Musulmonlar

Sigaret chekish tahoratni buzadimi?

Savol: Sigaret chekkan insonni tahorati buziladimi?

Javob: Sigaret chekkan kishini namoz uchun olgan kichik tahorati buzilmaydi. Tahorat nima uchun olinishi kerakligi, qanday olinishi va nimalar buzishi haqida Alloh taolo Moida surasining 6-oyatida to‘liq bayon qilib bergan. Bu oyatga ko‘ra sigaret chekish tahoratni buzmaydi. Namoz uchun olinadigan kichkina tahoratni faqatgina hojatxona ishlari va orqadan yel chiqishi buzadi.

Sigaret chekish insonni savobi yoki gunohiga, taqvosi yoki mas’uliyatsizligiga va sog‘ligiga zarar berishi mumkin, lekin tahoratiga ta’sir qilmaydi.

Masjidga kirishdan oldin sigaret chekkan inson masjidga kirishidan oldin og‘zini chayqab kirishi masjid odoblariga kiradi. Chunki Alloh taolo A’rof surasining 31-oyatida har bir sajdagoh oldida ziynatlanib olishga buyurgan. Tashqi kiyim kiyish jismoniy ziynat, o‘zidan boshqalarga aziyat yetkazadigan turli yomon hidlarni ketkazish madaniy ziynat, masjidga kirishda va u yerda kamtarona holatda va Allohim amringga muntazirman degan ma’noni ifodalaydigan holatda odob bilan turish esa ma’naviy ziynat deyiladi.

Sarimsoq va piyoz yeb olgan kishilar ( namoz vaqtlaridan boshqa vaqtlarda to og‘zilaridan o‘sha piyoz va sarimsoqni hidi ketguncha) masjiddan va majlislardan uzoqroq (o‘zlari alohida) turishlari haqidagi Payg‘ambar alayhissalomni tavsiyalari ham (Buxoriy, Fathul-Boriy 2/339’ Muslim, 1/395) shunga dalolat qiladi. Umar roziyallohu anhu esa, sarimsoq va piyozni pishirib ya’ni hidi kelmaydigan qilib yeyishni tavsiya qilgan (Muslim, 8/332). Bu esa – sarimsoq va piyozni yeyish makruh emasligini, balki undan so‘ng yon-atrofdagi kishilarga ozor beriladigan hidi yomon ko‘rilganini bildiradi.

Demak, sigaret chekkan inson har na qadar makruh yoki kichkina gunoh qilayotgan bo‘lsa-da, u kishi masjidga kirishda og‘zini yaxshilab chayqab olib, yonidagilarga sigaretni hidi bilan ozor bermaydigan holda kirishida hech qanday ma’siyat va malomat bo‘lmaydi.

Sigaret chekish insonga na moddiy va na ma’naviy bir ishida foyda bermaganligi bois, sigaret chekishni tark qilishini tavsiya qilib qolamiz.

Add comment

Bizni Kuzating

%d такие блоггеры, как: