Musulmonlar

Islomda Halol va Harom

HALOL-HAROMNI KIM BELGILAYDI?

Avvallari bir Xristian bo‘lib, keyinchalik Islomni qabul qilgan Adiy b. Hatim bir kuni Rasululloh: “(Yahudiy va Xristianlar) Bilimdonlar va dindorlarni Alloh bilan o‘zlari o‘rtasidagi Rablar qilib tayinlab olishgan…” (Tavba 9/31) mazmunidagi oyatni o‘qiganini eshitdi va: “Ey Allohni elchisi! Xristianlar ularga ibodat qilmagan-ku!” deb yuqoridagi oyatni tushunmagandek bir savol tariqasida unga xitob qildi. Rasululloh bunga javoban shunday dedi:

“(Ha) Aslida Xristianlar ularga ibodat qilishmagan. Ammo, o‘sha bilimdonlar va dindor kishilar (Alloh harom qilgan bir narsani) o‘zlari uchun halol qilib olganda, qolganlari ham darhol uni halol deyishni boshlashdi, (Alloh halol qilgan biror narsani) o‘zlariga harom qilib olishsa, ular ham darhol uni harom deb tan olishni boshlashdi.[1]

Ko‘plab va’z va xutbalarda tushuntirib kelinayotgan bu rivoyatda ikkita farqli guruhlar ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi:

  1. Alloh halol qilgan narsani harom, harom qilgan narsani esa halol deb bilgan dindorlar;
    2. Ularni surishtirmasdan so‘zsiz itoat qilib ketavergan kishilar.

Ham oyatlardan va hamda rivoyatlardan ma’lum bo‘lishicha, halolni harom va haromni halol deyish Allohga shirk qo‘shish bo‘lganidek, bunday qilganlarga so‘zsiz itoat qilish ham Allohdan boshqasiga qullik qilish va ularni Rab qilib olish hukmini ifoda qilmoqda va natijada bu ham shirkni bir turiga kirib qolmoqda. Bunday bir jiddiy xavf-xatarni oldini olish uchun, halol va harom mavzusini juda yaxshi va to‘liq anglab yetishimiz, bu xususda Alloh taolo nima degan va qanday buyurgan bo‘lsa ana o‘shanga ko‘ra harakat qilishimiz kerak. Bu maqolada avvalo halol va harom nima ekan haqida qisqacha aytib o‘tiladi, keyin bu narsalarni qanday ajratib olish haqida tushuntiriladi. Nimani halol va nimani harom ekanini belgilash vakolati kimga tegishli ekani haqida maqolani so‘ngi satrlarida ochiqlashga harakat qilamiz.

 

1- Halol nima?

Arab tili so‘zligida ‘tugunni yechish’, ‘bir narsani erkin va halol bo‘lishi’ degan ma’nolarda qo‘llaniladigan ‘hall’ (الحل) o‘zagidan turlangan halol – ‘diniy tomondan amalga oshirishga ruxsat etilgan bir ish’ ma’nosida kelmoqda.

Fighiy yondashuv jihatidan esa, halol – Alloh tarafidan bajarilishiga ruxsat berilgan va uni amalga oshirishdagi har qanday taqiq va to‘siq olib tashlangan muboh, ya’ni, shariat tomondan u ishni qilishda erkinlik berilgan narsadir. Halol aslida joiz va muboh bilan bir xil ma’noda kelishi bilan bir qatorda, aksariyat hollarda haromning qarshi ma’nosi bo‘lib, ya’ni, bir narsani taqiqlanmagan va uni amalga oshiruvchi shaxs hech qanday javobgarlikka tortilmasligini bildiruvchi bir atama sifatida ham foydalaniladi.

 

2- Halol qanday bilinadi?

Fiqhiy qoidalarga ko‘ra, biror narsani halol ekani shu yo‘l orqali bilinishi ta’kidlangan:

a. Alloh taolo tarafidan o‘sha narsani halol ekani ochiq-oydin bildirilishi orqali. Quyidagi oyatda ko‘rsatilganidek:

    أُحِلَّ لَكُمْ صَيْدُ الْبَحْرِ وَطَعَامُهُ

“Dengiz ovi va yemishi sizlarga halol qilindi.” (Moida 5/96)

b. Biron bir shart asosida harom bo‘lgan narsalarni gunohdan chiqarilishi orqali. Masaln, harom deb bildirlgan oyatlarni oxirida quyidagicha shart keltirilishi:

فَمَنِ اضْطُرَّ غَيْرَ بَاغٍ وَلَا عَادٍ فَلَا إِثْمَ عَلَيْهِ

“Kim majbur bo‘lib qolib, tajovuz qilmasdan va haddan oshmasdan bulardan yesa, unga biror gunoh yoq.” (Baqara 2/172)

c. Buyruq shaklida keltirilgan hukmni farz emas, balki muboh ekanini bildiruvchi bir ishorat bo‘lishi orqali. Quyidagi oyatda kelganidek:

 كُلُوا وَاشْرَبُوا مِنْ رِزْقِ اللَّهِ

“Alloh bergan rizqdan yenglar, ichinglar.” (Baqara 2/60)

d. Harom va taqiqni olib tashlanganlikni bildiruvchi ifodalar orqali. Shu oyatdagi kabi:

قُلْ مَنْ حَرَّمَ زِينَةَ اللَّهِ الَّتِي أَخْرَجَ لِعِبَادِهِ وَالطَّيِّبَاتِ مِنَ الرِّزْقِ

“Aytki: “Qullari uchun chiqargan Allohni zeb-ziynatini/yarashib turadigan liboslarini, halol-pok rizqlarini kim harom qildi!” (A’rof 7/32)

e. Ochiqcha yoki kinoyatan harom qilish ifodasidan istisno qilinishi orqali. Quyidagi oyatda keltirilgani kabi:

 وَمَا لَكُمْ أَلَّا تَأْكُلُوا مِمَّا ذُكِرَ اسْمُ اللَّهِ عَلَيْهِ وَقَدْ فَصَّلَ لَكُمْ مَا حَرَّمَ عَلَيْكُمْ إِلَّا مَا اضْطُرِرْتُمْ إِلَيْهِ

“Nimaga asoslanib unga Allohni nomi aytilgandan yemayapsizlar? Holbuki, yeyish harom bo‘lgan narsalarni Alloh sizlarga ochiq-oydin bildirib bergan-ku; faqatgina, unga majbur bo‘lib qolsangiz bu boshqa.” (An’om 7/119)

f. Harom ekani haqida biron bir dalil (Kitob va Sunnat matni) bo‘lmagan narsa istis’hob[2] yo‘li orqali mubohdir. Chunki, barcha narsalardagi asl mohiyat ibohat, ya’ni mubohlikdir.

 

3- Harom nima?

Biron bir narsani taqiqlanganligi ma’nosini bildiruvchi h-r-m (حرم) o‘zagidan turagan va halolga nisbatan zid ma’noni anglatuvchi harom, so‘zliklarda ‘man’ qilingan, taqiqlangan, halol bo‘lmagan narsa’ ma’nolarini ifodalaydi.

Bir fiqhiy atama o‘laroq harom – Alloh taolo tarafidan bevosita va bilvosita, qat’iy va aloqador bir shaklda amalga oshirilmasligi talab qilingan ish, amalga oshirish gunoh bo‘lgan ish, uni tark qilish savob olib kelgan va uni ziddini ifodalovchi biron bir dalili bo‘lmagan taqdirda qat’iy tartibda taqiqlangan har narsadir.

Harom li-aynihi va li-g‘ayrihi shaklida ikkiga ayriladi;

a. Li-aynihi harom:

Amalga oshirilishi e’tiborga olingan holda yomonlik va zarar keltirib chiqarish nuqtai nazaridan harom ekaniga hukm qilingan ishdir. Zino va to‘ng‘iz go‘shtini yeyish kabi ishlarni, hozirda aytib o‘tilgan haromlarga bir misol tariqasida keltirish mumkin.

b. Li-g‘ayrihi harom:

Aslida taqiq qilinmagan, lekin, harom bo‘lishini keltirib chiqargan vaqtinchalik biron bir holat bilan aloqadorligi bo‘lgan ishdir. Juma namozi o‘qiladigan vaqtda oldi-berdi qilish va birovni mol-mulkidan egasini ruxsatisiz yeyish kabi ishlar, o‘shanday haromlarga misol qilinib keltirilishi mumkin. Bular aslida halol narsalar, lekin vasf e’tibori bilan harom qilingan ishlar sirasiga kiradi. Qachonki vaqtinchalik yuklatilgan vasf olib tashlanganida, yana asli holiga qaytib haromlikdan chiqadi. Masalan, juma namozini vaqti o‘tganidan keyin oldi-berdi qilish va savdo-sotiq qilish yoki birovni mol-mulkini egasini ruxsatini olganidan keyin olib yeyish halol bo‘ladi.

4- Harom qanday bilinadi?

Bir narsani harom ekani quyidagi holatlardan biri orqali o‘rganiladi:

a. Aynan harom so‘zi yoki undan turagan so‘zlar bilan bildirilgan bo‘lsa. Misol:

حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ وَالدَّمُ وَلَحْمُ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللَّهِ بِهِ وَالْمُنْخَنِقَةُ وَالْمَوْقُوذَةُ وَالْمُتَرَدِّيَةُ وَالنَّطِيحَةُ وَمَا أَكَلَ السَّبُعُ

“O‘zi o‘lib qolgan hayvon, qon, to‘ng‘iz go‘shti, Allohdan boshqasini ismi aytilib so‘yilgan hayvon, bo‘gilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, usib o‘ldirilgan va vahshiy hayvon yeb qo‘yganlar sizlarga harom qilindi…” (Moida 5/3)

b. Biron narsani halol emasligini ochiq bir shaklda bildirilishi orqali:

وَلَا يَحِلُّ لَكُمْ أَنْ تَأْخُذُوا مِمَّا آَتَيْتُمُوهُنَّ شَيْئًا

“Ajrashganda ayollaringizga bergan narsangizdan biron narsani qaytarib olishingiz halol bo‘lmaydi.” (Baqara 2/229)

c. Harom qilish ma’nosini bartaraf etuvchi birorta dalil bo‘lmagan holdagi taqiq shakli orqali:

وَلَا تَأْكُلُوا مِمَّا لَمْ يُذْكَرِ اسْمُ اللَّهِ عَلَيْهِ وَإِنَّهُ لَفِسْقٌ

“Fosiqlik qilinib unga Allohni nomi aytilmagani aniq bo‘lgandan yemanglar!” (An’om 6/121)

d. Har qanday bir ishdan saqlanishlik kesin bir vazifa ekanini ifodalovchi “saqlanish/ijtinob” lafzi orqali:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

“Ey mo’minlar! Xomr (sarhush qiluvchi narsalar), qimor, o‘rnatilgan toshlar va fol o‘qlari  shayton ishidan bo‘lgan iflosliklardir. Ulardan saqlaninglar-ki, orzu-umidingizga erishasiz.” (Moida 5/90)

 

5- Halol va haromni belgilash va tayinlash vakolati

Ko‘plab oyatlarda, biror narsani halol deb yoki harom deb belgilash va tayinlash vakolati faqatgina Allohga oid bo‘lib, insonlarda bunday vakolat yo‘qligi, asosiy mazmun-mohiyat anglatuvchi holatlar qilib keltirilgan. Alloh taolo shunday buyuradi:

    قُلْ أَرَأَيْتُمْ مَا أَنْزَلَ اللَّهُ لَكُمْ مِنْ رِزْقٍ فَجَعَلْتُمْ مِنْهُ حَرَامًا وَحَلَالًا قُلْ آَللَّهُ أَذِنَ لَكُمْ أَمْ عَلَى اللَّهِ تَفْتَرُونَ

وَمَا ظَنُّ الَّذِينَ يَفْتَرُونَ عَلَى اللَّهِ الْكَذِبَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ إِنَّ اللَّهَ لَذُو فَضْلٍ عَلَى النَّاسِ وَلَكِنَّ أَكْثَرَهُمْ لَا يَشْكُرُونَ

“Aytgin: “Allohni sizga yuborgan har bir rizqini ko‘z oldingizga keltirib tushundingizmi? Uni harom-halolga siz ajratib olibsiz. Aytgin: “Bu haqda sizga Alloh ruxsat berdimi, yoki Allohga bo‘hton qilmoqchimisiz?” Bir yolg‘onni Allohga to‘nkaganlar qiyomat kunini nima deb o‘ylashmoqda? Alloh insonlarga nisbatan fazlu saxovatli ekani aniq. Ammo ularning ko‘pchiligi shukr qilishmaydi.” (Yunus 10/59-60)

وَلَا تَقُولُوا لِمَا تَصِفُ أَلْسِنَتُكُمُ الْكَذِبَ هَـٰذَا حَلَالٌ وَهَـٰذَا حَرَامٌ لِّتَفْتَرُوا عَلَى اللَّـهِ الْكَذِبَ ۚ إِنَّ الَّذِينَ يَفْتَرُونَ عَلَى اللَّـهِ الْكَذِبَ لَا يُفْلِحُونَ ﴿١١٦﴾ مَتَاعٌ قَلِيلٌ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ ﴿١١٧﴾

Tillaringiz bezagan yolg‘on bilan “bu halol, bu harom” demanglar. Aks holda, Allohga yolg‘on to‘nkagan bo‘lasiz. Allohga yolg‘on to‘nkaganlar aniq farovonlikka erishmaydi. Bu o‘tginchi bir imkoniyat. Ammo ularga jonini og‘rituvchi azob bor. (Nahl 16/116-117)

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تُحَرِّمُوا طَيِّبَاتِ مَا أَحَلَّ اللَّهُ لَكُمْ وَلَا تَعْتَدُوا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ

“Ey mo’minlar! Alloh sizlarga halol qilgan narsalar orasidan ta’b tortadiganlarni o‘zingiz uchun harom qilib olmanglar. Haddan ham oshmanglar, Alloh haddan oshuvchilarni sevmaydi.” (Moida 5/87)

قُلْ مَنْ حَرَّمَ زِينَةَ اللَّهِ الَّتِي أَخْرَجَ لِعِبَادِهِ وَالطَّيِّبَاتِ مِنَ الرِّزْقِ قُلْ هِيَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا خَالِصَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَذَلِكَ نُفَصِّلُ الْآَيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ

Aytgin: “Alloh O‘z qullariga chiqarib bergan zeb-ziynatni, toza va lazzatli rizqlarni kim harom qildi? Bular dunyoda asosan mo’minlar uchundir, qiyomat kuni esa, faqat ular uchun bo‘ladi.” Bilimli bir jamiyat uchun oyatlarimizni mana shunday qilib ochiqlab beramiz. (A’rof 7/32)

Oyatlardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, insonlar o‘zlaricha biror narsani bu halol deb yoki bu harom deb hukm chiqarib olishlari, Allohga nisbatan otilgan bo‘hton deb hisoblanadi va oxiratda bu bo‘hton gunohiga beriladigan jon og‘rituvchi azob bilan jazolanadi.

Faqatgina bitta oyatda halol va harom qilish fe’li Rasulullohga nisbatan ham qo‘llanilgan. Aloqador oyat quyidagicha:

“Ular, yonidagi Tavrotda va Injilda yozilib qo‘yilgan Rasulga, o‘sha ummiy nabiyga ergashgan kishilardir. U ularni yaxshilikki buyuradi, ularni yomonlikdan qaytaradi. Ularga top-toza/pokiza narsalarni halol qiladi, iflos/chirkin narsalarni harom qiladi. (وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ) Ustlaridagi og‘ir yuklarni va zanjirlarni olib tashlaydi. (A’rof 7/157)

Bu oyatda, Rasulullohni yaxshilikka buyurishi, yomonlikdan qaytarishi, toyyibat (toza narsalarni) halol xobais (iflos narsalarni) harom qilishi, insonlarga yuklatilgan og‘ir yukni olib tashlab zanjirlarni uzishi degan narsalar, to‘laligicha Qur’ondagi buyruqlardir. Bu fe’llarni Rasulullohga izofa qilinishi, u kishini “rasul” ya’ni, elchi ekanligi sabablidir. Allohga elchi  – Alloh unga yuborgan buyruq va taqiqlarga birorta ham ilova va qo‘shimcha qo‘shmagan holda, qanday bo‘lsa ana shunday boricha insonlarga yetkazib bergan kishidir. Chunki, Alloh taolo unga yuborgan Qur’on bilan hukm qilishga buyurgan. (Mr: Moida 5/48-49)

Faqatgina Rasululloh emas, balki Allohni barcha elchilari Allohni kitobidagi buyruq va taqiqlarni qo‘shmay va ayrimay to‘laligicha yon-atrofdagilarga yetkazib beradilar. Masalan, Allohni kitobida “Namozni ado qiling”, zakotni bering” buyrug‘i bo‘lsa, Rasululloh muxotoblarga ham ayni narsani ana shu shaklda yetkazib beradi. Ismoil alayhissalom uchun Qur’ondagi (Maryam 19/55) oyatda keltirilgan “U oilasiga namozni va zakotni buyurar edi  (وَكَانَ يَاْمُرُ اَهْلَهُ بِالصَّلٰوةِ وَالزَّكٰوةِ)” ifodasidan Ismoil alayhissalom bu narsalarni oilasiga buyurar ekan Allohni kitobiga va buyrug‘iga aloqasiz holda o‘z shaxsi tarafidan buyurayotgani kelib chiqmaydi. Iso alayhissalom haqida ham shunga o‘xshash oyat bor. U hsunday degani keltirilgan:

وَمُصَدِّقًا لِمَا بَيْنَ يَدَيَّ مِنَ التَّوْرَاةِ وَلِأُحِلَّ لَكُمْ بَعْضَ الَّذِي حُرِّمَ عَلَيْكُمْ وَجِئْتُكُمْ بِآَيَةٍ مِنْ رَبِّكُمْ فَاتَّقُوا اللَّهَ وَأَطِيعُونِ

Men, yonimdagi Tavrotni tasdiq qiluvchi va sizlarga harom qilingan ba’zi narsalarni halol qilish uchun kelgan bir elchiman. Sizlarga Rabbingizni bir ko‘rsatmasini ham olib keldim. Allohdan qo‘rqinglar va men olib kelgan narsaga itoat qilinglar.” (Oli Imron 3/50)

Ko‘plab oyatlarda Alloh toyyibatni halol va xobaisni harom qilganini bildirishiga qaraganda[3], ayni xususiyatni Rasulullohga izofa qilinishi – Rasululloh kitobdagi narsalarni tablig‘ qilishini, ya’ni, ummatiga Allohni Kitobida belgilab qo‘yilgan halolni halol va haromni harom deb bildirishi va o‘rgatishini ifodalaydi. Bundan boshqa ma’no va maqsadga burilmaydi.

Harom qilish fe’li Ahli Kitob (Yahudiy va Xristianlarga) tegishli bir ish ekanini bir oyatda insonlarga izofa qilinib shunday buyuriladi:

 قَاتِلُوا الَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَلَا بِالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَلَا يُحَرِّمُونَ مَا حَرَّمَ اللَّهُ وَرَسُولُهُ وَلَا يَدِينُونَ دِينَ الْحَقِّ مِنَ الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ حَتَّى يُعْطُوا الْجِزْيَةَ عَنْ يَدٍ وَهُمْ صَاغِرُونَ

Kitob berilgan kishilardan bo‘lishiga qaramay Allohga va oxirat kuniga ishonmagan, Allohni elchisi harom qilgan narsani harom deb bilmagan va to‘g‘ri dinni din deb qabul qilmagan kishilarga qarshi, past kelib o‘z qo‘llari bilan jizya berguncha urishinglar.” (Tavba 9/29)

Yuqoridagi oyatlarda Alloh va Uning elchisi harom qilgan narsani harom deb bilmaganlar haqida so‘z bormoqda. Demak, Allohga ishongan kishilar Alloh va Rasuli halol qilgan narsani halol; harom qilgan narsani harom deb qabul qilishi kerak. Insonlarni halol yoki harom qilishi, xuddi Rasululloh qilgandek kitobdagi narsani tablig‘ qilish orqali bo‘ladi. Mavzuga aloqador o‘laroq quyidagi oyatga ham murojaat qilishimiz kerak bo‘ldi:

يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ لِمَ تُحَرِّمُ مَا أَحَلَّ اللَّهُ لَكَ تَبْتَغِي مَرْضَاةَ أَزْوَاجِكَ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ

Ey Nabiy! Ayollaringni roziligini olish maqsadida Alloh senga halol qilgan narsani nima uchun o‘zingga harom qilib olyapsan? Nima bo‘lgan taqdirda ham, Alloh ko‘p kechirimlidir, ne’mati ham behisobdir. (Tahrim 66/1)

Nabiy alayhissalom Alloh halol qilgan narsani o‘ziga harom qilib olgani uchun, bu oyat orqali ogohlantirilmoqda. Bu narsa Rasulullohni nabiylik sifati orqali kishilik va shaxsiy tomondan qilgan tanlovi edi. Payg’ambarimiz elchilik/rasullik sifatiga asoslanib bunday ishga qo‘l ura olmas edi. Agar payg’ambarimizda Alloh erkinlik qo‘yib bergan ba’zi narsalarni harom qilishga vakolati bo‘lganida edi, bunday bir oyatni Qur’ondan joy olishi mumkin bo‘larmidi? Janobi Haq bir tomondan elchisiga bunday bir vakolat va ruxsat beradi va bir tomondan nega bu vakolatdan foydalanding deb ogohlantirib tergaydimi?! Bunday bir holatni aqlga keltirishni o‘zi ham abasdir.

Rasulullohni o‘zi bu holatni juda chiroyli bir shaklda izohlab bergan:

“Men faqatgina Alloh O‘z kitobida halol qilgan narsani halol va Alloh O‘z kitobida harom qilgan narsani harom qilaman xolos.”[4]

Boshqa bir hadis esa quyidagicha:

“Halol – Alloh O‘z kitobida halol qilgan narsadir, harom ham U O‘z kitobida harom qilgan narsadir. U haqda biror narsa demagan narsalar esa, U kechirgan narsalardir.”[5]

Mashhur sahobalardan bo’lgan Abdulloh b. Abbosni shunday degani rivoyat qilinadi:

“Johiliyat xalqi ba’zi narsalarni yer va ba’zi narsalarni ta’bi tortmagani uchun yemas edi. Shunday qilib, Alloh nabiysini jo‘natdi va kitobini yubordi. Halolini va haromini belgilab berdi. Endi, Alloh halol qilgani halol, harom qilgani haromdir. U haqda izohlab ochiqlab bermagan narsalar esa afv etilgandir. Ibn Abbos keyin An’om surasining 145- oyatini o‘qidi.”[6]

Yana Abduloh b. Abbos Rasulullohga aloqador o‘laroq “Ularga toyyibatni halol, xobaisni harom, qiladi” (A’rof 7/157) oyatida keltirilgan xaboisni “to‘ng‘iz go‘shti, foiz va Alloh tarafidan harom qilingani holda Johiliyat Arablari halol deb bilgan yemoq-ichmog‘i” ekanini bildirgan.[7] Bu ham, Rasululloh faqatgina Alloh harom qilgan narsalarni harom qila olishini ko‘rsatmoqta.

Aynan o‘sha oyatga aloqador o‘laroq tobeindan Ato b. Abi Raboh ham Ibn Abbosdan rivoyat qilgan holda shularni aytadi:

“Janobi Haq, bu yerdagi xobais kalimasi bilan o‘limtik, qon va Moida surasining 3-oyatida aytib o‘tilgan narsalarni qasd qilgan” deb, Rasululloh harom qilgan narsalar aynan Qur’onda zikr qilingan haromlar ekanini bildirmoqda.[8]

Xulosa shuki, hatto payg’ambarlardan tortib hech bir inson Allohni oyatlariga aloqasiz holda o‘z-o‘zicha bevosita biror narsaga halol yoki harom deb hukm chiqarish vakolatiga ega emas.[9] Shunday ekan, mazhab imomlari, tariqat shayxlari, mullalar, diniy jamoat liderlari o‘z-o‘zicha ijtihod qilib, Qur’onda bo‘lmagan ba’zi yangi haromlarni o‘rtaga qo‘yishiga haqqi bormi? Aslo! Ularga bunday vakolatni nisbat berib va buni natijasida ularni aytgan gaplariga so‘zsiz ishonish, ular chiqargan diniy hukmlarni Allohni hukmi deb qabul qilib unga ko‘ra harakat qilish, maqolamizni boshida aytib o‘tganimiz Adiy b. Hatimni rivoyatida aytib o‘tilgani kabi, ularni rabb qilib olish ma’nosiga kirib qolmaydimi? Marhum Elmalili Muhammad Hamdi Yazirni bu mavzuga aloqador bo‘lgan muhtasham so‘zlari bilan maqolamizga yakun yasamoqchimiz. U Shunday degan edi:

“Allohni buyruqlarini ko‘rmaganga olib, olimlarda agarchi juz’iy bir hukm qo‘yish vakolati borligini, hatto bir zarrani o‘rnini almashtirishga vakolatlari bor ekanini qabul qilish va bunga taslim bo‘lish – Allohdan boshqasiga rabblik xususiyatini berish, ularni “min dunillah” (Allohni qo‘yib, Allohdan avval) o‘ziga rab qilib olish demakdir. Shayton, Tog‘ut, Namrut, Fir’avn, but v.h. larga ibodat qilish qanchalik gunoh  va shirk bo‘lsa, olimlarga ham haddan ziyod qadr-qiymat nisbat berish ana shunday ishdir. Masalan, to‘g‘rini xatodan ajratmay, haqni botildan ayirmay Haq ilmiga aloqasiz bo‘lgan shaxsiy fikrlarini, so‘zlarini, Allohning buyrug‘iga tayanmagan, undan asos qilib olmagan har qanday shaxsiy yondashuvini, orzu-istaklariga asoslangan fatvolarini va irodalarini ustun tutish, go‘yoki, ularga Alloh harom qilgan narsani halol, halol qilgan narsani harom qilish vakolatini bordek, haqni o‘zgartira olishlikdek bir huquqi bordek, qasddan qilgan xatoliklari bir tomonda tursin, Allohni amriga qarshi ekani ochiq bo‘lgan xatolariga ham so‘zsiz itoat qilishni joiz deb bilish, Alloh bu haqda nima degan deb surishtirmasdan, Allohni buyrug‘iga itoat qilish kerak degan narsani unutib ularga itoat qilishlik ham bir navi shirk va kufrdir. Allohni qo‘yib Undan boshqasini aytganini so‘zsiz bajarish – Allohdan boshqasiga qullik qilishdir.”[10]

 

Manba’: Yahyo Sheno‘l, “Halol va Haromni kim belgilaydi?”, Kitob va Hikmat, Istanbul, 2016-yil, 4, 15, 96-101- s.   

 

[1] Termiziy, Tafsir, 10 (9).

[2] Harom ekani haqida dalili bo‘lmagan, javobgarlik yuklatilmagan narsa.

[3] Baqara 2/168; Moida 5/88; Nahl 16/114-115.

[4] Bayhaqiy, Sunanul-Kubro, 6-j, 75-s.

[5] Termiziy, Libos, 6;Ibn Moja, At’ima 60.

[6] Abu Dovud, At’ima 30.

[7] Tobariy, Jomeul-Bayon, Bayrut, 1992, 6-j, 85-s.

[8] Roziy, Tafsirul-Kabir, Bayrut, 3-nashr, 1999, 5-j, 381-s.

[9] Qur’on va Sunnat Ammo Qaysi Sunnat, 2-nashr, Sulaymoniya Fondi Nahrlari, Istanbul 2015, 139-143-s.

[10] Elmalili Haqqi Yazir, Hqa dini Qur’on Tili, Qisqartirilgan: Ismoil Qaracham, Azim Dag‘itim, 4-j, 319-s.

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: