Musulmonlar

Isro va Meroj

ISRO VA MEROJ

Dunyodagi barcha insonlar adolatli, tinch va osuda, chiroyli, to’g’ri va teng huquqli bir shaklda yashashlari va o’zlari uchun porloq kelajak yarata olishlari va chiroyli madaniyat barpo qila olishlari uchun kerak bo’ladigan ko’rsatmalar, ham diniy hamda dunyoyiy ilmlarning asl o’zagi bo’lgan va bu haqda to’liq ma’lumotlar mujassam bo’lgan Qur’oni Karimni – mana shu borliqlarning yagona boshqaruvchisi va yaratuvchisi bo’lmish – Alloh taolo nozil qildi. Diniy ilmga ega bo’lmoqchi bo’lganlar ham, dunyoviy ilmga ega bo’lmoqchi bo’lganlar ham mana shu Qur’onga murojaat qilsalar, aslo adashmaydi va ko’zlagan maqsadlariga erishadi. Qur’oni Karimning 17-surasi “Isro” deb nomlanadi. Isro – kechasi aylanish, yuqori joylarni kezish, yuksalish, kechasi yo’lga chiqish degan ma’nolarni o’z ichiga oladi. Bu oyatdagi isro voqeasiga aloqador jumla va ifodalarni to’g’ri va to’liq tushunish uchun, Alloh taolo O’zi o’rgatgandek hikmat uslubi bo’yicha tushunishga harakat qilamiz. Qur’onni to’g’ri tushunishni yagona uslubi mana hsu hikmat uslubidir.  Oyatlarni bir-biriga bog’lab turadigan aloqador boshqa oyatlar bilan birgalikda o’qimasdan, o’z hayoloti va shaxsiy qarashlariga asoslanib tafsirlab olish, o’zini Allohni o’rniga qo’yishni iddao qilgandek bo’ladi. Chunki, Alloh taolo muhkam ya’ni, hukm ifodalovchi va hukmga bog’liq bo’lgan oyatlarini ochiqlashni O’z zimmasiga olgan. Bu ishda boshqa hech kimni vakolati va haqi yo’q. Muhkam oyatlardan iroda qilingan narsa nima ekanini Allohni O’zi ochiqlab beradi. Aloqador oyat quyidagicha:

الر ۚ كِتَابٌ أُحْكِمَتْ آيَاتُهُ ثُمَّ فُصِّلَتْ مِن لَّدُنْ حَكِيمٍ خَبِيرٍ ﴿١﴾ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا اللَّـهَ ۚ إِنَّنِي لَكُم مِّنْهُ نَذِيرٌ وَبَشِيرٌ ﴿٢

“ALIF, LAM, RO! Bu – hikmat bilan to’g’ri qaror beruvchi, har narsadan xabardor bo’lib turuvchi Alloh tarafidan – oyatlari hukm ifodalovchi qilib tuzilib so’ngra, tafsiloti bilan bayon qilingan bir kitobdir. Buning sababi, Allohdan boshqasiga qullik qilib qo’ymasligingiz uchundir. Ayting ey Muhammad: “Men sizlarni Undan ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchi ekanim aniq.” (Hud 11/1-2)

(O’zbek tilida to’g’ri tushunilishi uchun, oyatlarni izohli tarjima qildik)

Yuqoridagi ikki oyatdan shu narsa ma’lum bo’ladiki, Qur’oni Karimning oyatlari ikki qismga bo’linadi; biri muhkam oyatlar, ikkinchisi ularga o’xshash bo’lgan tafsilotli oyatlar. Tafsilotli oyatlarni “mutashobih” deb ham ataladi. Muhkam oyatlarni yana bir nomi “ummul kitab”dir. Muhkam oyatlarni nozil qilgan ham Alloh, o’sha oyatlarni tafsiloti bilan tushuntirib ochiqlab bergan ham Allohdir. Oyatlarni oyatlar bilan ochiqlamasdan o’zboshimchalik qilib hukm chiqarib olish, Allohni ishini o’z zimmasiga olish degan narsaga olib boradi. Chunki, oyatlarni Allohni O’zi ochiqlab beraman deb marhamat qildi. Rasulullohni vazifasi esa, oyatlarni boricha yetkazib berish natijasida ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchi ekani ma’lum bo’ldi. Demak, muhkam oyatlardan iroda qilingan narsa nima ekanini Alloh taoloni O’zi boshqa mufassal oyatlar bilan ochiqlab bergan. Allohdan boshqa hech kimni oyatlarni o’z fikri va orzu-istagiga ko’ra tafsir qilishga haqi yo’q.

Isro surasining ilk oyatida bayon qilingan isro voqeasiga kelsak, Alloh taolo O’z Rasulini kechasi yuksaklarda kezdirishini sababini va bundan iroda qilingan narsa nima ekanini bilish uchun, isroga voqeasini bildiruvchi oyatlarda keltirilgan kalima va jumlalarga bog’liq va aloqador bo’lgan oyatlarni birgalikda o’qiymiz. Avvalo Isro surasini ilk oyatlarini to’g’ri va to’liq tushunib olishga harakat qilamiz.

سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَىٰ بِعَبْدِهِ لَيْلًا مِّنَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ إِلَى الْمَسْجِدِ الْأَقْصَى الَّذِي بَارَكْنَا حَوْلَهُ لِنُرِيَهُ مِنْ آيَاتِنَا ۚ إِنَّهُ هُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ 

“Qulini bir kechada Masjidi Haromdan olib, atrofini barakatli qilgan[1] Masjidi Aqsoga olib borgan Alloh kamchiliklardan pokdir. Unga bir qism oyatlarimizni ko’rsatish uchun shunday qildik. Shubhasizki, Alloh eshitib turuvchi, ko’rib turuvchi zotdir.”  (Isro 17/1)

Oyatda keltirilgan Masjidi Harom Makkadagi Ka’ba ekanida shubha yo’q, bu haqda ixtilof ham yo’q. Masjidi Aqso esa, eng uzoqdagi masjid degani. Buni kimlardir Quddusdagi masjid deb izohlaydi. Bu lug’at jihatidan ham tarixiy yondashuv jihatidan ham va hukmiy tomonlama ham xatoligi aniq. Chunki, Quddusdagi masjidga Masjidi Aqso deb nom berilishi ilk marotaba Marvon b. Abdulmalik davridan boshlangan. Undan avval uni hech kim Masjidi Aqso deb nomlamagan. Bu tarixiy haqiqat. Ma’no jihatidan esa, Ka’baga eng uzoq masjid Quddusdagi masjid bo’lmagan, chunki, yer yuzining ko’plab joylarida Allohga sajda qilinadigan ibodatxonalar bo’lgan o’sha vaqtda. Ularga nisbatan Quddusdagi masjid juda yaqin bo’lgan. Hukmiy jihatdan esa, Allohning oyatlaridan unga ko’rsatilish uchun kezdirilgani aytilmoqda oyatda. Quddusda faqatgina Muhammad alayhissalomgina ko’rishga ruxsat berilgan, boshqalar esa uni ko’rishi taqiqlangan va chegaralangan narsa yo’qligi aniq. Quddusga borgan har kim nimani istasa ko’rishi, qayerga xohlasa qarashi mumkin. Isro voqeasini tushuntirib beruvchi Najm surasida “uning ko’zlari taqiqlangan narsalarga qaramagani va unga ko’rishga va qarashga ruxsat berilgan narsalardan boshqa taraflarga va boshqa narsalarga qaramagani bildirilgan. Quddusda bunday taqiqlar yo’q albatta. Demak, oyatda aytilgan Masjidi Aqso qayerda ekanini, Rasulullohga nimalar ko’rsatilganini bilish uchun Qur’oni Karimning 53-surasining 13-oyatidan boshlab o’qiymiz:

وَلَقَدْ رَآهُ نَزْلَةً أُخْرَىٰ ﴿١٣﴾ عِندَ سِدْرَةِ الْمُنتَهَىٰ ﴿١٤﴾ عِندَهَا جَنَّةُ الْمَأْوَىٰ ﴿١٥﴾ إِذْ يَغْشَى السِّدْرَةَ مَا يَغْشَىٰ ﴿١٦﴾ مَا زَاغَ الْبَصَرُ وَمَا طَغَىٰ ﴿١٧﴾ لَقَدْ رَأَىٰ مِنْ آيَاتِ رَبِّهِ الْكُبْرَىٰ ﴿١٨﴾

“Muhammad (vahiyni o’rgatgan malakni) o’zgacha bir tushishda ham ko’rdi. O’shanda u Sidratul Muntahoni yonida edi. Jannatul Ma’vo esa, Sidratul Muntahoni yonida edi. O’sha damda, Sidratul Muntahoni nimalar qoplagan edi, nimalar! Ko’zi hech qayerga burilgani ham yoq, haddan oshgani ham yo’q. Haqiqatda, u Rabbining buyuk oyatlaridan bir qismini ko’rdi.” (Najm 53/13-18)

Suraning ilk oyatlarida Muhammad alayhissalom Jibriyl malakdan vahiy olish jarayoni bayon qilib o’tiladi. Shunda Rasululloh Jibriylni ilk bor ko’rgan edi. Meroj kechasi esa, uni yana bir bor boshqacha tusda ko’rgani bildirilmoqda. Demak, Jibriyl malak ham Allohning buyuk oyatlaridan/Allohning qudrat nishonalaridan biri. Undan boshqa ham bir qancha oyat/alomatlar ko’rsatilgan.

Isro surasida Muhammad alayhissalomni kechasida yuksaklarda kezdirilishini sababi, shaxsan uning o’ziga oyat-nishonalardan ko’rsatilishi uchun tashkil qilinganini bildirilgan edi. Najm surasida ham unga Jibriyl yana bir bor boshqa holatda ko’rsatilgani va undan tashqari yana boshqa oyat/nishonalar ko’rsatilgani bayon qilinmoqda.

Bu isro/meroj voqeasi mo’jiza deb qabul qilinmaydi. Chunki, mo’jiza – Alloh tarafidan vahiy olishga loyiq deb tanlab olinib, unga Allohning oyatlari vahiy orqali nozil bo’lganini isbotlash uchun insonlarga ko’rsatiladigan – oddiy insonlarni qo’lidan kelmaydigan – ishdir. Isro voqeasiga esa, Rasulullohni o’zigina shohid bo’lgan. Bunga ummatlaridan hech biri guvoh bo’lmagani va boshqa insonlarga Rasulullohga ko’rsatilgan narsalar ko’rsatilmagani uchun, bu narsa mo’jiza deb qabul qilinmaydi.

Isro/meroj voqeasini inkor qilish, oyatlarni inkor qilishdir. Isroda Rasululloh nimalarni ko’rgani bizga oyatlarda bayon qilinmagani, faqatgina uni o’ziga ko’rsatilgani uchun, meroj haqida o’ta chuqurlashib, manbasiz va ishonchsiz ma’lumotlarga ishonib turli hikoyalar, afsonaviy ertaklar to’qib chiqarish aslo mumkin emas. Agar merojda Rasulullohga nimalar ko’rsatilgani haqida qolgan ummatlariga ham bildirilishi kerak bo’lganida, Isro surasining ilk oyatida “لِنُرِيَهُ مِنْ آيَاتِنَا ۚ = uning o’ziga oyatlarimizni ko’rsatish uchun” deb keltirilmagan bo’lar edi. Muhammad isro/meroj voqeasida ko’rgan narsalarini ummatlariga aytib berishi uchun degan jumla ham Qur’onda keltirilmagan. Vahiy o’rgatgan malakdan boshqa hech qanday isro voqeasida ko’rsatilgan oyatlar/nishonalar haqida ma’lumot berilmagan. Shuning uchun, musulmonlar Isro surasida keltirilgan voqeaga aloqador narsalar haqida chuqurlashib savol-javob qilishlari, turli tortishuvlarga kirishlari keraksiz bir bahs hisoblanadi. Chunki, isroda ko’rsatilgan oyatlar faqatgina Rasulullohga xos ekani oyatlarda ochiq bayon qilingan.

 

[1] Arab tilidagi iltifot san’ati O’zbek adabiyotida kamdan-kam foydalanilgani uchun, iltifotdan foydalanmasdan, to’g’ridan-to’g’ri tarjima qilindi. Tarjimadagi asosiy qoida, qaysi tilga tarjima qilinsa, o’sha tilning qoidalariga rioya qilishdir. Oyatlardagi jumlalarni shu qoidaga ko’ra tarjima qildik.

 

 

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: