Musulmonlar
Qur’onga ko’ra 3 qoidani buzmaguncha hech kimga adovat qilib bo’lmaydi

Qur’onga ko’ra 3 qoidani buzmaguncha hech kimga adovat qilib bo’lmaydi

Quyidagi oyatlarda koʻrsatib oʻtiladigan 3 qoidani buzmagan insonlarga nisbatan adovatchilik qilib boʻlmaydi. Irqi, dini, millati, yoshi va jinsidan qatʼiy nazar, 3 qoidani buzmagan har qanday insonga yaxshilik qilish, doʻstlashish va adolatli muomala qilishdan Alloh qaytarmagan. “Kofirlar musulmonlarning dushmanidir, dinsizlarga yaxshilik qilib boʻlmaydi, namoz oʻqimaganlarga salom berib boʻlmaydi“ kabi soʻzlarning barchasi yolgʻon-yelpi gaplardir. Asl va haqiqiy din – insoniy fazilatlar bilan va odamiylikka munosib hayot kechirishdir.

Alloh taolo shunday buyuradi:

لَّا يَنْهَاكُمُ اللَّـهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُم مِّن دِيَارِكُمْ أَن تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ ۚ إِنَّ اللَّـهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ ﴿٨﴾ إِنَّمَا يَنْهَاكُمُ اللَّـهُ عَنِ الَّذِينَ قَاتَلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَأَخْرَجُوكُم مِّن دِيَارِكُمْ وَظَاهَرُوا عَلَىٰ إِخْرَاجِكُمْ أَن تَوَلَّوْهُمْ ۚ وَمَن يَتَوَلَّهُمْ فَأُولَـٰئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ

”Alloh sizlarni – sizlarni diningiz tufayli oʻldirishga urinmagan va sizlarni yashab turgan yurtingizdan surgun qilib chiqarmagan kishilarga nisbatan yaxshilik qilishingizdan va ularga adolatli (haq-huquqiga rioya qilish) muomala qilishdan qaytarmaydi. Alloh adolatlilarni yaxshi koʻradi. Alloh taolo faqatgina sizlarni – sizlarni diningiz sababli oʻldirmoqchi boʻlgan va yurtingizdan surgun qilib chiqargan va chiqarishga yordam bergan kishilar bilan doʻstlashishdan qaytaradi. Kimki ularni doʻst deb bilsa, ana oʻshalar haqsizlik qiluvchilardir (zolimlardir). (Mumtahina 60/8-9)

Oyatga koʻra, din va davlatini, yurtini va nomusini, oila va mol-mulkini himoya qilish maqsadida – urish boshlagan gʻanimga qarshi urishish farzdir. Bundan boshqa holatda hech kim bilan urishish mumkin emas Islomda.

Oyatlarga koʻra, gʻayridinlarga nisbatan uchta qizil chiziq chizilgan.

1- Dinimizni deb bizlarga urush ochishi;

2- Bizlarni yurtimizdan chiqarishlari;

3- Yurtimizdan chiqarganlarga yordam berishi.

Bu uchta chiziqni buzganlar bilan aslo doʻstlik tuzib boʻlmaydi. Bu ishlarga qoʻl urmagan har qanday davlat va xalq bilan esa, chiroylik, doʻstona va adolatli muomala va munosabatda boʻlishimizdan Alloh taolo qaytarmagan.

Tavba surasi 5-oyat:

Bu oyat muslim va gʻayridin oʻrtasidagi munosabatlarda asos qilib olingan deb iddao qilinadi, aslida esa unday emas. Oyat shunday:

فَإِذَا انسَلَخَ الْأَشْهُرُ الْحُرُمُ فَاقْتُلُوا الْمُشْرِكِينَ حَيْثُ وَجَدتُّمُوهُمْ وَخُذُوهُمْ وَاحْصُرُوهُمْ وَاقْعُدُوا لَهُمْ كُلَّ مَرْصَدٍ ۚ فَإِن تَابُوا وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَآتَوُا الزَّكَاةَ فَخَلُّوا سَبِيلَهُمْ ۚ إِنَّ اللَّـهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ

“Harom oylar chiqishi bilanoq (kelishuvni buzgani holda Makkadan ketmagan) oʻsha Allohga sherik qoʻshadiganlarni uchratgan yeringizda oʻldiringlar. Ularni tutinglar, qurshab olinglar va ularni yoʻllarini toʻsinglar. Agar tavba qilishsa, namozni toʻliq va doimiy ado qilishsa va zakotni berishsa ularni qoʻyib yuboringlar. Shubhasizki, Alloh kechiruvchidir, marhamat qiluvchidir.(Tavba 9/5)

Bu oyat – qizil chiziqlarni tamoman buzgan, Hudaybiyadagi tinchlik kelishuvini buzgan, Makka fathidan keyin ularga bir yil tegilmagan, balki 4 oy yana qoʻshimcha muhlat berilgan Makkadagi Allohga sherik qoʻshadigan haqidagi eng soʻngi ogohlantiruvlardan biridir. Xuddi shu kabi holatlar yuz bermagunigacha, bu oyatda koʻrsatilgan hukm va muomala hech kimga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emas. Oyatni boshqa maʼnoga burib olish toʻgʻri ish emas.

Gʻayridinlar tarafidan sodir etilgan harakatlar

Alloh taolo shunday buyuradi:

لَتُبْلَوُنَّ فِي أَمْوَالِكُمْ وَأَنفُسِكُمْ وَلَتَسْمَعُنَّ مِنَ الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ مِن قَبْلِكُمْ وَمِنَ الَّذِينَ أَشْرَكُوا أَذًى كَثِيرًا ۚ وَإِن تَصْبِرُوا وَتَتَّقُوا فَإِنَّ ذَٰلِكَ مِنْ عَزْمِ الْأُمُورِ

“Sizlar albatta mol va jonlaringiz xususida qattiq sinovga duch kelasizlar, ahli kitoblardan va Allohga sherik qoʻshadiganlardan koʻp haqoratlar eshitasizlar. Agar oʻzingizni himoya qilib sabr qilsalaringiz, bilinglarki bu narsa azmi-qaror talab qilgan ishlardandir.” (Oli Imron 3/186)

Har qanday haqoratli soʻzlar va tahqirlovchi harakatlar qizil chiziqdan hisoblanmagani uchun, bunday holatlarga qarshi sabrli, tadbirli va toʻgʻri qarorlik boʻlishdan boshqa yoʻl koʻrsatilmagan.

Muhammad alayhissalom, avval musulmon boʻlib, keyin dindan qaytgan va muammolarni manbasi boʻlgan munofiq-ikkiyuzlamachilardan koʻp aziyat chekkan, ammo ularga qarshi jismoniy harakat sodir etmagan. Munofiqun surasi shu jihatdan juda muhimdir. Alloh taolo shunday buyuradi:

”Ey Muhammad! Munofiqlar seni oldinga kelishganida: “guvohlik beramiz, sen haqiqatdan Allohning elchisisan” deyishadi. Alloh guvohlik beradiki, haqiqatda munofiqlar yolgʻonchilardir. Ular oʻzlarining qasamlarini qalqon qilib olib, Allohning yoʻlidan toʻsadilar. Ularning qilmishlari qanchalik ham yomon! Buni sababi shuki, ular iymon keltirdilar, soʻngra kofir boʻldilar. Shu sababli ularning qalblariga muhr bosildi. Endi ular tushunmaydilar. Ularni koʻrganingda, ularni jismlari seni taajjubga solib qoʻyadi. Agar soʻz boshlashsa, soʻzlariga quloq solib qolasan. Ular goʻyo tirab qoʻyilgan chirik yogʻochlar kabidir. Ular har qanday tovushni oʻzlarini zarariga deb oʻylashadi. Asl dushman ulardir, ulardan ehtiyot boʻl. Alloh ularni halok qilsin! Ular qanday qilib yolgʻonga ergashilmoqda?! Ularga: “Kelinglar, Rasululloh sizlar uchun magʻfirat tilasin” deyilganda, ular boshlarini chayqaydilar. Sen ularni – takabburlik qilgan holda yuz oʻgirganini koʻrasan. Ularga magʻfirat tilaysanmi yoki tilamaysanmi ularga baribir. Alloh ularni aslo magʻfirat qilmaydi. Chunki Alloh yoʻldan chiqqan (fosiq) qavmni aslo hidoyat qilmaydi. Ular: “Rasulullohning yonidagi kishilarga hech narsa bermanglar, tarqalib ketishsin” degan kishilardir. Vaholanki osmonlar va yerning xazinasi Allohga tegishlidir. Lekin munofiqlar buni tushunib yetmaydi. Ular: “Agar Madinaga qaytsak, eng aziz kishi eng xor kishini u yerdan chiqarib yuboradi” deyishadi. Holbuki izzat Allohga, Allohning Elchisiga va moʻminlarga xosdir. Munofiqlar buni bilishmaydi.” (Munofiqun 63/1-8)

Zayd b. Arqam bu oyatlar haqida shularni ochiqlagan: “Nabiy alayhissalom bilan birga bir jangga borgan edik. Askarimiz juda qiyin bir ahvolga tushib qolgan edi. Abdulloh b. Ubay doʻstlariga shunday dedi: “Rasulullohni yonidagilarga hech narsa bermanglar-ki tarqalib ketishsin. Hali Madinaga qaytib boraylikda, kuchlilar kuchsizlarni u yerdan chiqarib tashlaydi.” Bu haqda darrov Nabiyimizga xabar berdim Abdulloh b. Ubayni chaqirib surishtirdi. U, bu haqda hech narsa demadim deb qasam ichdi. “Zayd yolgʻon gapirdi” deyishdi. Bu gap esa unga juda ogʻir botdi. Shundan keyin Alloh taolo Munofiqun” surasini yubordi.” (Buxoriy Tafsir, Munofiqun surasi 4.)

Elmalili Muhammad Hamdi Yazir bu mavzuda qisqacha shu maʼlumotlarni bildiradi:

Abdullohni qavmi ichida oʻziga yarasha obroʻ-eʼtibori bor edi, aytgani aytgan edi. Usayd b. Hudayr keldi. “Ey Allohning Elchisi!” dedi. “Unga eʼtibor bermang, u bilan chiroyli muomala qilavering. Allohga qasamki, Alloh sizni elchi qilib yuborgan vaqtlarda, uni qavmi unga toj kiydirish uchun marjon terayotgan edi. U sizni – uni qirolligini qoʻlidan tortib olgan deb biladi.”

Abdulloh b. Ubayning oʻgʻli Abdulloh pokiza bir moʻmin edi. Otasi qilgan ishlardan xabar topishi bilanoq Rasulullohning oldiga keldi va “Ey Allohning Elchisi! Eshitdimki, Abdulloh b. Ubayni qilgan ishi tufayli oʻldirmoqchi ekansiz. Agar shu gap toʻgʻri boʻlsa, bu vazifani menga topshiring, uni boshini men olib kelay. Allohga qasamki, butun Xazrachlilar biladiki, otasiga mendan koʻra hurmat koʻrsatadigani yoʻq. Shundan qoʻrqamanki, agar otamni boshqa birisi oʻldirsa va u qotil xalq orasida bemalol yurishini koʻrib hazm qila olmay, oʻzimni tuta olmay uni oʻldirib qoʻyishim mumkin. Agar bunday boʻlsa, bitta kofirni deb bitta moʻminni oʻldirgan boʻlaman va natijada jahannamlik boʻlib qolaman” dedi. Allohning Elchisi shunday dedi:

“Yoʻq, biz unga yaxshi muomala qilamiz. Modomiki u bizni oramizda ekan, unga chiroyli munosabatda boʻlamiz.” (Muhammad Hamdi Yazir, Haq Dini Qurʼon Tili, 6-jl, Istanbul 1993, 5005-5008- sf.)

Abdullohning Nabiyimizga va Islomga qarshi qilgan harakatlari har naqadar yomon boʻlsada, yuqorida aytib oʻtilgan uchta qizil chiziqni buzmagani uchun, yuqoridagi oyatlarni hukmiga koʻra Nabiy alayhissalom unga chiroyli muomala qilgan. Bu kabi insonlarni eng yomon yuragini siqqan narsa – haqiqatlarni oʻrtaga qoʻyilishidir. Oyatlarda aytib oʻtilganidek, qilgan xato ishlarini oʻrtaga qoʻyib, jamiyatda uni aybdor ekanini maʼlum qilgandan keyin unga nisbatan adolatli va chiroyli munosabatda boʻlinishi – ularni yolgʻizlikka mahkum qiladi va hatto uning yaqinlari ham undan uzoqlashishiga sabab boʻladi. Shuni alohida aytib oʻtmoqchimizki, Nabiyimizni oʻsha dindan qaytgan munofiqqa nisbatan chiroyli muomala qilishi, Abdullohning yonidagi yaqin insonlarini Islomga kirishiga sabab boʻlgan edi.

Dindan qaytgan kishining va Nabiy alayhissalomni haqorat qilgan kishining oʻldirilishi:

Yuqoridagi oyatlarda keltirilgan “…avval iymon keltirdilar, keyin kofir boʻldilar” ifodasi, bu shaxslarni murtad boʻlganini ochiq-oydin koʻrsatib bermoqda. Bu va bu kabi ochiq-oydin oyatlar boʻla turib, butun mazhablar dindan qaytgan murtadlarni oʻldirilishi haqidagi xatoda ittifoq etishgan.

Oyatlarda: “Asl dushman ulardir. Ulardan ehtiyot boʻl… hukmidan boshqa bir hukm yoʻqligiga qaramasdan, aksincha hech qanday sogʻlom bir dalilga asoslanmagan holda, Nabiyni pastga uruvchi soʻzlardan foydalangan, uni soʻkkan va haqorat qilgan kishilarni oʻldirilishi haqidagi xatoda ham mazhablar ittifoq etishgan. (Vahb az-Zuhayli al-Fiqh al-Islam va adillatuh, 3-n, Damashq 1409/1998, 6-jl, hadd ar-ridda.)

Bugungi kunda eng katta muammo – Musulmonlarni Qurʼon chizigʻiga taklif qilishning qiyin boʻlayotganidadir. Dinda majburlash va zoʻrlash yoʻq boʻla turib, qanday qilib dinsiz insonni yoki dinidan qaytgan kishini oʻlim jazosiga hukm qilish mumkin?! Alloh taolo buni aslo qabul qilmaydi.

Rabbimiz Alloh Yordamchimiz boʻlsin. Harakat bizdan, natija Allohdan.

 

    Sulaymoniya Fondi. Din va Fitrat Ilmiy–tadqiqot Markazi.

Bizni Kuzating

%d такие блоггеры, как: