Musulmonlar

Qur’on va Musulmonlarning ahvoli

Qur’on va Musulmonlarning Ahvoli

Alloh taolo barcha insoniyatga elchi qilib yuborgan[1] so‘ngi payg‘ambari[2] Muhammad alayhissalomga – to‘g‘ri ekanida aslo shubha bo‘lmagan[3] va so‘zlarning eng to‘g‘ri va chiroyligi[4] bo‘lmish – Qur’oni Karimni har narsani ochiqlab berishi uchun[5] nozil qilgan, unga Qur’onga amal qilishni[6] va Qur’oni Karimni tablig‘ qilishni[7] buyurgan. Shu bilan bir qatorda, agar u Qur’onni to‘liq tablig‘ qilmasa, u elchilik vazifasini ado eta olmagan bo’lib qolishini ham alohida ta’kidlab ogohlantirgan[8]. Payg‘ambar alayhissalom Allohni amriga ko‘ra faqatgina Qur’onga amal qilishini aytgan[9] va so‘ngi oyat[10] nozil bo‘lgan kuni insonlarga xitoban:

“Men sizlarga Allohning kitobi bo‘lmish Qur’onni qoldirib ketyapman. Uni mahkam ushlasangiz, aslo adashmaysiz.”[11] degan holda, insonlarga Qur’oni Karimni bir payg‘ambar merosi qilib qoldirib ketganini e’lon qilgan va qisqa bir muddatdan so‘ng bu olamdan ko‘z yumgan.[12]  

Alloh taolo so‘ngi nozil qilgan oyatida bizlarga:

“Bugun diningizni mukammal qilib berdim, sizlarga berilgan ne’matimni tamomlab berdim va din jihatidan sizlarga Islomni loyiq ko‘rdim”[13] deya marhamat qilmoqda. Qisqa qilib aytganda, Qur’oni Karimni so‘ngi oyatlari nozil bo‘lishi natijasida, dinimiz mukammal holga kelib bo‘lgan.

Alloh taolo Muhammad alayhissalomni barcha insonlarga qiyomatgacha elchi qilib yuborganligi bois, O‘zining kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimni mo‘jizaligini va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi rahbarligini ham qiyomatgacha muhofaza qilib saqlab qolishiga so‘z berib O‘z zimmasiga olgan.[14] Shu sababli ham Alloh taolo Qur’oni Karimni oson tushunib yetadigan bir shaklda nozil qilgan[15] va payg‘ambar alayhissalom Allohni amri bilan “Bu Qur’on menga vahiy qilindiki, sizlarni va ulashgan har kimni u bilan ogohlantiraman”,[16] degan edi. Shuning uchun  ham, Janobi Alloh qiyomatgacha keladigan barcha insonlarga xitoban:

“Ey insonlar, Rabbingiz tarafidan sizlarga nozil qilingan Qur’onga ergashinglar”[17] deb, hammani Qur’onga amal qilishga buyurgan.  

Xuddi shu shaklda “Mana shu Qur’on Biz nozil qilgan muborak kitobdir. Mana shu kitobga amal qilinglar, unga qarshi chiqishdan saqlaninglar. Shunday qilsangiz yaxshilik/marhamatga erishasizlar”[18] deb, musulmonlar yaxshilikka erishishlari uchun Qur’onga amal qilishlarini shart ekanini ochiqcha bayon qilgan.

Islomni ilk davrlarida Musulmonlar o‘sha shartni bajarganlari ya’ni, Qur’onga amal qilganliklari uchun, o‘z qo‘llari bilan yasab olgan butlarga va o‘zlari kabi insonlarga qul bo‘lishdan qutulishgan edi. Mana shunday qilib, o‘z irodalaridan erkin foydalana olish va yolg‘iz Allohga qullik qilish degan to‘xtamga kelishgan va shu bilan o‘zlarini ma’naviy va ruhiy halovatga erishtirishgan. Boshqa bir tarafdan Islom ummati degan bir namunali jamiyat o‘rtaga paydo bo‘lgan, bu ummat atrofdagi boshqa jamiyatlarga chiroyli odob-axloqlari, adolat va samimiyligi bilan insonlarni qalbiga yagona Allohga ibodat qilishdek buyuk fazilat bo‘lmish tavhidni olib kirish uchun, har narsalarini o‘rtaga qo‘yishgan va bu yo‘lda bor-yo‘g‘idan ayrilishga tayyor bo‘lishgan.      

Natija o‘laroq; uzun zamonlar johiliyat zulmatida yashab kelgan insonlar Musulmon bo‘lish bilan bir qatorda, boshqa insonlarni ham musulmon bo‘lishiga va boshqa xalqlar ichiga ham Allohning sof dini kirib kelishiga sababchi bo‘lishgan. Shuning oqibatida, o‘z ishonch-e’tiqodlarini boshqa kishilar tarafidan boshqarilish degan tushunchadan qutulib, o‘zini o‘zi boshqarish degan ruhiy va ma’naviy ozodlikka erishishgan. Moddiy tomondan ham, boshqalarga muhtoj bo‘lib yordam olish degan zillatdan chiqib, birovlarga yordam berish degan izzat va sharafga munosib bo‘lishgan.

Ming afsuski, Payg‘ambar alayhissalom vafot qilganidan ko‘p o‘tmay musulmonlar o‘zaro ixtiloflarga va turli nizolarga giriftor bo‘lishdi, farqli guruhlar va turli mazhablarga bo‘linib ketishdi. Birlik-birodarlik, aka-ukalik, mehr-oqibat, o‘zaro yordam degan Islom diniga mansub kishilarning eng qiymatli fazilatlari bo‘lgan sharafli sifatlaridan uzoqlasha boshlashdi. Har bir mazhabning mansub kishilari Qur’onni o‘z hayotlariga tadbiq qilish va uni johiliyat zulmatida yashab kelayotgan insonlarga tushuntirib yetkazishdan iborat bo‘lgan asosiy vazifalarini tark qilib, boshqa mazhabdagi kishilardan ustun kelish va o‘zini mazhabini oqlash uchun ilmiy tortishuv va bahslarga kirib ketishdi. Aynan shu narsa sababli, kunimizdagi mazhabga oid kitoblarning asosiy qismi bahs va munozaralar va ilmiy tortishuvlardan tashkil topgan. Buning natijasida Janobi Allohning “Izzat/ustunlik faqatgina Allohga, Allohni elchisiga va mo’minlarga oiddir, faqat buni munofiqlar bilishmaydi”[19] degan so‘zida mo’minlarga ham va’da qilingan izzat zillat bilan almashib qolgan. Yangidan yangi xalqlarga sof Islom dini kirib borishi u yog‘da tursin, avvallari islomni qabul qilgan musulmonlar va ular yashab turgan yurtlar birma-bir qo‘ldan boy berilgan. Musulmonlarni adolatiga ofarin deb lol qolishi kerak bo‘lgan g‘ayridinlar keyinchalik Ahli Islomdagi adolatsizliklarni ko‘rib nafratlana boshlashgan. Musulmonlarni o‘zaro odob-axloqlidan ibrat olishi kerak bo‘lgan dinsizlar, musulmonlarni ichki nizolarini ko‘rib masxara qilishgacha borishgan. Musulmonlarni birlik-birodarlik rishtalarini kuchliligidan qo‘rqishi kerak bo‘lgan Din dushmanlari, keyinchalik Musulmonlarni qo‘rqitishni boshlashgan.

“Ularga Alloh zulm/haqsizlik qilmadi, ularni o‘zlari o‘zlariga zulm qilishdi”[20]. Chunki, Alloh: “Agar mo‘min bo‘lsangizlar, shubhasizki, g‘olib/ustun keluvchi sizlar bo‘lasiz.”[21] deb, ilmda, taraqqiyotda, kuchda, yor-u birodarlikda va barcha insoniy fazilatlarda boshqalardan ustun bo‘lishning shartini haqiqiy mo‘min bo‘lish kerakligi haqida bildirib o‘tgan.    

Yil-u oylar o‘tib Musulmonlar bilan Qur’on o‘rtasida katta masofa paydo bo‘lgan. Payg‘ambar alayhissalomni vafotidan ikki-uch yuz yillardan keyin yozilishi boshlangan kitoblar Musulmonlarni hayot rahbari vazifasini bajargan. Asta sekin Qur’oni Karim insonlarni janoza-yu ta’ziyalarida, mozor-u qabristonlarda o‘qib eslanadigan, uning hukmi go‘yoki o‘liklarga xitoban nozil qilingandek faqat o‘liklarga o‘qiladigan bir kitob holiga kelib qolgan. Shunday qilish oqibatida, Qur’on oyatlaridagi hukmlardan hayotga tadbiq qilinmasdan go‘yoki oyat hukmlari ham o‘lgandek hukmlar unutilib ketilgan.

Kunimizdagi Musulmonlarni ahvoli bundan-da achinarli. Yuqorida aytib o‘tilgan salbiy oqibatlarning barchasi hozir ham mavjud. Lekin, eng achinarlisi shuki, Qur’oni Karimning oyatlaridagi buyruq va tavsiyalariga amal qilish va boshqalarni ham bunga chaqirish – dinsizlik yoki zalolat va adashgan bid’atchi deb ta’riflanib, boshqa manbalardagi shaxsiy fikrlar va bir-biriga zid bo‘lgan ixtilofli masalalarga ergashib uni mahkam ushlashlik “asl dindorlik” deya atalmoqda.

Yuqorida aytib o‘tilgan diniy-ma’naviy kasalliklardan qutulib talab qilingandek Musulmon bo‘lishning, ayni shaklda dunyo va oxiratda Alloh taoloning marhamatiga muyassar bo‘lishning yagona yo‘li – Payg‘ambar alayhissalomni hayotimizga o‘rnak qilib olgan holda Qur’oni Karimga qaytishdir. Chunki,

“Bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga yetaklaydi.”[22]

“U haqiqatda ustun, hech bir tomondan yolg‘on-xato aralashmagan va aralashmaydigan bir kitobdir. U, hikmat bilan qaror beruvchi va har narsani juda yaxshi biluvchi zot tarafidan nozil qilingandir.”[23]

“ U qat’iy bir so‘zdir, aslo hazil emas.”[24]

“U, Allohga ishongan xalq uchun har narsani ochiqlab beruvchi, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi bir rahbar va rahmatdir.”[25] 

 

ANAS OLIMO‘G‘LI

 

[1] Saba’ 34/28, A’rof 7/158.

[2]  Ahzob 33/40.

[3] Baqara 2/2.

[4] Zumar 39/23.

[5] Nahl 16/89, Yusuf 12/111.

[6] An’om 6/106, Yunus 10/19, Ahzob 33/2.

[7] Oli Imron 3/144, Moida 5/99, Nur 24/54, Ankabut 29/18, Ra’d 13/40.

[8] Moida 5/67.

[9] An’om 6/50, A’rof 7/203, Yunus 10/15, Ahqof 46/9.

[10] Moida 5/3.

[11] Muslim, Haj 147 (1218), Abu Dovud, Manosik 56.

[12] Payg‘ambar alayhissalom Arafot tog‘ida oxirgi qilgan xutbasi bilan vafoti o‘rtasidagi muddat hijriy oyga ko‘ra uch oy ikki kun. (Rahiqul Maxtum)

[13] Moida 5/3.

[14] Hijr 15/9.

[15] Maryam 19/97, Duxon 44/58, Qamar 54/17, 22, 32, 40.

[16] An’om 6/19.

[17] A’rof 7/3, Zumar 39/55.

[18] An’om 6/155.

[19] Munofiqun 63/8.

[20] Oli Imron 3/117.

[21] Oli Imron 3/139.

[22] Isro 17/9.

[23] Fussilat 41/41, 42.

[24] Toriq 86/13, 14.

[25] Yusuf 12/111.

Bizni Kuzating

%d такие блоггеры, как: