Musulmonlar
Tahajjud namozi qachon o’qiladi?

Tahajjud namozi qachon o’qiladi?

Savol: Tahajjud namozi qachon va qanday o‘qiladi? Agar to‘rt rakaat o‘qilsa tashahhutda faqat tahiyyot o‘qiladimi yoki solli-borik duolar ham o‘qiladimi?

Javob: Xufton namozidan keyin bir muddat uxlab turib o‘qilgan har qanday tungi namozga “tahajjud namozi” deyiladi. Chunki Tahajjud – kechasi uyqudan namoz uchun turish degani. Subh sodiq, ya’ni tong shafaqlari birlashishdan avvalgi o‘qilgan namozlar tahajjud namoziga kiradi. Undan keyin bomdod namozini vaqti kiradi.

Isro surasining 79- oyati dalolat qilishicha, tahajjud namozi faqatgina Payg‘ambar alayhissalom uchun farz, qolgan mo‘minlar uchun esa “sunnati muakkada”, ya’ni Payg‘ambar alayhissalom tarafidan qattiq ta’kidlangan sunnat ekani ma’lum bo‘ladi. Barcha mo‘minlarga farz qilingan esa kundalik besh vaqt namozdir va bu narsa oyatlar bilan sobitdir.

Payg‘ambarimiz “Farz namozidan keyin eng fazilatli namoz kecha namozidir.” (Muslim Siyam, 202, (1163,) 203) deya mana shu haqiqatga ishorat qilganlar.

Juda ham ko‘p fazilatga ega bo‘lgan bu namoz, bizdan avvalgi solih qullar ado etib kelgan, Allohni roziligiga yaqinlashishga vasila bo‘lgan, gunohlarni to‘sgan va gunohlarga mone’ bo‘lgan bir ibodatdir. (Qarang: Termiziy, Daavot 115)

Tahajjud namozi ham boshqa nofila/sunnat namozlar bilan bir xil o‘qiladi. Faqat qiroat masalasida ixtiyoriy bo‘lib, xohlasa ovozini chiqarib, xohlasa ichida o‘qiydi.

Agar tahajjud namozini ikki rakaatdan ko‘proq o‘qimoqchi bo‘lsa, har ikki rakaatda salom berib yangidan namoz boshlashi tavsiya qilinadi. Agar birdaniga to‘rt rakaat o‘qimoqchi bo‘lsa, birinchi tashahhutda faqatgina tahiyyot o‘qiydi, Allohumma solli duolarini o‘qimaydi.

Bizni Kuzating

%d такие блоггеры, как: