Musulmonlar

Namozlarni uzrsiz yolg’iz o’qisam bo’ladimi?

Savol: Hech qanday uzrsiz besh vaqt namozlarni uyda yolg‘iz o‘qisak bo‘ladimi? Qur’onda yoki Sunnatda bu haqdagi hukmlar qanday?

Javob: Qur’oni Karimda jamoat bilan namoz o‘qish juda ham ahamiyatli ekaniga ishorat qiluvchi bir nechta oyat bor.[1] Payg‘ambar alayhissalom farz namozlarni jamoat bilan o‘qishga katta ahamiyat ko‘rsatgan. Shu sababli sahobalar davrida hech qanday uzrsiz jamoatga kelmaydigan kishilarga sal qolsa munofiq deb qaralgani haqida bir qancha rivoyatlar bor.[2] Bundan tashqari, Payg‘ambar ala yhissalom ikki ko‘zi ko‘r bo‘lgan bir sahobaga ham azonni eshitganida jamoatni tark qilmaslik haqida ogohlantirgan.[3]

Ba’zi olimlar bu mavzu haqidagi dalillarga asoslangan holda besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qishi farzi ayn, ba’zilari esa farzi kifoya deb qabul qilishgan. Lekin aksariyat olimlar bu ish sunnati-muakkada ekaniga qanoatlangan bo‘lib, bizni xulosamizga ko‘ra ham eng to‘g‘risi mana shudir. Chunki Abdulloh b. Umardan rivoyat qilingan hadisga ko‘ra Payg‘ambar alayhissalom shunday degan:

«Jamoat bilan o‘qilgan (farz) namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja fazilatliroqdir.»[4]

Bu hadisdagi “fazilatliroqdir” so‘zi jamoat bilan namoz o‘qish farz emasligiga dalildir. Baribir, iloji boricha jamoatsiz holda yolg‘iz namoz o‘qimaslik kerak. Chunki shuni unutmasligimiz kerakki, jamoat bilan namoz o‘qish – azon, minora va qurbonlik kabi Ummati Muhammadning ramzi va nishonalaridan biri bo‘lib qolgan. Asri saodatdan to shu kunimizgacha musulmon birodarlarimiz besh vaqt namozlarini masjidlarda jamoat bo‘lib boshqa musulmon aka-ukalari bilan birgalikda yelkama-yelka turib ado qilib kelishgan, farzandlariga ham bu go‘zal ibodatni meros qilib qoldirish maqsadida ularni masjidlarga yonlarida birga olib chiqishgan. Mana shu sababli ham bu ibodatlar to bizlargacha yetib kelgan. Vaqti-vaqti bilan diniy hayotda salbiy holatlar, muammolar yuz berishiga qaramay jamoat bilan namoz o‘qishni aslo tark qilishmagan. Sahoba Abu Dardoni: (Alloh undan rozi bo‘lishini so‘raymiz) «Allohga qasamki, Ummati Muhammadni aslo tanimay qoldim, faqatgina ularni jamoat bilan namoz o‘qishi bundan mustasno»[5] degan gapidan ham shu narsa ma’lum bo‘ladiki, salaflarimiz namozlarini jamoat bilan o‘qish masalasiga juda qattiq e’tibor berishgan, bu ishda aslo sustkashlik qilmagan, boshqa masalalarga nisbatan bu masalaga katta ahamiyat bilan qarashgan.

Aslida masjid, minora va u minoralarda yangrayotgan azonlarni o‘zi ham namozlar jamoat bila o‘qilishi kerakligini ko‘rsatadi. Masjidlar ham aslida musulmonlar namozlarini shu yerda jamoat bilan o‘qishi uchun qurilgan, azon aytishdan maqsad insonlarga namoz vaqtini bildirib turish yoki masjidlarda ba’zi bir masalalarga yechim topish uchun kelib turishi emas, balki insonlarni u yerga to‘plab namozni birga o‘qish maqsadidagi chaqiruv va da’vatdir. “Hayya alas-solah/qani namozga (namozga shoshilinglar)”, “Hayya alal-falah/qani najotga (najotga shoshilinglar)” jumlalari insonlarni jamoatga da’vat qilishdan boshqa qanday maqsadda ham chaqirilishi mumkin!

 

MANBA: Yahyo Sheno‘l, Anas Olimo‘g‘li, Insoniyat Tarixi bo‘yicha O‘sha Namoz, Sulaymoniya Vaqfi Nashri, Istanbul, 2016, 175-176 sahifalar.

[1] Qarang: Baqara 2/43; Niso 4/102; Moida 5/58.

[2] Abdulloh b. Mas’ud bu haqda shunday degani rivoyat qilingan: «Allohga qasamki, munofiqligi ma’lum bo‘lgan munofiqdan yoki bemorlardan boshqa hech birimizni jamoat bilan namoz o‘qishdan ortda qolganini ko‘rmaganman! Hatto bemorlar ham ikki insonni orasiga kirib (yelkasiga osilgan holda) bo‘lsa ham jamoatga mutlaqo kelardi…» (Muslim, Masojid 256 (654)

[3] Qarang: Muslim, Masojid 255 (654)

[4] Buxoriy, Azon 30; Muslim, Masojid 249-250 (650); Nasoiy, Imomat 42; Ibn Moja, Masojid 16. Jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma besha daraja fazilatliroq ekani haqidagi hadislar ham bor. bu haqda ma’lumot olish uchun qarang: Buxoriy, Azon 30, Muslim, Masojid 245-247 (649)

[5] Buxoriy, Azon 31.

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: