E’tikof
Musulmonlar > E'lonlar > Maqolalar > Ramazon > Sunnat Tarix: 25 May 2019 Email This Post Email This Post

Ro’za ibodati ta’riflangan Baqara surasining 187- oyatida ro’zaga, ya’ni ro’za tutiladigan Ramazon oyiga aloqali bo’lgan e’tikof ibodati ham aytib o’tilgan.

E’tikof – tarjimada band qilib qo’yish, qamab qo’yish, bir joyga joylashish, bir joyga bog’lanib qolish degan ma’nolarni bildiruvchi “akf” o’zagidan turlangan. Fiqhiy atamada esa, bir kishini ibodat maqsadida ma’lum bir shart asosida masjidda bir muddat qolishidir.[1]

E’tikof ibodati Qur’on va Sunnat bilan sobit bo’lgan. Ro’zani ta’riflab bergan oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“… Masjidlarda e’tikof holida ekaningizda ayollaringiz bilan qo’shilmanglar.  Bular – Alloh belgilagan chegaralardir, ularga yaqinlashmanglar. O’zlarini himoya qilib saqlasinlar, deya Alloh oyatlarini mana shunday bayon qilib bermoqda.” (Baqara 2/187)

“Payg’ambar alayhissalom Madinaga hijrat qilib borganidan keyin to vafotigacha har yili Ramazon oyining so’ngi o’n kunida e’tikofda qolgan.[2]

Allohga to’liq bir taslimiyat ko’rsatgan holda ibodat va toat qilish uchun ma’lum bir vaqt ajratish va bu orada shar’an ruxsat berilgan bo’lsa-da har qanday nafsoniy va shahvoniy orzulardan uzoq turish – insonni ma’naviy yetuklikka erishishi uchun sabab bo’ladigan eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

Farz ibodatlardan tashqari nafl/ixtiyoriy ibodatlar ham bu xususida katta ahamiyatga ega bo’lib; diniy tuyg’u va tushunchalarni jadallik bilan ko’zdan kechirib chiqish, imkon qadar moddiy va iqtisodiy aloqalardan uzoqlashgan holda buyuk yaratuvchi bo’lmish Allohga yo’naltirilgan bu holat insonda chuqur bir ma’naviy ufq va katta imkon paydo bo’lishiga sabab bo’ladi.

Shu sababli, e’tikof ibodati faqatgina Ummati Muhammadga emas, balki vahiyga aloqador bo’lgan boshqa barcha dinlarda ham farqli shakllarda amalga oshirib kelinayotgan bir an’anadir. Islomiy-ma’naviy tarbiyaga xos o’laroq esa, Ibrohim va Ismoil alayhissalomlar zamonidan beri davom etib kelayotgan bir diniy sunnat/odat ekani quyidagi oyatdan ma’lum bo’lmoqda:

“Ibrohim va Ismoilga “Uyimni uni ziyorat qiladiganlar, ibodat uchun u yerda qoladiganlar (e’tikofchilar), ruku’ va sajda qiluvchilar uchun toza saqla”, deb buyurdik.” (Baqara 2/125)[3]

Bu dalillarni ishorat qilishicha, bir musulmon inson Ramazon oyining so’ngi o’n kunida e’tikofga kirishi sunnati-muakkada deb qabul qilingan.

Ato al-Xurosoniyni (o’. 135/752) e’tikofga kirgan kishi haqidagi aytgan mana shu so’zlari tahsinga loyiq:

“E’tikofga kirgan kishining holati – bir ehtiyoji tufayli bir kishining ostonasiga borib “Istagan narsamga ega bo’lmagunimcha bu yerdan ayrilmayman”, deb katta umid bilan o’tirgan kishining holatiga o’xshaydiki, e’tikofga kirgan inson ham, Allohni uyiga kirib olib: “Meni kechirmaguningcha uyingdan chiqmayman, yolvoraman Allohim, meni kechir”, deb masjidga kirib olgandek bo’ladi.”[4]

Baqara surasining 187- oyatiga ko’ra, e’tikof masjidlarda amalga oshirilishi kerak.

Payg’ambar alayhissalomning ayollari ham Masjidi Nabaviyda e’tikof o’tirganliklari sahih hadislar bilan bizgacha yetib kelgan. Bunga ko’ra, agar bir ayol kishi masjidda e’tikofda qolmoqchi bo’lsa, u va u kabi boshqa ayollar uchun masjidlarda e’tikof uchun sharoitlar qilib qo’yish maqsadga muvofiq bo’ladi. Agar buning ziddi o’laroq; ayollarni masjidda qolishiga qarshi chiqish – (fitna bo’ladi, deb fatvo chiqarish) insonlarni Allohni uyidan to’sish va masjidlarda Allohni zikr qilinishiga qarshi chiqib masjidlarni xarobaga aylantirishga qo’l urish bo’ladi.

Shu sababli, har bir qishloq va har bir mahalla masjidlarida Ramazonning oxirgi o’n kunida erkak va ayollar e’tikofda o’tira olishi uchun maxsus joylar tayyorlab qo’yilishi kerak. Shunda, masjidga doimiy qatnaydigan musulmonlar bo’ladimi yoki faqat e’tikof uchun oilalari bilan kelib qoladigan musulmonlar bo’ladimi, ularning barchasiga sharoitlar yaratib qo’yilishi kerak.

Unutilib ketishga mahkum bo’layotgan bu qadimiy ibodatni yangidan tiriltirish barcha musulmonlarning vazifasidir. Yo’qolib borayotgan bir sunnat amalni ihyo qilib tiriltirish qanchalik bir muhim masala ekani zotan har bir musulmonning aqlidan chiqmaydigan muhim bir mavzudir.

Oyat va hadislarda e’tikof uchun belgilangan bir muddat yo’q. E’tikofning eng oz muddati Hanafiylardan Imom Abu Yusufga ko’ra bir kun, Imom Abu Muhammadga ko’ra esa bir soat deb keltirilgan. Bir soat – Islom huquqshunoslarining fikriga ko’ra, belgilanmagan oz yoki ko’p bir muddatni bildiradi. Chunki, yaqin tarixda kashf etilgan vaqt o’lchov uskunasi (soat) hali hanuz kashf etilmagan davrlarda bir soat – kunning 24dan biriga dalolat qilmagan. Molikiy mazhabiga ko’ra e’tikofni eng oz muddati bir kun yoki bir kechadir. Ya’ni, bir kecha masjidda qolsa ham yoki sahardan to kechgacha masjidda qolsa ham sunnatni ihyo qilgan hisoblanadi. Shofeiy mazhabiga ko’ra esa, masjidga e’tikof niyatida kirib bir marta “Subhanalloh” deganda sal ko’proq vaqt masjidda qolish ham e’tikof hisoblanadi.[5] Shu bois ba’zi masjidlarning kirish qismiga “e’tikofga niyat qildim” ma’nosidagi “niyyatul e’tikof” degan yozuv bitib qo’yilib, masjidga kirgan musulmonlar shu niyat bilan kirishi va qaytib chiqqanida e’tikof savobiga ham ega bo’lib chiqishini elatib qo’yiladi.

Imkon topib bu go’zal ibodatni amalga oshirganlar katta bir mukofotga ega bo’ladilar.

 

Manba: Yahyo Sheno’l, Ramazon va Ro’za, 3- nashr, Sulaymoniya Vaqfi nashriyoti, Istanbul, 2017, 59-62 s.

 

[1] Mehmet Shener, E’tikof, 2001, 23- j, 457- s.

[2] Buxoriy, Hayz 10, E’tikof 10.

[3] Mehmet Shener, “E’tikof”, 23- j, 458- s.

[4] Umar Nasuhiy Bilmen, Buyuk Islom Ilmiholi, Istanbul, 1986, 305- s, 260- p. Atoning gaplari uchun alohida Badruddin Ayniy, Umdatul Qoriy Sharhu Sahihi Buxoriy, Mustafo al-Bobiy, Misr 1972, 9- j, 235- s.ga qarang.

[5] Mehmet Shener, “E’tikof”,23- j, 458- s.

Facebookta UlashishTwitterda Ulashish
77 O'qildi
 
Aloqador yoki o'xshash fatvolar
Raqam     Mavzu Tarix    O'qildi    
1 E’tikof 25.05.2019 77
2 Hikmat va Sunnat tushunchalarini buzilishi va yo’qqa chiqarilishi 12.06.2018 172