Musulmonlar

Birovni haqi birovda qolib ketsa Alloh kechiradimi yoki kechirmaydimi?

Savol: Bir inson boshqa birovni haqini yeb ketsa Alloh uni kechiradimi yoki yo‘qmi? Bilishimcha Alloh shirk gunohidan boshqa har qanday gunohni kechirishi mumkin.

Javob: Alloh taolo Qur’oni Karimda faqatgina shirk gunohiga qo‘l urgan va u ishidan tavba qilib qaytmagan kishini gunohini aslo kechirmasligini va u qilgan jinoyati uchun albatta jazolashini bildirgan. Aloqador oyat quyidagicha:

“Alloh O‘ziga sherik nisbat berilishini kechirmasligi aniq. Undan boshqa gunohni, kechirishga munosib ish qilgan kishidan kechiradi. Kimki Allohga sheriklik nisbat bersa, u aniq katta bir gunoh uydirgan bo‘ladi.” (Niso 4/84)

Oyatdan ma’lum bo‘lishicha, Alloh taolo qullari orasidan kechirishga munosib bilganlarini gunohlarini kechirib yuborishi va ularni jazolamasligi mumkin. Kechirishga noloyiq deb bilgan qullarini esa, gunohlariga yarasha jazolaydi.

Birovni haqiga tajovuz qilish qul haqini yeyish deyiladi va bu katta gunohlar sirasiga kiradi. Lekin, shirk gunohi qatoriga kirmaydi.

Oxiratda hech bir mazlum inson o‘z haqini olmasdan, mazlum holaticha qolib ketmaydi.

Alloh taolo qiyomatda bir insonni agar gunohini kechirmagan bo‘lsa va u birovni haqini ham yeb, rozi qilmay o‘lgan bo‘lsa nima bo‘lishi haqida Payg‘ambar alayhissalom shunday ma’lumot bergan:

“Kimki bir insonni haqini yegan bo‘lsa, darhol u birodari bilan halollashsin. Chunki (qiyomat kunida) dirham (kumush tanga) ham o‘tmaydi, dinor (oltin tanga) ham. Demak, u kishining savoblari olinib, haqi yeb ketilgan kishiga beriladi. Agar savoblari bo‘lmasa, haqi yeb ketilgan kishining gunohlari nohaqlik qilgan kishiga yuklatiladi.” (Buxoriy, Riqoq 48)

O‘zini musulmonman deb bilgan inson hayotda hech kimni haqini yeb ketmasligi, birovni haqiga tajovuz qilmasligi kerak. Agar bilib-bilmay bunday bir gunohga qo‘l urib qo‘ygan bo‘lsa, mazlum kishi bilan darhol halollashib olishi, ya’ni haqini berib qo‘yishi va qilgan gunohi uchun Allohdan mag‘firat so‘rab tavba qilishi kerak.

Birovdan qarz olib bermay qo‘yib, yoki birovdan aldov yo‘l orqali foyda qozonib, yoki shunga o‘xshash yo‘llar orqali birovni haqini yeb ketgan inson, qarshi tarafni, ya’ni haqini yeb ketilgan kishiga og‘zaki roziman deyishdan boshqa chora qoldirmasdan halollik so‘rash halollashish deyilmaydi, u insonni haqi ado etilgan bo‘lmaydi. Chunki birovni haqini ko‘nglidan rozi bo‘lmagan holda yeyish harom. Birovni haqini yeb ketgandan keyin, avval yetkazilgan zararni qoplab qo‘yiladi va undan keyin halollik so‘raladi.

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: