Musulmonlar

Qur’on va Sunnatda yoshlarni nikohlash bormi?

Islom turmush qurish uchun ma’lum bir shart belgilab qo‘ygan. Undan avval yigit kishini ham uylab bo‘lmaydi, qizlarni ham turmushga uzatib bo‘lmaydi. O‘sha shart balog‘at, ya’ni jismoniy voyaga yetish va rushd, ya’ni aqliy va ma’naviy yetuklikdirBalog‘at – jinsiy yetuklik bo‘lib; yigitlarni bellaridan naslga sabab bo‘ladigan tuxumni ajralib chiqishi, qizlardan esa odat qoni kelish jarayonini bildiradi. Rushd – aqliy yetuklik bo‘lib, moddiy va ma’naviy ishlarini o‘z aql-zakovati bilan boshqara olish degani.

Ba’zi bir manbalarda nikoh uchun minimal yosh ko‘rsatilmagan, shuning uchun, voyaga yetmagan yoshlarni valiylari tarafidan nikohlash mumkin deb fatvo berishgacha borganlar ham bo‘lgan o‘tmishda. Hatto emizikli chaqaloqlarni ham – o‘zaro maslahatlari to‘g‘ri kelib qolsa – nikohlashga ruxsat va fatvo berishgan.[1] Bunday fatvolar na aqlga va na Allohni yaratgan tabiiy fitrat va qonunlariga to‘g‘ri kelmaydi. Qur’onga esa mutlaqo zidd

Bizni Qur’on va Sunnat butunligida olib borgan tadqiqotlarimizga ko‘ra esa, balog‘atga yetmagan yoshlarni nikohlash aslo mumkin emas. Hatto balog‘at yoshini o‘zi kifoya qilmaydi, balki rushd ya’ni aqliy yetuklik ham shartdir. Aqliy yetuklik kishining o‘z shaxsiyatiga qarab belgilanadi. Bizni bu haqdagi dalillarimiz Qur’on, Sunnat va aqlga uyg‘unligidir. Allohning Kitobiga tafakkur va diqqat-e’tibor bilan murojaat qilish – barcha diniy va dunyoviy muammolarni hal qilishdagi eng to‘g‘ri yo‘ldir. Shu yo‘l orqali Allohning hukmlariga ulashish mumkin. Chunki Allohning Kitobida xatolik, qarama-qarshilik, tushunmovchiliklar yo‘q, asl va tabiiy yaratilish qoidalariga ziddiyat keltirib chiqaruvchi hukmlar bo‘lishi ham mumkin ham emas. Uni mahkam ushlagan inson aslo adashmaydi, undan uzoqlashgan kishi esa adashmay qolmaydi. Endi sizlar bilan birgalikda nikoh uchun shart qilingan balog‘at va rushdni tushuntirib beruvchi Niso surasining 6-oyatiga, so‘ngra 2 va 3-oyatlariga murojaat qilamiz.

Alloh taoloning ushbu oyatlardagi

…وَابْتَلُوا الْيَتَامَى حَتَّى إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ فَإِنْ آنَسْتُمْ مِنْهُمْ رُشْدًا فَادْفَعُوا إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ

“Yetimlarni to nikoh yoshiga kirguncha sinab turinglar. So‘ng ular tarafidan aqliy yetuklik (mol-mulkini o‘z-o‘zicha idora qila olish qobiliyat va iqtidorini) bilsangiz, mol-mulklarini ularni o‘zlariga topshiringlar.” (Niso 4/6)

{إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ} و {فَإِنْ آنَسْتُمْ مِنْهُمْ رُشْدًا) so‘zlari – nikoh uchun balog‘at va rushd shart ekanini bildiradi. Alloh taolo ushbu oyatda, yetimlardan javobgar shaxslar yetimlarga tegishli mol-mulklarini to balog‘at yoshiga va aqliy yetuklik chog‘iga kirmagunigacha qo‘llariga topshirib qo‘ymaslikka buyurgan. Bu suradagi 2-oyatni 6-oyatsiz tushunib bo‘lmaydi. Chunki mol-mulkini topshirishdan avval balog‘at va rushdni shart qilib qo‘ydi. 3-oyatdagi yetimlarni nikohi haqida ham faqatgina rushtdan keyin nikohlash mumkinligini ko‘rsatib berdi. Quyidagi oyat va hadislar yuqoridagi hukmni yanada tushuntirib beradi.

  1. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَكَيْفَ تَأْخُذُونَهُ وَقَدْ أَفْضَى بَعْضُكُمْ إِلَى بَعْضٍ وَأَخَذْنَ مِنْكُمْ مِيثَاقًا غَلِيظًا

“Qanday qilib uni olasizlar? Axir bir-birlaringiz bilan yolg‘iz qoldingiz va ular sizlardan mustahkam bir ahd-paymon oldi-ku!” (Niso 4/21)

Bu oyatdagi “مِيثَاقًا غَلِيظًا”- sog‘lom ahd-paymonni balog‘at yoshiga yetmagan go‘dakdan qanday tasavvur qilish mumkin. Go‘daklar, voyaga yetmaganlar nikohlangan eri yoki xotini bilan qanday sog‘lom so‘zlashma qura olishi mumkin? Qur’on nomunosib bo‘lgan shaxslarga nisbatan xitob qilmoqdami?! Yo’q, bu narsa amri mahol.

  1. 2. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا يَحِلُّ لَكُمْ أَنْ تَرِثُوا النِّسَاءَ كَرْهًا

“Ey mo‘minlar! Yoqtirmagan holatingizda ayollarga voris bo‘lib olishlaringiz sizlarga halol bo‘lmaydi.”

Norasidalarni nikohlash bu oyatdagi halol bo‘lmaydi degan hukm ostiga kirmaydimi?

  1. 3. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

“Allohning oyatlaridan yana biri shuki; ko’nglingiz orom/taskin topishi uchun U sizlarga o’z turingizdan juftlar yaratib berib, orangizda sevgi-muhabbat va marhamat paydo qildi. Bunda – fikr yutitib tushinadigan bir jamiyat uchun oyatlar (muhim ko’rsatmalar) borligi aniq.” (Rum 30/21)

Erlik yoki xotinlikni hatto farqiga ham bormagan go‘dak o‘rtasida qanday qilib huzur-halovat o‘rnatish mumkin? Bu oyat, nikohdan ko‘zda tutilgan narsa – oilaviy huzur halovat ekanini, nikohdan maqsad faqatgina hissiy va shahvoniy tuyg‘ularini bahramand qilish emasligini Alloh taolo hikmat yo‘li bilan tushuntirib bermoqda. Aqliy va jinsiy yetuklik chog‘iga yetmagan yoshlarni uylantirish yoki turmushga chiqarish, Alloh yaratgan tabiat qonunlarida ko‘rsatilgan oyatlariga ham vahiy orqali yuborilgan oyatlariga ham zid kelmoqda. Bunday holatlar, faqatgina insonning haq-huquqi poymol etilishi va norasida qizlardan bir buyum sifatida foydalanish tushunchasini keltirib chiqaradi, bu esa jaholat davrida avj olgan udum bo‘lgan.

  1. 4. Muhammad alayhissalom shunday dedi: (لاَ تُنْكَحُ البِكْرُ حَتَّى تُسْتَأْذَنَ[2]
    “Bokira qiz izn olinmay turib nikohlanmaydi.”
    Yosh qizaloqlarda izn berish yoki bermaslikda layoqati ham yo‘q. Chunki voyaga yetmaganlarni iznlari e’tiborga olinmaydi. Ularning iznlari aqliy yetuklik chog‘igacha qabul qilinmaydi. Agar yoshligi sababli izn olish muammo bo‘lsa, ularning valiylaridan izn olsa ham bo‘laveradi demoqchi bo‘lganlarga javobimiz shunday: Voyaga yetmaganlardan javobgar shaxslar, faqatgina ularning yeb-ichishi, himoyasi, tarbiyasi, moddiy har qanday ta’minotidan mas’ul bo‘ladilar. Aslo yoshlarning shaxsiyatiga egalik qilish huquqi berilmagan, ayniqsa hali beri oilani o harfidan ham xabarsiz bo‘lgan yoshlarni o‘zlari xohlaganday nikohlashga aslo ruxsat berilmagan. Chunki har bir erkak va ayol nikohga qaror berish huquqi o‘ziga topshirilganligi va bu huquqdan faqatgina balog‘at va rushd yoshiga yetgandagina foydalana olishi Niso surasida tushuntirib o‘tildi.
  2. 5. Muhammad alayhissalom shunday dedi:

[3]( أيما امرأت نَكَحَت بغير إذن وليها فنكاحها باطل..)

“Qaysi bir ayol o‘z valiysini ruxsatisiz nikohlansa, uning nikohi buzuqdir.”

Ushbu hadis shunga dalolat qiladiki; Nabiy alayhissalom nikohlanish ishini ayol kishini o‘ziga nisbat berdi va nikohda valiysini izni ham bo‘lishi kerakligini bildirdi. Nikoh – ikki taraflama tuzilgan ahd-paymon va u ahd-paymonda izn shartdir. Yosh bolalarning izn va ruxsatlari hech qanday ahdnoma va kelishuvlarda qabul qilinmaydi. Demak, uning izni va roziligi qabul bo‘lishi uchun u avvalo balog‘atga va rushd chog‘iga erishishi kerak.

Voyaga yetmagan, rushd holati ko’rilmagan yoshlarni nikohlab qo’yishni xato ekanini boshqa taraflama ham ochiqlab o’taiz:

a. Asl yaratilishdagi tabiiy xilqat va insoniy fitrat yosh qizaloqlarni turmushga chiqarilishini aslo qabul qilmaydi. Bu – Alloh taolo tarafidan insonni asl yaratilishdagi qo‘ygan qonunlariga ham zid. Chunki Alloh taolo, har qanday juftlik o‘rtasida qachonki tenglik va o‘xshashlik bo‘lgandagina o‘zaro sevgi-muhabbat va mehr uyg‘otish qoidasini o‘rtaga qo‘ygan. Mo‘ysafid bir qariyaga yosh qizaloqni turmushga berish yoki qariya bir nuroniy onaxonni yosh bir navqiron yigit bilan birga nikohlab qo‘yishni – na mantiq va na ma’no qabul qilmaydi

b. Oila qurish – bu har ikkala tarafdan ham talab qilingan juda katta mas’uliyatli ishdir. Insonning hayoti u uchun qanchalik qadrli va muhim bo‘lsa, uning oilasi ham shunchalik qadrli va muhim o‘rinni egallashi kerak. Insoniyatni davomiyligi uchun eng birinchi o‘ringa oila sog‘lom bo‘lishi kerak. Bu o‘rinda har ikkala tarafdan ham talab qilinadigan javobgarliklar bor. Axir o‘zini o‘zi eplay olmaydigan darajadagi yoshlarni uylantirib qo‘yiladigan bo‘lsa, oilani saqlab qolish u yog‘da tursin, hatto o‘zlarini ham eplay olmaydilar. Shu bois oila ichidagi davomli muammo va tushunmovchiliklar o‘rtaga chiqish oqibatida, ikki yoshni oiladan, hayotdan va kelajakdan hafsalasi sovib va umidlari o‘chib boradi.

Voyaga yetmaganlarni nikohlashga fatvo beruvchilarning dalillari quyidagicha:

Oyat ma’nosini buzib, so‘ng o‘sha oyatni dalil qilib olishgani:

وَاللَّائِي يَئِسْنَ مِنَ الْمَحِيضِ مِنْ نِسَائِكُمْ إِنِ ارْتَبْتُمْ فَعِدَّتُهُنَّ ثَلَاثَةُ أَشْهُرٍ وَاللَّائِي لَمْ يَحِضْنَ

(الطلاق 4) Natijada shunday deyishgacha borishgan: {وَاللَّائِي لَمْ يَحِضْنَ} “Shu jumlani daliliga ko‘ra, na jismoniy va jinsiy yetuklik yoshiga kirmagan har qanday go‘dak va norasidalarni nikohlash mumkin.”

Ular oyatdagi (لم) harfiga (لما) harfi uchun foydalaniladigan ma’noni qo‘llashgan, natijada oyat ma’nosi o‘zgartirilgan. Hech shubhasizki, bu narsa Allohning Kitobini ma’nolarini buzib tahrif qilishdir. Asl ma’nosi esa, hali beri odat qoni kelmagan ayollar emas, balki poklik muddati uzayib qolgan va bir necha oylab odat ko‘rmay qolgan ayol yoki umuman odat ko‘rmaydigan ayollar degan ma’noni anglatadi. Bu oyatda voyaga yetmagan qizlar degan gap umuman aytilmagan.

Nabiy alayhissalom Oyisha onamizga 9 yoshlarida nikohlangani haqidagi rivoyatni dalil qilib olganlarga bergan javoblarimiz:

a.  Nikoh ahdi tuzilishi uchun, ham jismoniy-jinsiy va aqliy yetuklikni shart qilib ko‘rsatgan yuqoridagi oyatlarga bu rivoyat zid ekani va bu haqdagi boshqa sog‘lom hadislarga ham qarama-qarshi ma’noda ekani o‘rtaga chiqmoqda. Shuning uchun bu rivoyatdan bu masala bo‘yicha dalil sifatida foydalanib bo‘lmaydi.

b. Ba’zi rivoyatlarda Niso surasining nikoh haqidagi oyatlari Madina shahrida nozil bo‘lgan, Nabiy alayhissalom esa Oyisha onamizga Makkada uylangan va hali beri yuqoridagi oyatlar nozil bo‘lmagan edi deb keltiriladi. Bu narsa ham haqiqatdan yiroqdir. Chunki sof va sog‘lom tabiatli bir erkak kishining xilqati voyaga yetmagan kichik yoshli bir qizaloqqa uylanishni aslo qabul qilmaydi. Agar Rasululloh haqidagi bu gaplarni haq deb qabul qiladigan bo‘lsak, u kishining xilqati va tabiati elchilikdan avval buzuq bo‘lganini iddao qilayotgan bo‘lib qolamiz. Bunday bo‘lmagani aniq. Chunki Alloh taolo u kishining xulq-atvori haqida juda ko‘plab oyatlarda maqtab va go‘zal deb ta’riflab o‘tgan.

c. Oyisha onamizni 9 yoshlarida nikohlangani haqidagi rivoyat boshqa ko‘plab 18 yoshlarida nikohlangan degan rivoyatlarga qarama0qarshi chiqib qolmoqda. Shu sababli, biz oyatlarga muvofiq kelgan hadisni olishimiz kerak. Yuqoridagi oyatlarda nikohning sharti deb ko‘rsatilgan balog‘at va rushd shartlari 18 yoshda nikohlangan degan rivoyatda o‘z ifodasini topmoqda.

وقف السليمانية/ مركز بحوث الدين والفطرة 

Pr. Dr. Abdulaziz Bayindir. Sulaymoniya Vaqfi, Din va Fitrat Ilmiy-tadqiqot Markazi. 

[1] Al-bidoya Sharh al-Hidoya.

[2] Buxoriy Nikoh bo‘limi 6968.

[3] Abu Dovud Nikoh, Valiy bo‘limi, 2083. Termiziy Nikoh bo‘limi, Valiy bo‘limi 1102. Ibn Moja Nikoh bo‘limi valiy haqida 1879. Imom Ahmad 6/47, 165-166.

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: