Musulmonlar

Foizli qarz olgan kishini dasturxonidan tanovul qilsam bo’ladimi?

Savol: Foizli qarz olib ish qiladigan bir insonni uyida yozilgan dasturxondan tanovul qilsa bo‘ladimi?

Javob: Harom bo’lish – yo aroq va to‘ng‘iz go‘shti kabi o‘sha narsani o‘zini asl tarkibida bo‘ladi, bunga haromun liaynihi deyiladi va buni sotish, olish va iste’mol qilish har bir musulmon uchun harom bo‘ladi, yoki aslida halol bo‘lgan narsani qimor va foiz kabi yo‘llar bilan qo‘lga kiritayotgan vaqtdagi harom qilingan xatti-harakati orqali molni qo‘lga kiritishi harom bo‘ladi, buni haromun lig‘ayrihi deyiladi va bu yo‘l orqali pul qozonish faqatgina u ishni amalga oshirgan kishiga harom bo‘ladi. Aks holda, har kim birovdan pul va boshqa narsa olayotganida uni qayerdan olgani va qaysi yo‘l orqali topganini so‘rab-surishtirishi kerak bo‘lar edi, lekin hech kim bunday qila olmaydi. Bu narsa insonni toqatidan tashqari ishdir. Alloh hech kimni toqati yetmaydigan ishda javobgarlikka tortmaydi. (Baqara 2/286)

Bu haqda qo‘shimcha ma’lumotga ega bo‘lish uchun quyidagi linkda keltirilgan maqolani o‘qishingizni tavsiya qilamiz:

http://www.musulmonlar.com/?p=3143

O‘g‘irlik yoki bosqinchilik yo‘li orqali qo‘lga kiritilgani ma’lum bo‘lgan narsani qabul qilish mumkin emas. Bu narsa – o‘sha pul biz uchun harom ekanligi sababli emas, balki, o‘g‘rilik va bosqinchi-zo‘ravonchilik ishini tasdiqlash bo‘lib qolganligi tufaylidir.

Foizli ishlovlar ma’lum bir shartnoma asosida qo‘lga kiritiladi, uni birovni aldab yoki zo‘ravonlik qilish bilan qo‘lga kiritmaydi. Foizni o‘g‘irlik va qaroqchilikdan farqi bor. Foizda har ikkala taraf ham o‘z roziligi bilan ish olib boradi. Foiz bilan ish qiladiganlarga foizga aloqador oyatlar eslatiladi va ogohlantiriladi. Uni mol-mulki va dasturxonidan tanovul qilish foiz va foiz bilan ish qiluvchini qo‘llab-quvvatlagan, degan xulosaga olib kelmasa, balki shu bahona unga amri-ma’ruf qilinib oyatlar eslatiladigan bo‘lsa, bu ishda hech qanday taqiq yo‘q.

Bir narsani harom deyishdan avval albatta dalil va isbotini keltirish shart. Aslida har narsa insoniyat uchun yaratilgan va bular insonlarga aslida muboh/halol qilib berilgan, orasida harom ekani aytib belgilab qo‘yilganlari bundan mustasno.

Bilib-bilmay halolni harom deb yuboruvchilar quyidagi oyatda keltirilgan – Allohga yolg‘on bo‘hton qiluvchi kishilar qatoriga kirib qolishi mumkin:

“Tillaringiz bezagan yolg‘on bilan “bu halol, bu harom” deyavermanglar! Aks holda, Allohga yolg‘on to‘nkagan bo‘lasiz. Allohga yolg‘on to‘nkaganlar farovonlikka aniq erishmaydi. Bu o‘tginchi bir imkoniyat. Ammo ularga jonini og‘rituvchi azob bor.” (Nahl 16/116-117)

Bu oyatga aloqador o‘laroq Payg‘ambar alayhissalom shunday degan ekanlar:

“Men faqatgina Alloh O‘z kitobida halol qilgan narsani halol qilaman va Alloh O‘z kitobida harom qilgan narsani harom qilaman, xolos.” (Bayhaqiy)

“Halol – Alloh O‘z kitobida halol qilgan narsadir, harom ham U O‘z kitobida harom qilgan narsadir. U haqda biror narsa demagan narsalar esa, Alloh kechirgan narsalardir.” (Termiziy, Libos, 6; Ibn Moja, At’ima 60.)

Qur’oni Karimda musulmonlarga taomlari (so‘ygan mol-qo‘ylari) halol qilingan ahli kitob haqida bayon qilingan oyatlarda (Moida 5/5), ahli kitoblarni taomi agar aroq sotib, to‘ng‘iz boqib yoki foiz olib so‘ymagan bo‘lsa halol, deb aytilmagani uchun, musulmonlarga ularni taomidan iste’mol qilayotganida bu taomni (so‘yilgan mol-qo‘yni) foiz orqali olib so‘yganmisan yoki aroq sotibmi? – deb so‘rash vazifasi yuklatilmagan. Bu narsa dinda g‘uluv qilish deyiladi.

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: