Musulmonlar
Afv bilan Mag’firatni farqi

Afv bilan Mag’firatni farqi

Qur’oni Karimda gunohkorlarni gunohidan o’tish va ularni kechirish degan ma’nolardagi ikki xil farqli kalima qo’llaniladi. Ulardan biri  عفو – afv, ikkinchisi مغفرة – mag’firat kalimalaridir. Biz, Allohdan – Uni o’zi bizlarga o’rgatganidek – bizni afv etishini va bizlarni mag’firat qilishini so’raymiz.[1] Alloh taolo O’zini afv etuvchi va mag’firat qiluvchi ekanini bildiradi.[2] Ba’zi oyatlarda Alloh taolo Muhammad alayhissalomni,[3] ba’zi oyatlarda esa Musulmonlarni afv va صفح – safh qilishga buyuradi.[4] Yana bir boshqa oyatda esa, ham afv etishi ham safh etishi va mag’firat qilishga tashviq qiladi.[5] Quyida bu kalimalarning ma’nolari va o’rtadagi farqlari ko’rsatib o’tiladi.

عفو ­­– afv kalimasi so’zliklarda “o’chirib tashlamoq”, “artib tashlamoq” degan ma’nolarda keladi. Istiloh, ya’ni atama ta’birida esa qilgan gunohidan kechmasdan, faqatgina jazosidan kechish deb ishlatiladi.

صفح – Sofh kalimasi so’zliklarda “yuzni chiroyli tarafini ko’rsat,oq”, “yangidan bir chiroyli sahifa ochmoq” degan ma’nolarda keladi. Istilohda esa, gunohidan ham jazosidan ham kechib yuborish degan ma’noda ishlatiladi.

مغفرة – Mag’firat kalimasi so’zliklarda “yopmoq”, to’smoq”, ”yashirmoq” degan ma’nolarda keladi. Istilohda esa, gunohini ham jazosini ham kechirib yuborish va gunohkorni himoya qilib qolmoq, saqlab qolmoq va qutqarib qolmoq degani ma’noni ifodalaydi. Mag’firat bilan bir o’zakdan turagan  (مغفر) kalimasi dubulg’a degan ma’noni bildiradi. Chunki, dubulg’a jangda boshni qilich va o’qdan himoya qilib saqlab qolish uchun boshga kiyadigan temir yoki po’latdan yasalgan bosh kiyimdir.

Demak, safha kalimasining ma’nosi afvning ma’nosidan ko’ra keng qamrov ifodalaydi, mag’firat kalimasining ma’nosi esa safhaning ma’nosidan kengroq hisoblanadi. Afvning ichida safha ma’nosi yo’q, lekin safhaning ichida afv ma’nosi ham bor. Mag’firatning ichida esa, afvning ham safhaning ham ma’nolari bor.

Misol qilib keltiradigan bo’lsak, bir hukmdor bayram kunlarida mahkumlarni afv qiladi va ular jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilib qo’yib yuboriladi. Lekin, ular haqidagi davlat arxividagi “sudlangan” degan ro’yxati o’chirib yuborilmaydi. Bu esa, ular keyinchalik biron bir tashkilot yoki korxonaga ishga kirish uchun qilgan murojaatlariga rad javob berilishiga va o’z mutaxassisligi va o’z sohasida qaytadan ishlay olmasligiga sabab bo’ladi. Agar hukmdor ularni afv bilan birga safha (ya’ni, ular uchun yangi bir hayot – tarix sahifasi ochgan bo’lsa edi) ham qilgan bo’lganida edi, ular jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinar, davlat arxividagi sudlangan-sobiq jinoyatchi o’chirib yuborilgan va yana o’z xalqi va jamiyati ichida jinoyat qilmagandek yangi sahifa va yangi hayot boshlar edi. Agar hukmdor ularni mag’firat qilsa, demak, ularni gunohidan ham, jazosidan ham kechgan va ularni himoya qilib olgan va o’z sohasiga aloqador ishlarni davlatni turli tashkilotlarida davom ettirishga ruxsat ham berilishiga yo’l ochgan bo’ladi.

Alloh taolo insonlarni afv etishi – ularni gunohiga jazo bermasligini, ularni mag’firat qilishi esa – ulardan gunohni ham jazoni ham kechib yuborishini va ularni jahannamdan qutqarib qolib abadiy va mangu baxt-saodat yurti bo’lgan jannat bilan musharraf qilishini bildiradi.

 

    Anas Olimo’g’li   

Foydalanilgan adabiyotlar:

  • Mufradoti Alfozil Qur’on
  • Lisanul Arab
  • Assihoh
  • Maqoyis
  • Al-Qomus

[1] Baqara 2/286.

[2] Niso 4/43, 99. Haj 22/60. Mujodala 58/2.

[3] Moida 5/13. Hijr 15/85. Zuxruf 43/89.

[4] Baqara 2/109. Nur 24/22.

[5] Tag’obun 64/14.

Bizni Kuzating

%d bloggers like this: