiga halol bo’lmaydi.”[15]

 

        Prof. Dr. Abdulaziz BAYINDIR.
Tijorat va Foiz kitobidan olingan.      

 

Far’iy va fiqhiy masalalar keyingi maqolalarimizda ko’rib chiqiladi. Harakat bizdan, natija Allohdan.

[1] Ibn Manzur, Lisanul Arab, 18, 305-s.

[2] Faxruddin Roziy, Tafsirul Kabir, 7, Misr,  1357/1938, s. 91.

[3]  Ibn Rushd, (vf. 520/1126) Muqaddimot (al-Mudavvanot bilan birgalikda) 3-j, 18-s, Hurriyat Nashriyoti. 1957, c. 1, s. 241 Ibn Arabiy.

 

[4] Abu Dovud, Manosik, 57, 1905-hadis.

[5] Doramiy, Sunan, Buyu’, 42, (la riba illa fi nasiyah.)

[6] Muslim, Sahih, Musoqot, 103 (596).

[7] Muslim, Sahih, Musoqot, 102, Nasoiy, Sunan, Buyu’, 50 (buyu’ fizzahah bizzahabi va bizzahabi bilfizzah)

[8] Sahihi Buxoriy, Buyu’ 79. Sahihi Muslim, Musoqot 101. (1596)

[9] Abu Abdulloh Muhammad bin Ahmad Qurtubiy, (v. 671/1272), aljami’ li-ahkamil Qur’on, 3-j, 240- s. Baqara 2/280- oyatni tafsiri.

[10] Ahmad bin Hanbal, Musnad, 1- j, 395- s.

[11] Ahmad bin Hanbal, Musnad, 4- j, 205- s.

[12] Sahihi Buxoriy, Vasoyo 23, Sahihi Muslim, Imon 145.

[13] Sahihi Buxoriy, buyu’, Sahihi Muslim, Musoqot 105. La’nat – Allohni marhamatidan va ikromidan bebahra qolishdir.

[14] Faxruddin Roziy, Tafsirul Kabir, 7- j, 98- s.

[15] Ahmad bin Hanbal, Musnad, 5/72.

Facebookta UlashishTwitterda Ulashish
155 O'qildi
 
Aloqador yoki o'xshash fatvolar
Raqam     Mavzu Tarix    O'qildi    
1 Qiyin ahvolga tushib qolgan kishi kredit olsa bo’ladimi? 04.01.2019 254
2 Kitob va Sunnatda foiz (kredit) 11.12.2018 155
3 Qarzga narsa oldi-berdi qilingandagi Qur’ondagi tavsiya 01.10.2018 291