Balog’at yoshi, junublik va g’usl
Musulmonlar > Fatvolar > Savol-javoblar > Tahorat Tarix: 03 Iyun 2019 Email This Post Email This Post

Savol: Men bugun boshqacha tush ko’rdim. Tushimni aytmayman. Ko’rgan tushimdan o’zimni noqulay his qildim va cho’chib uyg’ondim. Uyg’onganimda qarasam ichki kiyimimda bir oz namlik paydo bo’lib qolgandi. Bir necha kundan keyin yaqin do’stimdan so’rab, buni nomi junub ekanini bildim, xolos. Bu haqda to’liqroq ma’lumot bera olasizmi?

Javob: Avval bu holatni sizga fan tomonlama tushuntirishga, keyin esa diniy tomonlama ochiqlab o’tishga harakat qilamiz. Siz aytgan narsa balog’at, rasida (rasta) bo’lish, bo’yiga yetish deyiladi. Bu narsa – organizmning bir qancha anatomik va fiziologik o’zgarishlar natijasida biologik jihatdan sekin-asta voyaga yetishi hamda jinsiy jihatdan yetilib, ko’payishga, ya’ni naslni davom ettirishga layoqatli bo’lib qolishidir. Qizlar o’g’il bolalarga nisbatan ertaroq balog’atga yetadi. Qizlarda bu davr aksari 12 — 14 yoshdan 16 — 18 yoshgacha, o’g’il bolalarda 13 — 15 yoshdan 16 — 20 yoshgacha davom etadi. Balog’atga yetish muddati o’smirning irsiy xususiyatlariga, sog’ligiga, ovqatiga, shuningdek hayot tarzi (maishiy, ijtimoiy-iqtisodiy) va iqlim sharoitlariga bog’liq. Balog’atga yetish davrida jinsiy instinkt ancha tez shakllanadi. Qizlar hayz ko’radi, bolalarda ixtilom (pollyutsiya) kuzatiladi, shuningdek organizmda chuqur o’zgarishlar ro’y beradi: o’smirning bo’yi cho’zilib, ikkilamchi jinsiy belgilari paydo bo’ladi; o’g’il bolalarda soqol-mo’ylov ko’rinib, ovozi do’rillab qoladi, qizlarning badani yumaloq tortib, birinchi galda soni va dumbasida yog’ to’planib boradi, sut bezlari kattalashib, chanoq suyaklari eniga kengayadi. Qonda jinsiy gormonlar ko’payib, bir jins ikkinchi jinsga ko’proq e’tibor bera boshlaydi. Balog’atga yetish davrida o’smirning psixikasi ham o’zgarib, nerv tizimining faoliyatida bir qator o’zgarishlar ro’y beradi. Rastalik davrida o’smirlar organizmining rivojlanib borishida bo’ladigan xususiyatlar haqida ota-onalar va pedagoglar o’smirlarga to’g’ri ma’lumot berishlari kerak, bu esa ba’zi yigit-qizlarning behuda qo’rqishi va asabiylashishining oldini oladi. Balog’atga yetish davrida o’smirning jismoniy jihatdan to’g’ri rivojlanishi ham katta ahamiyatga ega. Buning uchun bekam-u ko’st ovqatlanish, shuningdek sport va jismoniy mashqlar bilan shug’ullanib turishga alohida e’tibor berish zarur. (O’zME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil)  

Balog’at yoshi va undan keyingi holatlar haqida Alloh taolo Qur’oni Karimni A’rof surasini 172-oyatida shunday buyuradi:

“Robbing odam bolalarining bellaridan nasllarini[1] olganida, ularni o’zlariga o’zlarini shunday guvoh qildi: “Men sizlarni Robbingiz emasmanmi?” Ular esa: “Ha, albatta! Sen bizni Robbimizsan. Biz bunga guvohmiz”, dedilar. Endi qiyomat kuni: “Biz bu haqda hech narsa bilmasdik”, deyolmaysizlar.” (A’rof 7/172)

Yigitlar tush ko’rib ehtilom bo’lgan kunidan, qizlar esa oy ko’rib menstruatsiya bo’lgan kunidan boshlab barcha diniy masalalarda javobgar va mas’ul shaxsga aylanadilar. Endi ular Islom buyurgan barcha amallarni bajarishligi kerak bo’ladi.

Ehtilom bo’lgan yigitlar Allohning amriga ko’ra – namoz vaqtini o’tkazib yubormaslik uchun – darhol g’usl qilib yuvinib olishi kerak. Qizlar esa, odat kuni tugaganidan keyin g’usl qilib namozni boshlashlari kerak.

Balog’at yoshidan boshlab yaqin qarindosh bo’lmagan yigit va qizlar (sinfdosh yoki kursdosh bo’lishidan qat’iy nazar) bir biri bilan qo’l berib ko’rishishi, bir-biriga tikilib qarashi va qolaversa qizlar yigitlardan yuzlari va ikki qo’llaridan boshqa barcha a’zolarini berkitib yurishlari kerak bo’ladi. Qizlar o’zlarini bunday tutishlari ularni o’z oilasi, sha’ni, din-u diyonati, kelajagi va sog’ligi uchun yaxshi bo’ladi. Aks holda, ham Allohni amriga isyon qilgan va o’ziga o’zi ziyon qilib olgan bo’ladi.

Mo’minlarning onasi bo’lmish Oysha-i siddiyqa r.a. Payg’ambar alayhissalom junublikdan qanday g’usl qilishi, ya’ni qanday yuvinishini bizga quyidagicha naql qilib bergan:

“Payg’ambar alayhissalom junublikdan yuvinayotganida avval avrat a’zosini chap qo’li bilan yuvar, keyin namoz uchun tahorat olgandek tahorat olar, keyin umuman suv tegmagan joyi qolmaydigan holatda boshiga uch marta to’li suv quyar, keyin butun badaniga uch marta suv quyar va oxirida oyoqlarini yuvardilar.” Sahihi Muslim 316, Sahihi Buxoriy 248.

Junub bo’lgan inson quyidagi oyatni hukmiga ko’ra (shariatda belgilab qo’yilganidek) yaxshilab yuvinib olib keyin namoz o’qiydi:

“Ey mo’minlar! Mast holda bo’lsalaringiz, nima deganingizni farqiga bormay turib namozga yaqinlashmanglar va yana safarda bo‘lmasangiz yaxshilab yuvinmay turib junub holingizda namozga yaqin kelmang.” (Niso 4/43)

 

[1] “Bellaridan nasllarini olish” degani “naslga sabab bo’ladigan tuhumni olish” deganidir.

Facebookta UlashishTwitterda Ulashish
217 O'qildi
 
Aloqador yoki o'xshash fatvolar
Raqam     Mavzu Tarix    O'qildi    
1 Balog’at yoshi, junublik va g’usl 03.06.2019 217
2 Odat qoni tugagan ayol g’usl qilishidan avval eri bilan qo’shilishi mumkinmi? 12.05.2019 433
3 Nos tahoratni buzadimi? 15.02.2019 433
4 Yel tahoratni buzadimi? 09.02.2019 819
5 Hayzli ayollarni ro’zasi 01.11.2018 589
6 Junub holatda yeb-ichish, yotib uxlash va shu kabi ishlar qilish mumkinmi? 04.09.2018 791
7 Junub inson boshqalarni ham nopok qiladimi? 10.06.2018 817
8 Tahoratsiz holda bola emizish mumkinmi? 10.06.2018 796
9 Qur’onga ko’ra tahoratni nimalar buzadi? 10.06.2018 734
10 Tahoratsiz Qur’on o’qisa bo’ladimi? (Qo’shimcha qilindi) 10.06.2018 884