Musulmonlar

Bir masalani boshqasiga noto’g’ri yetkazish

Savol: Bilgan-eshitgan diniy masalalarimni boshqalarga aytib berishda xato qilib aytib bersam nima bo‘ladi?

Javob: Avvalo, inson xoh diniy bo‘lsin xoh dunyoviy bo‘lsin har qanday ma’lumotni asosli va isbot-dalili bilan bo‘lgan manbadan olishi kerak. Chunki dunyoviy narsalarda ishonchsiz va asossiz bo‘lgan manbalarga ishonib bir ishga qo‘l ursak dunyoda ziyon ko‘ramiz, oxirat ishiga aloqador ishlarda asossiz va isbot-dalilsiz bo‘lgan manbalardan ma’lumot olib, unga aniqlik kiritmasdan ishonib amal qilib ketaversak va qilgan ishimiz xato bo‘lsa oxiratda ziyon ko‘ramiz. Alloh taolo insonga mana shu uchun aql, idrok, fahm-farosat, zehn va ong bergan. Demak, bilgan narsamizni ham asosi va dalili bilan bilgan bo‘lsak, eshitgan narsamizni ham isbot-dalilini ham talab qilib eshitgan bo‘lsak, ana o‘sha shaklda bilgan-eshitgan narsamizni boshqalarga aytib berishimiz ham Musulmonlik va hamda insoniyik burchimiz hisoblanadi.

Dunyoviy ishlaringizda oxir-oqibat ziyon ko‘rib qolmasdan, ko‘zlagan maqsadga va muvaffaqiyatga erishish uchun qilayotgan ishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi kabi, oxirat ishlarida ham – imon-e’tiqod, ixlos va samimiyatda xato va kamchilikka yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Buning uchun din ilmini asos va dalili bilan o‘rgatadigan ustozlardan o‘rganishingiz kerak.

Birovga aytib berayotgan ma’lumotingizni to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qilmagan holatingizda aslo birovga diniy ma’lumot bermang. Agar o‘tmishda bunday ishga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, qaytib bunday qilmaslikka Allohga so‘z berib, qilgan ishidan pushaymon bo‘lib tavba qilish kerak. Chunki birovga masala aytib berishda yo‘l qo‘yilgan xato oqibatida halolni harom yoki haromni halol deb qo‘yish mumkin.

Endi, ana shu holatda o‘zingiz dalili bilan o‘rgangan diniy bilimingiz yoki olgan ma’lumotingizni boshqalarga aytib berishda so‘zingizni oxirida “vallohi a’lam” deb qo‘yishni tavsiya qilamiz.

Qur’oni Karim va uni hayotiga tatbiq qilib o‘tgan Muhammad alayhissalomning o‘rnaklari Islom dinining asl manbai hisoblanadi. Buni aslo unutmasligimiz kerak.

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: