Musulmonlar

Ayol o’z ixtiyori bilan eridan ajrashi

Ayollarni erlaridan o‘z ixtiyorlari bilan ajrashish haqi (Iftido)

Iftido – Ayollarni o‘z ixtiyorlari bilan erlaridan ajrashish vakolatidir.

“(Ey erlar!) Ayollaringizga to‘y munosabati bilan bergan mol-mulklaringizdan ajrashib ketish asnosida ulardan biron narsa qaytarib olishingiz sizlarga halol bo‘lmaydi. Lekin, er va xotin Allohni chegaralariga rioya qilolmaslikdan qo‘rqishsa, sizlar ham u er-xotinlar Allohni ko‘rsatmalariga rioya qilolmasligidan qo‘rqsangizlar, bu holda ayol eriga mol-mulk berib o‘zini undan qutqarishida har ikkalasiga ham gunoh bo‘lmaydi. Ana o‘sha narsalar Allohni belgilab qo‘ygan chegaralaridir, ulardan o‘tmanglar. Kimki Allohni chegaralarini buzsa, ana o‘shalar haqsizlik qiluvchi-zolimlardir.” (Baqara 2/229)

Eri bilan baxtli va shar’iy hayot kechirib ketishidan umidi uzilgan ayol holatni nikohdan mas’ul kishilarga xabar berib tushuntiradi. Agar ular ham aynan bu ayol eri bilan baxtli va tinch hayot kechirib keta olmasidan xavotir qilsalar, ayol kishiga nikohni buzish haqqidan foydalanishga ruxsat berishadi. Agar ayol kishi ajrashishga qaror bersa, eridan olgan narsalarini qaytarib beradi. Oyatdagi “Ularga bergan narsalaringizdan…” ifodasi – ayol kishini eridan olgan mahr va hadyalarni barchasini o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lganidek, ulardan bir qismi bo‘lishi ham mumkin. Bu holatda eridan olgan narsalarini qanchasini qaytarib berishga nikohdan mas’ul bo‘lganlar qaror berishadi. Agar nikoh erni aybisiz buzilayotgan bo‘lsam eridan olgan narsalarini barchasini qaytarib berishi kerak bo‘ladi.

Hozirgi kunimizda jamiyatdagi oila va nikoh ishlarini fuqarolik sudi ko‘rmoqda. Quyidagi misollarda ajrashmoqchi bo‘lgan bir sahoba ayol Payg‘ambar alayhissalomga va xalifa Umarga murojaat qilgan.

“Ansorlardan bo‘lgan Sahlning qizi Habiba Sobit b. Qaysga uylangan edi. Bir kuni Payg‘ambarimiz bomdod namoziga chiqqanida, Habibani tongdagi xira-shira vaqtda uyining oldida ko‘rib qolib: “Sen kimsan?” – deganida, u: “Men Sahlni qiziman” – deb javob berdi. Payg‘ambar alayhissalom unga: “Nima bo‘ldi” – degan edi, u :Sobit bilan birga yashay olmayman” – deb javob berdi. Habibani eri Sobit kelganida Payg‘ambar alayhissalom unga: “Mana Habiba! Alloh unga nima bergan bo‘lsa hammasini aytib berdi”, dedi. Shunda Habiba: “Ey Allohning Elchisi, uni menga bergan narsalarini hammasi turibdi”, dedi. Shunda Rasululloh Sobitga qarab: “U mol-mulkni undan qaytarib ol”, dedi. Sobit bergan narsalarini qaytarib oldi va Habiba oilasini yonida qoldi.”[1]

Mavzuga aloqador boshqa bir rivoyat quyidagicha:

“Sobit b. Qaysni ayoli shunday degan: “Men uni axloq va din tomonlama ayblamayapman. Lekin meni o‘zim ham musulmon bo‘lganimdan keyin nonko‘r bo‘lib qolishni xohlamayman. O‘zimni bosa olmayapman.[2] Undan nafrat qilishdan o‘zimni tiyib tura olmayapman.[3] Agar Allohdan qo‘rqmaganimda, yonimga kelganida yuziga tupurib yuborar edim.[4]

“Habiba Payg‘ambarimizga qo‘shni edi. Sobit uni urgan edi.[5] U – fe’l-atvori qattiq bir inson edi.[6] Habiba eridan nafrat qila olganicha nafrat qilar, eri esa uni sevardi.”[7]

“Rasululloh: “Senga bergan bog‘ni qaytarib berasanmi?” – deganida, Habiba ortig‘i bilan qaytarib bera olishini aytgan. Shunda Rasululloh: “Ortig’iga kerak yo‘q. Faqat bog‘ini qaytarib berasan”, degan.”[8]

Sahobalarni davrida ham mana shunday voqea yuz bergan. Umar b. Xattobga bir ayol eridan shikoyat qilib keldi. Shunda h. Umar ayolni somon (xashak-hushak) bor uyga qamab qo‘ydi va u ayol kechasi o‘sha uyda tunadi. Tong otganida h. Umar undan tunni qanday o‘tkazding? – deb so‘raganida, u: “Shu vaqtgacha bunday bir porloq kecha ko‘rmadim” – deb javob berdi. Bundan keyin h. Umar uni eri haqidagi fikrini o‘rganmoqchi bo‘ldi. Ayol avval erini maqtadi, keyin orqasidan: “Haligi yo‘qmi, haligi bor-u? Qo‘limdan boshqa hech narsa kelmayapti!”, dedi. Shunda h. Umar ayollarga berilgan ajrashish huquqi bo‘lmish iftidodan foydalanishga ruxsat berdi.”[9]

  1. Umar ayol eri bilan birga yashash-yashamasligi haqida bilmoqchi bo‘lgan.

E’tibor beradigan bo‘lsak, Payg‘ambar alayhissalom ham h. Umar ham ayoldan eridan nima sababli nafrat qilishini so‘rab surishtirmagan.

Quyidagi oyat iftido masalasiga oydinlik kiritmoqda:

“Ey Mo‘minlar! Mo‘mina ayollar hijrat qilib sizlarga kelsalar, ularni imtihon qilib ko‘ringlar. Ularni imonlarini eng yaxshi biluvchi Allohdir. Agar chin mo‘min ekanliklarini bilsangiz, ularni kofirlarga qaytarib yubormanglar. Bular ularga halol bo‘lmaydi. Ular ham bularga halol bo‘lmaydi. Erlari ayollariga sarflagan narsalarini erlariga qaytarib beringlar. Bu ayollarni mahrlarini o‘zlariga berganingizda, ularga uylanishingizga hech qanday to‘siq yo‘q. Kofir ayollarni ismatlariga yopishmanglar; ularga sarflagan narsangizni talab qilinglar. Ular ham sarflagan narsalarini talab qilsinlar. Bu narsalar Allohni sizlarga qilga hukmidir; oralaringizda u hukm qiladi. Alloh biladi, to‘g‘ri qaror beradi.” (Mumtahina 60/10)

Payg‘ambar alayhissalom Makkali mushriklar bilan tuzgan Hudaybiya kelishuvidagi moddalardan biri quyidagicha edi: “Seni diningga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar bizdan qaysi bir odam senga borsa uni bizga qaytarib berasan.” Keyinchalik Hudaybiyada bir guruh Makkali musulmon ayollar chiqib keldi. Mana shunda yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi.”[10]

Kelishuv shartida “odam” deya tarjima qilingan (erkak = رجل) kalimasi bor. ayollar u atama ostiga kirmagani sababli, Payg‘ambar alayhissalom oyatdagi shartlarga amal qilgan o‘sha ayollarga bay’at berdi va ularni orqaga qaytarib yubormadi.[11]

U oyat oilali bo‘lgani holda imonlari sababli ko’chib Musulmonlardan panoh so‘rab kelgan ayollar mavzusini yoritmoqda. U ayollarni bu xatti-harakatlari erlaridan ajrashishga qaror berganligini bildiradi. Akas holda bunday qarorga kelmagani sababli Makkada qolgan musulmon ayollar ham bor edi. Hudaybiya haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Agar sizlar bilmagan mo‘min erlar va mo‘mina ayollar bo‘lmasa edi, ularni bilmasdan halok qilib qo‘yib ayblanib qolishingizni ehtimoli bo‘lmasa edi, Alloh qo‘llaringizni bir-biringizdan to‘smas edi. Alloh O‘zi munosib ko‘rgan kishini O‘z rahmatiga olish uchun shunday qildi. Agar ular ayrilib chiqqanlarida edi, Biz ularning orasidagi kofirlarni alamli azob bilan azoblagan bo‘lardik.” (Fatir 48/25)

Mumtahina surasining 10- oyatidagi mavzularga alohida to‘xtalib o‘taylik:

1- “Ey Mo‘minlar! Mo‘mina ayollar hijrat qilib sizlarga kelsalar, ularni imtihon qilib ko‘ringlar. Ularni imonlarini eng yaxshi biluvchi Allohdir. Agar chin mo‘min ekanliklarini bilsangiz, ularni kofirlarga qaytarib yubormanglar. Bular ularga halol bo‘lmaydi. Ular ham bularga halol bo‘lmaydi.”

Ayollarni hijrat qilishi – erini, oilasini va yurtini tark etishi deganini bildiradi. Nima maqsadda Madinaga ko‘chib borganini aniqlash uchun ularni imtihondan o‘tkazilishi buyurilgan. Bu bilan u ayollar haqiqatda imonlari sababli ko‘chib borganmi yoki boshqa maqsadda borganligini aniqlash uchun bo‘lgan. Bunga aniqlik kiritish bilan Musulmonlarga katta moddiy yuk yuklatiladi. Chunki u ayolni eridan ajrashiga qaror berishi – iftido bo‘ldi degani. Bundan keyin u endi eriga halol bo‘lmaydi. Ammo ayolni bergan qarori bilan birgalikda eridan olgan narsalarini qaytarib berishi ham kerak bo‘ladi.

2- “Erlari ayollariga sarflagan narsalarini erlariga qaytarib beringlar.”

Bu narsa Habibani eri Sobit b. Qaysga qaytarib bergani kabidir. Madinaga ko‘chib borgan ayollarni yonlari mil-mulki bo‘lmagani sababli, ularni erlariga to‘lanadigan to‘lovni Madinadagi Musulmonlar to‘lashi buyurilgan. Ana shundan keyin ayol xohlagan erkak kishi bilan oila qurishi mumkin. Oyatni uchinchi bo‘limi shu narsaga dalolat qilmoqda.

3Bu ayollarni mahrlarini o‘zlariga qaytarib berganingizda, ularga uylanishingizga hech qanday to‘siq yo‘q.

Oyatdan shu narsa ma’lum bo‘lmoqdaki, ayollarni avvalgi erlariga berilgan to‘lov Musulmonlarni bu ayollarga qilgan hadyasidir. Endi Musulmon bir erkak kishi bilan turmush qurganda undan oladigan mahri bilan avvalgi eriga to‘langan qarzini ado etishi kerak emas.

Bu yerda yana bir muhim masala bor: Bu oyatda ham, Baqara 229- oyatda ham, Habiba haqidagi hadisda ham iftido bo‘lgan ayollarga idda saqlash vazifasi yuklatilmagan. Ajrashganda idda saqlab erini uyida o‘tirish birinchi va ikkinchi marta ajrashgandan keyin bo‘ladi. Idda saqlashdan maqsad oilani yana qaytadan tiklash uchun ko‘rilgan bir chora-tadbirdir. Homilani aniqlash uchun emas. Chunki homilani aniqlash uchun bir odat muddaticha kutish kifoya qiladi. Buni “istibro” deyiladi. Agar ayol homila bo‘lib qolgan bo‘lsa endi unda odat qoni kelmaydi. Bu narsa bir oyni ichida aniqlanadi. Buni bilish uchun 3 odat kutishga ehtiyoj yo‘q. Iftido kerak bo‘lgan narsa mana shudir, ya’ni agar ayol homila bo‘lmasa iftidodan keyin erini uyida qolib idda saqlashi talab qilinmaydi.

Bu oyatda Muslima ayollarga berilgan haq-huquq Musulmon erkaklarni nikohi ostidagi mushrika ayollarga ham berilgan. Bu narsani oyatning keyingi bo‘limidan bilib olamiz:

4- “Kofir ayollarni ismatlariga yopishmanglar” ( و لا تمسكوا بعصم الكوافر )

Oyatdagi isom = عصم ismat = عصمة kalimasining ko‘plik shaklidir. Ismat – qarshi chiqish va qo‘riqlash va saqlash ma’nolarini bildiradi.[12] Ayollar erlarining himoyasi ostidadir. Mana shu sababli erlar ayollarining ba’zi bir xatti-harakatlariga qarshi chiqishi mumkin. Bu yerda Musulmon eridan ajrashib Makkaga ketmoqchi bo‘lgan kofir ayollar haqida bayon qilinmoqda. “Kofir ayollarni ismatlariga yopishmanglar” amri – bu ayollarga muammo tug‘dirmanglar, degan ma’noni ifodalaydi. Agar bu oyatni davlatlar aro huquqiy prinsip tomonlama jonlantiradigan bo‘lsak, “U ayollarni yurtlarini tashlab chiqib ketishiga qarshilik bildirmanglar”, degan hukm ham o‘rtaga chiqishi mumkin. Mana shu oyat nozil bo‘lgan kuni h. Umar ikkita mushrika ayolidan ajrashib ketgan. Ular Makkaga ketishgan va biri Abu Sufyon bilan yana biri esa Safvon b. Umayya bilan oila qurishgan.[13] Abu Sufyon Makkani fath qilinish jarayonida, Safvon b. Umayya esa Hunayn jangidan keyin musulmon bo‘ldi.[14]

Bir kofir ayol Musulmon er bilan yashashni xohlashi bu iftido talabidir. Bu talabini amalga oshishi esa, eridan olgan narsasini qaytib berishiga bog‘liq. Oyatni bunga aloqador hukmi quyidagicha:

5- “Ularga sarflagan narsangizni talab qilinglar.

Bu ayollar Musulmon erlari ularga bergan mahr va sovg‘a-salomlarini qaytarib berishi bilanoq Habiba kabi erlaridan ozod bo‘ladilar.

6- “Ular ham sarflagan narsalarini talab qilsinlar.

Musulmon erlar kofir ayollaridan qanday qilib bergan narsalarini talab qilish huquqiga ega bo‘lsa, mushrik erlar ham Muslima ayollaridan mana shu shaklda bergan narsalarini talab qilish huquqiga egdir.

Musulmonlarni mushrika ayollari erlaridan qochib o‘z dindoshlarini yoniga borib olsalar va ularga bergan narsalarini erlari qaytarib ololmasalar, ularga quyidagi oyatning hukmi yurgiziladi:

“Ayollaringizdan biri kofirlarga qochsa, keyin sizlar ulardan o‘ch olsangiz, g‘animatdan – ayollari qochib ketgan erlarga sarflagan narsalari miqdor to‘lov beringlar…” (Mumtahina 60/11)

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak; oyatlar ayollarga o‘z erlaridan ajrashish huquqini bermoqda. Payg‘ambar alayhissalom ham bu ishni hayotga tadbiq qilishi natijasida mavzuga oydinlik kiritmoqda.

 

Prof. Dr. Abdulaziz Bayindir 

[1] Muvatto, Taloq 11.

[2] Buxoriy, Taloq 13.

[3] Ibn Moja, Taloq 22.

[4] Ibn Moja, Taloq 22.

[5] Doramiy, Taloq 7.

[6] Ibn Sa’d 326. (Arim b. Fazl Hammod b. Zayddan tahdiysan, u esa Yahyo b. Said b. Qays b. Sahldan rivoyat qilgan).

[7] Qurtubiy, Tafsir 3/95.

[8] Shavkoniy, 6/277.

[9] Molik b. Anas, Mudavvana 2/341.

[10] Buxoriy, Shurut 15.

[11] Safiyyurrohman al-Muborakfuriy, ar-Raxiyqul-maxtum, Bayrut – Lubnan, 1408/1988, 314- s.

[12] Basoir, عصم moddasi.

[13] Buxoriy, Shurut 15. Buxoriy Umar r.a. ayolini “taloq qilgan” deb yozgan. Biz u kalimani “ozod qildi” deb tarjima qildik. Chunki hadis rivoyat qilgan kishilar eshitgan kalimalarini emas, balki kalimalarni o‘z zehnlarida saqlab qolgan ma’nolari bilan aytib berishadi. Buxoriy hadis o‘rganishni hijriy 205- yili boshlagan. 256- yili vafot etgan. Ya’ni voqea sodir bo‘lgan vaqt bilan Buxoriy o‘rtasida kamida 220 yil bor. Avval ham ko‘rilgani kabi sahobalarni davridan keyin ayollarni haqi bo‘lgan iftido ummatdan unutilib ketib, uni o‘rnini muxolaa egallagan. Bunday bir davrda boshqalardan eshitgan rivoyatlarni yana boshqalarga aytib beradigan kishilar er-xotin orasidagi har bir ajrashishga taloq/ajrashish deb murojaat qilishlari oddiy bir holatdir.

[14] Muvatto, Nikoh 20.

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: