Musulmonlar

Tahiyyotdagi salom va duolarning ma’no-mohiyatlari

Savol: Namozda o‘qiladigan tahiyyot haqida ma’lumot bera olasizmi?

Javob: Tahiyyotning mazmun-mohiyati, tarixi va ma’nolari haqida sizlarga quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Farz va boshqa nofila namozlarning har ikki rakaatidan keyin o‘tirib Allohni zikr qilish va unga so‘z bilan qullik qilish uchun tahiyyot…, Allohumma Solli ala…, Allohumma barik ala…, Robbana atina…lar o‘qiladi. Bu tahiyyot, salavot va duolarni bizga Rasululloh tavsiya qilib qoldirgan. Ular va ularni ma’nolari quyidagicha:

  1. Tahiyyot: 

“Attahiyyâtu lillâhi vas-solavâtu vat-toyyibât. Assalâmu alayka ayyuhan-nabiyyu va rohmatullohi va barokâtuh. Assalâmu alaynâ va alâ ‘ibâdillâhis-solihiyn. Ashhadu allâ ilâha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh.”

Ma’nosi:

“So‘z, badan va mol-mulk bilan qilinadigan ibodatlarning barchasi Allohga xos. Ey Payg’ambar![1] (Rasulullohni vafotidan keyin Oyisha onamiz o‘rgatgan tahiyyot salomi “Assalamu alan-Nabiy…-Payg‘ambarga salom bo‘lsin va…”)[2] Sizga salom va Allohning rahmat va barakoti bo‘lsin. Salom bizga ham va Allohni solih bandalariga ham bo‘lsin. Men Allohdan boshqa hech qanday iloh yo‘qligiga guvohlik beraman. Men yana, Muhammad Allohning quli va elchisi ekaniga ham guvohlik beraman.”

  1. Allohumma solli…

اللهم صل على محمد وعلى آل محمد كما صليت على إبراهيم وعلى آل إبراهيم إنك حميد مجيد

  Ma’nosi:

“Ey Alloh! Ibrohim va unga ergashganlarga yaxshilikqilganingdek/qo’llab-quvvatlaganingdek Muhammad va unga ergashganlarga ham yaxshilik qil/qo‘llab-quvvatla. Sen albatta, maqtovga loyiqsan, Ulug‘san!”

  1. Allohumma barik…

اللهم بارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم وعلى آل إبراهيم إنك حميد مجيد

Ma’nosi:

“Ey Alloh! Ibrohim va unga ergashganlarga barakot[3] berganingdek, Muhammad va unga ergashganlarga ham barakot ber. Sen albatta,  maqtovga loyiqsan, Ulug‘san.”

  1. Robbana atina…

رَبَّنَا آتِنَا فِي الدُّنْيَا حَسَنَةً وَفِي الْآخِرَةِ حَسَنَةً وَقِنَا عَذَابَ النَّارِ

“Robbanâ âtinâ fid-dunyâ hasanah, va fil-âxiroti hasanah, va qinâ azâban-nâr.”

Ma’nosi:

 “Robbimiz! Bizlarga dunyoda ham yaxshilik ber, oxiratda ham yaxshilik ber. Bizni otash azobidan saqla.”

Aloqador hadislar:

عن عطاء بن أبي رباح: أنَّ الصحابةَ كانوا يقولون: السلامُ عليك أيُّها النبيُّ، فلمَّا مات قالوا: السلامُ على النبيّ ورحمةُ اللهِ وبركاتُه، السلامُ علينا وعلى عبادِ اللهِ الصالحينَ، أشهدُ أنْ لا إلَه إلَّا اللهُ، وأشهدُ أنَّ محمدًا عبْدُه ورسولُه

Ato b. Rabohdan: Rasululloh tirikligida sahobalar: “Assalamu alayka ayyuhan-Nabiy – Ey Payg‘ambar sizga salom bo‘lsin”- deyishar edi, Rasululloh vafot etganidan boshlab: “Assalamu alan-Nabiy – Payg‘ambarga salom bo‘lsin”, deya boshlashdi.[4]

Demak, bizlar ham sahobalar kabi Rasulullohni vafotidan keyin o’qilgan tahiyyotni o’qishimiz maqsadga muvofiq bo’ladi. U quyidagicha:

السلامُ على النبيِّ ورحمةُ اللهِ وبركاتُه، السلامُ علينا وعلى عبادِ اللهِ الصالحينَ، أشهدُ أنْ لا إلَه إلَّا اللهُ، وأشهدُ أنَّ محمدًا عبْدُه ورسولُه…

“… Assalamamu alan-nabiy – Payg‘ambarga salom bo‘lsin…”[5]

Rasulullohni vafotidan keyin tashahhudda aynan mana shu shaklda salom berilishi haqida bulardan boshqa yana Ibn Umardan qilingan ko‘plab rivoyatlar bor.

 

Anas Olimo‘g‘li 

[1] Bu mashhur tahiyyot – Rasululloh hayotlik davrida orqasida jamoat bo‘lib namoz o‘qiyotgan sahobalar namozda bir-birlarini ismini aytib salom berayotganini Rasululloh eshitib qoladi, shunda ularga menga ham salom aytib va o‘zingiz va siz kabi barcha mo‘minlarga ommaviy bir marta salom aytsangiz kifoya – degan ma’noda o‘rgatgan tahiyyot hisoblanadi.

Rasulullohni vafotidan keyin Oyisha onamiz (Alloh undan rozi bo‘lishini so‘raymiz) mo‘minlarga tahiyyotni o‘rgatar ekanlar, duo maqsadida salom beriladigan joyiga kelganda “ السلامُ عليك أيُّها النبيُّ  Assalamu alayka ayyuhan-Nabiy”ni o‘rniga السلامُ على النبيِّ = Assalamu alan-Nabiy…” shaklidagi salomni o‘rgatishda davom etganlar. Chunki Rasululloh tirikligida orqasida turib unga salom beradigan sahobalar Rasulullohni ko‘rib turardi, Rasululloh ham ularni ko‘rib turar va bergan salomlarini eshitib turar edi. Shu sababli “Assalamu alayka ayyuhan-Nabiy…” ya’ni “Senga salom bo‘lsin ey Nabiy”, deb o‘rgatar edi. Rasulullohni vafotidan keyin Oyisha onamiz o‘rgatgan salomning ma’nosi esa “Assalamu alan-Nabiy…-Nabiy-Payg‘ambarga salom bo‘lsin” – degan ma’noni bildiradi. Chunki endi Rasululloh mo‘minlarni yonida emas, aytgan salomlarini, duolarini eshitmaydi. Lekin, har ikkala shakldagi salom bilan salom aytsa bo‘ladi, faqat bir sharti bilan; hozir namozimdagi Rasulullohga berayotgan salomimni va uni haqqiga qilayotgan duoyimni Rasululloh eshitib turibdi, ko‘rib turibdi degan tushunchadan va bunday e’tiqoddan uzoq bo‘lgan holda aytish mumkin. Aks holda, har qanday uzoq masofadan eshita olishlik, har qanday turli tilda aytilgan salom va duolarni bir xil tushuna olishlik kabi faqatgina Allohning zoti ilohiysiga loyiq bo‘lgan ba’zi bir ilohiy sifatlarni Rasulullohga nisbat berib qo‘yilgan hisoblanadi. Bu esa, shirkdan boshqa hech qanday narsani ifoda qilmaydi. Butun qilib o‘tilgan savobli ishlarni esa, faqatgina shirk amali barbod qilib yo‘qqa chiqarib yuboradi.

Shuni unutmaylikki, o‘tmishdagi barcha Payg‘ambarlar kabi Muhammad alayhissalom ham vafot etdi, undan avval ham ne-ne payg‘ambarlar keldi-yu ketdi. U hozir uzoq masofadan o‘nlab, yuzlab turli tillarda berilayotgan salom-u duolarni bir vaqtni ichida ham eshitib, ham tushunib va ham ko‘rib tura olish qobiliyatiga aslo ega emas. Chunki u ham bir inson, faqatgina unga Allohdan vahiy kelgan muborak insondir.

[2] Doraqutniy Ibn Mas’uddan rivoyati 1338. Ibn Adiyni Mujohiddan rivoyati 2/393.  Qoziy Abu Shayba va Imom Bayhaqiy rivoyati va Imom Buxoriy 1144.

[3] Baraka – qilingan ishlardagi yaxshiligi ko‘pligini, hayotdagi yashab o‘tgan vaqt ichidagi ishlarini aksariyati yaxshilikka dalolat qilishini bildiradi. Baraka – biron narsadagi yaxshilik va foydalarni ko‘p ekaniga ishorat qiladi, son jihatdan ko‘p ekaniga emas.

[4] Ibn Hajar Asqaloniy, Fathul Boriy Sharhul-Buxoriy, 2/366.

[5] Hazrat Abu Bakrning o‘g‘li Qosim Oyisha onamiz o‘rgatgan tahiyyot haqidagi rivoyati, bu hadisni Imom Bayhaqiy Sunanda 2/144, Imom Molik Muvattoda 1/91, Imom Shofeiy Favoidda 1015 raqamlardagi hadislarida keltirganlar.

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: