Tafsilotlari Bilan Ro’za Ibodati
Musulmonlar > Qur'on va Sunnat butunligi > Ramazon Tarix: 11 May 2019 Email This Post Email This Post

RO’ZA IBODATI

Maqolada: 

  • Ro’za nima?
  • Ro’za nima uchun tutiladi? 
  • Ro’za kimlarga farz? 
  • Saharlikka turishning ahamiyati
  • Ro’zani buzadigan va buzmaydigan holatlar
  • Ro’zani qasddan buzishning jazosi

Ro’za – Islomning besh asosidan biri hisoblanadi. Bu atama Fors tilidagi “ruza” kalimasidan Turkiy tilli millatlarda “O’raza, ro’za, o’ruch” shaklida foydalaniladi. Arab tilidagi shakli esa “sovm” va “siyom”dir.

Sovm – yeb-ichish, eri-xotinlik aloqasi, gaplashish va boshqa turli muomalalarni tark etish ma’nolarini bildiradi.

Atama sifatida esa, tong yerini oqarishidan to kechgacha shariatda belgilangan ibodatni ado etish niyatida yemoq, ichmoq va jinsiy aloqadan uzoq turmoq degani bo’ladi.[1]

Manbalarda aytilishicha, ro’za ibodati hijratni ikkinchi yili (fevral 624) Sha’bon oyida farz qilingan ekan.

Namoz, zakot, Haj, Qurbonlik va shu kabi boshqa ibodatlar kabi ro’za ham faqatgina Ummati Muhammad uchun emas, balki, barcha payg’ambarlarga va ularning ham ummatlariga ham farz qilingan bir ibodatdir. Ro’za farz qilinganini bildirgan oyatda zotan shunday deyilmoqda:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

“Ey mo’minlar! O’sha ro’za sizdan avvalgilarga (farz qilib) yozilgani kabi sizlarga ham (farz qilinib) yozildiki, shoyad taqvo qilasizlar.” (Baqara 2/183)

Oyat matnida keltirilgan “as-siyam” kalimasining boshidagi alif-lom (harfi ta’rif) qo’shimchasi Arab tilida bilingan, ma’lum bo’lgan, belgilangan degan ma’nolarni o’z ichiga olgani sababli, ma’no “o’sha ro’za” deb tarjima qilinadiki, bizga farz qilingan ro’za ibodati bizlardan avvalgilarga farz qilingan ro’za ibodatining ayni ekanini bildiradi. Oyatdagi “Sizlardan avvalgilarga yozilgani kabi” jumlasi ham shuni ko’rsatadi. Xuddi namoz ibodati kabi, ro’za farz qilingani haqida xabar beruvchi oyatlar nozil bo’lganida, hech bir mo’min-musulmon yoki biron-bir mushrik hech kimdan “Ro’za nima degani? Ro’za qanday tutiladi? Qayerdan paydo bo’ldi bunday ibodat?” deb savol bergani haqida birorta ham ma’lumot yo’q. Bu esa, ro’za tutish kerakligini eshitgan har kim bu qanday ibodat ekanini, qanday tutilishini, qanday hukmlarni o’z ichiga olishini juda yaxshi bilganini ko’rsatib berishi juda muhim bir masala. Bu ro’zani tafsilotlari quyidagi oyatlarda ochiqlab berilgan:

أَيَّامًا مَعْدُودَاتٍ ۚ فَمَنْ كَانَ مِنْكُمْ مَرِيضًا أَوْ عَلَىٰ سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِنْ أَيَّامٍ أُخَرَ ۚ وَعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ ۖ فَمَنْ تَطَوَّعَ خَيْرًا فَهُوَ خَيْرٌ لَهُ ۚ وَأَنْ تَصُومُوا خَيْرٌ لَكُمْ ۖ إِنْ كُنْتُمْ تَعْلَمُونَ

“(Sizlarga yozilgan) o’sha ro’za sanoqli kunlarda tutiladi. Sizlardan kimki bemor yoki safarda bo’lsa, tutmagan kunlari miqdorida boshqa kunlarda tutsin. Ro’za tuta oladigan kishilar[2] bitta chorasiz kishini to’ydiradigan miqdorda fidya (fitr) berishi ham kerak bo’ladi. Kimki bir yaxshilikni ortig’i bilan bajarsa o’zi uchun yaxshi bo’ladi. Agar ro’za tutishingizni qanchalik yaxshi ekanini bilganingiz, (bemor yoki safarda bo’lishingizga qaramay) tutasiz.”

شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَىٰ وَالْفُرْقَانِ ۚ فَمَنْ شَهِدَ مِنْكُمُ الشَّهْرَ فَلْيَصُمْهُ ۖ وَمَنْ كَانَ مَرِيضًا أَوْ عَلَىٰ سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِنْ أَيَّامٍ أُخَرَ ۗ يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ وَلِتُكْمِلُوا الْعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَىٰ مَا هَدَاكُمْ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ

“Ramazon oyi – insonlar uchun rahbar bo’lgan va rahbarni ochiqlab beruvchi oyatlardan tashkil topgan Qur’on[3] va Furqon nozil qilingan oydir. Sizlardan kimki bu oyda yashasa, uni ro’zali o’tkazsin. Kimki bemor yoki yo’lovchi bo’lsa, u kunlarning sanog’i qadar boshqa kunlarda tutsin. Alloh sizlarga yengillik bo’lishini xohlaydi, sizlarga qiyinchilikni ravo ko’rmaydi. Bular – sizlar ro’zani sanog’ini tamomlashingiz va (ro’za tugaganida) Alloh sizlarni bunga yo’naltirgani uchun Allohni buyukligini ovoza qilishingiz[4] va shoyad va Unga shukr qilishingiz uchundir.”

وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ ۖ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ ۖ فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ

“Qullarim sendan Meni so’rasalar, Men ularga yaqinman. Meni yordamga chaqirganni chaqiruviga javob beraman. Ular ham Meni da’vatimga javob bersinlar va Menga ishonib suyansinlarki, shunda kamolotga erishadilar.” (Baqara 2/184-186)

Bu oyatni bildirishicha, bir muddat avvalgi ummatlar kabi ro’za tutib kelgan Ummati Muhammadga xos o’laroq ro’zaga aloqador ba’zi hukmlarda yengilliklar berilgan. Bu haqda quyidagi oyatlar xabar beradi:

أُحِلَّ لَكُمْ لَيْلَةَ الصِّيَامِ الرَّفَثُ إِلَىٰ نِسَائِكُمْ ۚ هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ ۗ عَلِمَ اللَّهُ أَنَّكُمْ كُنْتُمْ تَخْتَانُونَ أَنْفُسَكُمْ فَتَابَ عَلَيْكُمْ وَعَفَا عَنْكُمْ ۖ فَالْآنَ بَاشِرُوهُنَّ وَابْتَغُوا مَا كَتَبَ اللَّهُ لَكُمْ ۚ وَكُلُوا وَاشْرَبُوا حَتَّىٰ يَتَبَيَّنَ لَكُمُ الْخَيْطُ الْأَبْيَضُ مِنَ الْخَيْطِ الْأَسْوَدِ مِنَ الْفَجْرِ ۖ ثُمَّ أَتِمُّوا الصِّيَامَ إِلَى اللَّيْلِ ۚ وَلَا تُبَاشِرُوهُنَّ وَأَنْتُمْ عَاكِفُونَ فِي الْمَسَاجِدِ ۗ تِلْكَ حُدُودُ اللَّهِ فَلَا تَقْرَبُوهَا ۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ آيَاتِهِ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَّقُونَ

“Ro’za tutgan kunlaringizni kechalarida ayollaringizga jinsiy munosabatda bo’lishingiz sizlarga halol qilindi. Ular sizlarga bir libos, sizlar ham ularga bir libossizlar. Alloh sizlarni nasflaringizni yenga olmayotganingizni bilib tavbalaringizni qabul qildi va sizlarni kechirdi. Ana endi ular bilan birga bo’lib Allohni sizlarga taqdir qiladigan narsasi talab qilaveringlar. Fajr tarafida[5] hosil bo’ladigan oq chiziq qora chiziqdan sizlarga aniq bo’lib bilinguncha yeb-ichib, so’ng ro’zani kechgacha[6] tamomlanglar. Masjidlarda e’tikof holida ekaningizda ayollaringiz bilan birga bo’lmanglar. Bular, Alloh qo’ygan chegaralaridir, ularga yaqinlashmanglar. Insonlar o’zlarini himoya qilsinlar deb, Alloh oyatlarini mana shunday ochiqlab ko’rsatib beradi.” (Baqara 2/187)

Bu oyatdan Ramazon kechalarida er-xotinlik muomalasi taqiqlangani, ba’zi kishilar esa bu taqiqqa rioya etolmay Alloh taoloni ta’biri bo’yicha “nafslarini yenga olmayotgani” ma’lum bo’ldi. Holbuki, bu oyatdan boshqa hech bir oyatda ilk boshqa Ramazon kechalarida er-xotinlik muomalasi taqiqlangani haqida birorta ham oyat yo’q. Demak, ro’zaga aloqador bo’lgan ilk oyatlar (Baqara 2/183 va davomi) nozil bo’lganida, Payg’ambarimiz va sahobalar avvalgi ummatlarga ro’za hukmlari qanday buyurilgan bo’lsa ular ham xuddi shu hukmlar asosida ro’za tutishgani ma’lum bo’ladi. Bu hukmlar orasida esa, Ramazon oyi kechalarida er-xotinlik muomalasi taqiqlangani ham bor edi. Baqara 2/187- oyat nozil bo’lishi bilan Ramazon kechalarida er-xotinlik muomalasiga ruxsat berilgan. Shu bilan bir qatorda, juda erta bir vaqtda (xufton namozi o’qilguncha yoki uxlagunga qadar bo’lgan muddat ichida)[7] qilinishi kerak bo’lgan saharlik vaqti ham bu ummatga xos o’laroq tong yeri yaxshigina oydinlashadigan vaqtgacha uzaytirib berilgan.

Ro’za ibodatini ta’rifi va tarixiga oid ma’lumotlardan keyin, ro’zaga aloqador boshqa masalalarga kirishamiz.

 

Ro’za Nima Uchun Tutiladi?

Ro’za ibodatini farz ekanini bildiruvchi oyatni yana bir marta o’qib, bu savolga javob topishga harakat qilamiz”

“Ey mo’minlar! O’sha ro’za sizdan avvalgilarga yozilgani kabi sizlarga ham yozildiki, SHOYAD TAQVO QILASIZ.” (Baqara 2/183)

Tarjimada katta harflar bilan yozilgan joy, oyatni arabcha matnidagi “laallakum tattaqun” jumlasining tarjimasidir. “Tattaqun” kalimasi taqvo kalimasidan turlangan. Bu holatda oyatni tarjimasi; “taqvoli bo’lasizlar, yoki taqvo qilasizlar” degani bo’ladi. ‘Biron narsani unga har qanday muammo keltirib chiqaradigan yoki zarar yetkazadigan narsadan himoya qilib saqlab qolish’ ma’nosini bildiruvchi viqoya kalimasidan turlangan taqvo kalimasi inson o’zi qo’rqqan narsalardan himoya qilib qolish’ degan ma’noni, ya’ni o’zini himoya qilish va saqlanish degan ma’noni bildiradi.[8] Shu sababli, ro’za insonlarni och qoldirish uchun emas, balki ularni taqvoli bir qul holiga olib chiqish, Allohga nisbatan mas’uliyatni his qilish va o’zini o’zi idora qila olish malakasi va qobiliyatini paydo uchun farz qilingan. Demak, insonni tutayotgan ro’zasi uni Ramazon oyidagi barcha faoliyatlariga ijobiy ta’sir o’tkazishi kerak. Payg’ambar alayhissalom bu haqda quyidagi hadisni qoldirib ketgan:

“Yolg’on gapirishni va yolg’on bilan ish qilishni tark qilmagan insonni yemoq-ichmoqni tar qilishi va och qolishiga Allohni ehtiyoji yo’q!”[9]

“Ro’za tutgan shunday kishilar borki, ularni tutgan ro’zasidan qo’lga kiritgan foydasi faqatgina och qolish va suvsiz chanqoq qolishidir.”

“Ro’za bir qalqondir. Ro’za tutgan inson yomon gap gapirmasin. U bilan urishmoqchi va janjallashmoqchi bo’lgan kishiga: “Men ro’za tutganman, men ro’za tutganman”, desin va u bilan mojaro qilmasin.”[10]

 

Ro’za Kimlarga Farz?

Quyida ko’rsatiladigan uch shart ostiga kiruvchi har kimga ro’za tutish farz bo’ladi:

  1. Musulmon bo’lishi;
  2. Aqli bor bo’lishi;
  3. Balog’at yoshiga kirgan bo’lishi.

Balog’at – yigitlar ehtilom (tushida bo’shanishi), qizlar esa odat qoni ko’rishni boshlagan vaqtdir. Balog’at yoshini boshlanishi qizlar uchun 9 , yigitlar uchun 12 yoshdir. Abu Hanifaga ko’ra yigitlar 18, qizlar 17 yoshga to’lganidan keyin, Islom huquqshunoslarini ko’pchiligiga ko’ra esa yigit-qiz deya ajratilmasdan har ikkalasi ham 15 yoshga to’lgach hukman balog’at yoshiga to’lgan deb hisoblanadi. Demak, balog’atga erishgan yoki hukmiy balog’at yoshiga to’lgan yigit va qizlar ro’za ibodati va boshqa barcha shar’iy hukmlarni ado etishlari kerak bo’ladi.

Bemor va safardagi kishilarga ham ro’za farz. Lekin, bularga Ramazon oyida tutmasdan keyingi oylarda tutib berishiga ruxsat berilgan. Ammo, kuchi va sharoiti bo’lib ro’za tutsalar, bu o’zlari uchun yana ham yaxshi bo’ladi. agar ro’za tutsa kasalligi yana ham og’irlashib ketish ehtimoli bo’lsa, bunday holatda ro’za tutmaslik kerak.

Bemor va safardagi kishilar ro’zani boshlamaslik huquqiga ega bo’lgani kabi, ro’za tutib olgan bo’lsa ro’zasini ochib yuborishi ham mumkin bo’ladi. bunday holatlarda, tuzalganidan yoki safardan qaytganidan keyin tuta olmagan yoki ochib yuborgan kunlarini har bir kuniga bir kundan ro’za tutib berishlari kifoya qiladi; bu holatlarda kafforat haqida hech qanday savolga o’rin yo’q.

Ro’za tutish bemor yoki safarda bo’lmagan ayollarni barchasiga farz bo’lgani kabi, odatli yoki nisfos ko’rgan ayollarga ham farz bo’ladi. Shu bilan bir qatorda, ro’zaga niyat qilib olgan ayoldan kunduzi agar hayz qoni kelib qolsa, ro’zasini buzmasdan davom ettirib ketishi kerak bo’ladi. Agar hayz yoki nifos qoni ayolni sog’ligiga jiddiy ta’sir o’tkazayotgan bo’lsa, u ayol ham bemor kishilar toifasiga kirgan holda ro’zasini ochib yuborishi mumkin. Agar hayz yoki nifos qoni ayolga jiddiy ma’noda ta’sir o’tkazmayotgan bo’lsa ro’zasini davom ettirishi kerak. Chunki, oyati karimada “bemorlar, safardagilar hamda hayz va nifos ko’rgan ayollar ro’za tutmasalar ham bo’laveradi!” degan joyi yo’q. Hayz va nifosli ayollar ham ro’za tutmasa bo’laveradi deb Alloh taolo bermagan ruxsatni Allohdan boshqasi berishi mumkin degan gapga aslo o’rin yo’q.[11]

 

Saharlikka Turishni Ahamiyati

Ro’za tutish tong yeri oqarishidan e’tiboran boshlanadi. Kun chiqish tarafda osmon bilan yer birlashgan joyda ufq chizig’i bo’ylab uzayishni boshlagan tong oydinligi tong yerini oqarganini bildiradi. Buni “imsok-og’ish yopish” vaqti deyiladi. Alloh taolo shunday buyuradi:

وَكُلُوا وَاشْرَبُوا حَتَّىٰ يَتَبَيَّنَ لَكُمُ الْخَيْطُ الْأَبْيَضُ مِنَ الْخَيْطِ الْأَسْوَدِ مِنَ الْفَجْرِ ۖ ثُمَّ أَتِمُّوا الصِّيَامَ إِلَى اللَّيْلِ

“…Fajr tarafda paydo bo’ladigan oq chiziq qora chiziqdan sizga ko’ra to’liq ayon bo’lguncha yeb-ichinglar, keyin ro’zani kechgacha tamomlanglar.” (Baqara 2/187)

Imsok vaqtidan oldin yeyilgan taomga saharlik deyiladi. Saharlik qilish agar-chi farz bo’lmasa-da, lekin har bir musulmon kishi saharlikni barakatidan foydalanib qolishi uchun, saharlikka turib ovqatlanib olishi kerak bo’ladi. Bu haqda Payg’ambar alayhissalom shunday degan ekanlar:

“Saharlik ovqatini yenglar. Chunki, saharlikda baraka bor.”[12]

“Bizni ro’zamiz bilan ahli kitoblarni ro’zasi orasidagi farq saharlikda ovqatlanishdir.”[13]

Ham bu keyingi hadisdan hamda Baqara surasini 187- oyatining “Sizlarga halol qilindi…” ifodasidan ma’lum bo’lishicha, avvalgi ummatlarda bo’lmagan saharlik Ummati Muhammadga xos bir yengillik va imkoniyatdir. Demak, Alloh taoloni Ummati Muhammadga bergan bunday imkoniyatidan istifoda etish va saharlikdagi barakatni qo’ldan boy bermasligimiz kerak.

 

Ro’zani Buzadigan va Buzmaydigan Narsalar

Ro’za – Imsok vaqtidan to shom namozi vaqti kirguncha ibodat niyatida yeyish, ichish va jinsiy aloqadan uzoq turishdir. Bunga ko’ra, har masalani alohida bir-ma bir aytib o’tilmasdan biron narsani yeyish, ichish yoki jinsiy aloqa qilish ro’zani buzadi. Bundan tashqari oyatni oxirida: “Bular Allohni chegaralaridir, ularga yaqinlashmanglar” deya buyurilganiga ko’ra, ularga yaqinlashtiradigan narsalarni ham tar qilish, ya’ni yeyish, ichish va jinsiy aloqa ma’nosiga kiradigan barcha narsalardan uzoq turish kerak bo’ladi.
Nafas qisilishiga chalingan bemorlar qo’llanadigan va xalq orasida fis fis deb nomlanadigan dorilar, ko’z, quloq va burunga tomiziladigan tomchilar va og’iz to’qimalari orqali erib qonga qo’shilib ketadigan va oshqozonga yetib bormaydigan til ostiga tashlanadigan tabletkalar yeb-ichish deb hisoblanmaganligi sababli, ular ro’zani buzmaydi.

Uyqusida g’usl qilish kerak bo’ladigan holatga tushib qolish, qon berish, har naqadar og’iz to’la bo’lsa ham qusish va yuvinish ro’zani buzmaydi.

Ro’zador ekanini unutib qo’yib biron narsa yeb yoki ichib qo’ygan kishini ro’zasi ham buzilmaydi. Chunki Payg’ambar alayhissalom shunday deganlar:

“Ro’zador ekanini unutib qo’yib biron narsa yeb yoki ichib qo’ygan kishi ro’zasini oxiriga yetkazsin. Chunki, unga Alloh yedirib-ichiribdi.”[14]

Payg’ambar alayhissalomni bu so’zlari Alloh taoloning: “Alloh hech kimni kuchi yetmaydigan narsadan javobgarlikka tortmaydi” (Baqara 2/286) oyatining bir o’rnak va namunasidir.

 

Ro’zani Qasddan Buzishning Jazosi

Ramazon kunlarida imsok vaqtidan boshlab to shom vaqti kirguncha yeb-ichish va jinsiy aloqa qilish haromdir. Bunday harakatlar Allohga isyon qilish degani bo’ladi. Payg’ambar alayhissalom shunday degan ekanlar:

“Kimki Ramazon ro’zasidan bir kunini uzrsiz va bemor bo’lmagani holda buzsa, endi u umr bo’yi ro’za tutsa ham buzgan ro’zasini o’rniga o’tmaydi!”[15]

Bunday bir ishga qo’l urgan kishini, endi qilgan gunohiga tavba qilib Allohdan kechirim so’rashi kerak. Tavbasini qabul bo’lishi uchun bir miqdor sadaqa berib yuborishi tavsiya qilinadi.

Bu kishini qazo ro’za tutishi yoki kafforat ro’zasi (61 kun) tutishi kerak emas, talab ham qilinmagan! Ro’zaga aloqador bo’lgan oyatlarda faqatgina bemor va safarda bo’lgan kishilarga-gina ro’za kechiktirib keyingi oylarda tutib berish imkoni berilgan bo’lib, u ham ular uchun bir lutf va marhamatdir. Bemor yoki safarda bo’lmagani holda ro’za tutmagan yoki tutgan ro’zasini ochib yuborgan kishilarga bunday bir lutf va marhamat mantiqsizlikdir, bu haqda og’iz ochishga ham o’rin yo’q.

Fiqh va ilmihol kitoblarida keltirilgan qasddan ro’zasini buzgan kishilar ikki oy ketma-ket kafforat ro’zasini tutib berishi kerak degan hukm, oyat va sog’lom hadislarni dalolati ila zihor kafforatiga aloqador bo’lib, ikkita farqli voqea va hodisani xato yo’llar bilan taqqoslanishi oqibati o’rtaga chiqib qolgan noto’g’ri bir hukmdir.[16]  

Zihor – bir erkak kishi o’z ayolini onasi kabi o’ziga harom bo’lgan bir ayolga o’xshatib, ayoli bilan jinsiy aloqa qilishni o’ziga harom qilib olishi degani. Ya’ni, “endi sen men uchun xuddi onam kabisan”, degan bir erkak kishi “onam men uchun qanday harom bo’lsa, sen ham men uchun xuddi shunday haromsan”, desa zihor amalga oshgan bo’ladi. Shariatda bu so’zni tilga olish va bu ishga qo’l urish haromdir. Zihorga qo’l urgan kishi ayoliga qaytishidan oldin qilgan xato ishiga kafforat sifatida bir asirni ozodlikka erishtirishi, agar buunday qila olmasa ayoli bilan aloqaga kirishidan oldin ikki oy ketma-ket ro’za tutib berishi, agar buni ham qila olmasa oltmishta miskin-chorasizni to’ydirishi kerak bo’ladi. Bunga aloqador oyatlar quyidagicha:

وَالَّذِينَ يُظَاهِرُونَ مِن نِّسَائِهِمْ ثُمَّ يَعُودُونَ لِمَا قَالُوا فَتَحْرِيرُ رَقَبَةٍ مِّن قَبْلِ أَن يَتَمَاسَّا ۚ ذَٰلِكُمْ تُوعَظُونَ بِهِ ۚ وَاللَّـهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ ﴿٣﴾ فَمَن لَّمْ يَجِدْ فَصِيَامُ شَهْرَيْنِ مُتَتَابِعَيْنِ مِن قَبْلِ أَن يَتَمَاسَّا ۖ فَمَن لَّمْ يَسْتَطِعْ فَإِطْعَامُ سِتِّينَ مِسْكِينًا ۚ ذَٰلِكَ لِتُؤْمِنُوا بِاللَّـهِ وَرَسُولِهِ ۚ وَتِلْكَ حُدُودُ اللَّـهِ ۗ وَلِلْكَافِرِينَ عَذَابٌ أَلِيمٌ ﴿٤﴾

“Xotinlariga zihor qilib, keyin so’zidan qaytganlar, ayollariga qo’shilmasidan avval bitta asirni ozod qilishi kerak. Bu – sizlarga qilingan nasihatdir. Alloh qilmishlaringizdan xabardordir.

Asir topa olmagan kishi ayoliga qo’shilishidan oldin ikki oy uzluksiz ro’za tutishi kerak. Bu narsa – Alloh va Rasuliga ishonganingizni ko’rsatishingiz uchundir. Bular Alloh belgilab qo’ygan chegaralardir. Kofirlar uchun alamli azob bor.” (Mujodala 58/3-4)

 

Yahyo Sheno’l.

 

 

[1]

[2]  Oyatdagi “uni” zamiri 183- oyatdagi o’sha ro’za=as-siyomni ko’rsatadi. Oyatni ma’nosi shunday: “Ramazon ro’zasini tuta oladiganlar bitta yo’qsil kishini to’ydiradigan miqdorda fidya berishi kerak.” Bu oyat Ramazon oyida beriladigan fitr sadaqasiga aloqalidir. Abdulloh b. Umar aytibdiki: “Payg’ambar alayhissalom fitr sadaqasini erkaklarga, ayollarga, hurlarga va qullarga hurmodan bir so’ (2920 gr.) yoki arpadan bir so’ belgilab farz qildi. Insonlar buni yarim so’ bug’doyga tenglashtirdilar.” Payg’ambar alayhissalom fitr sadaqasini miqdorini bitta yo’qsil kishini to’ydiradigan qilin o’lchab berganlar. Yo’qsillikni eng past tabaqasi – yeydigan taomini oldida qo’shimcha moddalari bo’lmagan, ya’ni qornini quruq ovqat bilan to’ydirishga yetishidir. Yuqoridagi hadisda belgilangan 2920 gr. Hurmo bitta yo’’qsilni faqatgina bir kun qornini to’yg’azishi mumkin. Yo’qsil bo’lmagan kishi bir kunlik taomi o’laroq bu miqdorga qanoat qilmaydi. Payg’ambar alayhissalom yo’qsilga beriladigan fitr sadaqasini belgilab berishi bilan bir qatorda, sharoiti qay darajada bo’lgan kishilarga yo’qsil-miskin deb atalishini ham bildirib o’tganlar.

[3] Qur’on – oyatlar birlashmasi degani. Ramazon oyi uchun “Qur’on nozil bo’lgan oy” ifodasi qo’llanilishi, ilk nozil bo’lgan oyatlarni bitta oyat birlashmasi holida bo’lganini bildiradi.

[4] Bular bayram tabriklaridir. Payg’ambar alayhissalom ayollari va qizlarini bayram namozi o’qiladigan maydonga olib chiqar edi va boshqa ayollarni ham bayramga chiqishlarini buyurar edi. Bayram namozlari aynan mana shu takbirlar uchun o’qiladi.

[5] Fajr – kechani oxirida quyoshdan ufqqa cho’zilgan qizillikdir. Ilk yorug’lik bilan saharlik vaqti boshlanadi. Eng pastda qora, o’rtada qizil, yuqorida oq nur yaxshigina ko’zga ko’rinib o’rtaga chiqqanda og’iz yopish va namoz vaqti kiradi.

[6] Agar oyatda “kechgacha” jumlasini o’rniga “quyosh botguncha” deganida edi, qutb taraflarda quyoshsiz kunduzlar yoki yop-yorug’ tunlar bo’lib o’tadigan vaqtlarda ro’za tutishni imkoni bo’lmas edi.  

[7] Ramazon ilk farz bo’lgan vaqtlarda ro’zali yurish muddati (og’iz yopiq bo’ladigan muddat) xufton namozi o’qilganidan boshlab to ertasi kunning shom namozi vaqtigacha davom etar edi. Agar bir inson har qanday sabab bo’ishidan qat’iy nazar kechasi biron narsa yemay uxlab qolsa, uyg’onganidan keyin hech narsa yeyishi mumkin bo’lmas edi.

[8] Rog’ibul Asfahoniy, Mufradoti Alfozil Qur’on v-q-y moddasi.

[9] Buxoriy, Sovm 8, Adab 51; Abu Dovud, Siyom 25; Termiziy, Sovm 16.

[10] Ibn Moja, Siyom 21.

[11] Buxoriy, Sovm 2; Muslim, Siyom 163.

[12] Buxoriy, Sovm 20; Muslim, Siyom 45 (1095).

[13] Muslim, Siyom 46 (1096); Abu Dovud, Siyom 15; Termiziy, Sovm 17.

[14] Buxoriy, Sovm 26, Aymon 15; Muslim, Siyom 171 (1155).

[15] Buxoriy, Sovm 29, Abu Dovud, Siyom 38, Termiziy, Sovm 27.

[16] https://www.suleymaniyevakfi.org/ramazan-ve-oruc/oruc-keffareti.html

Facebookta UlashishTwitterda Ulashish
52 O'qildi
 
Aloqador yoki o'xshash fatvolar
Raqam     Mavzu Tarix    O'qildi    
1 Ramazon oyida xatna qildirsa bo’ladimi? 15.05.2019 42
2 Tafsilotlari Bilan Ro’za Ibodati 11.05.2019 52
3 Ramazon oyida ayoli bilan jinsiy aloqa qilish mumkinmi? 03.05.2019 3 463
4 Ramazon ro’zasini qasddan yeb-ichib buzgan kishi nima qiladi? 02.04.2019 163
5 Nafl (ixtiyoriy) ro’zani qanday amallar buzadi? 13.02.2019 180
6 Ramazon ro’zasini nimalar buzadi? 25.08.2018 261
7 Ramazon ro’zasi avvalgi ummatlarga ham farz qilinganmidi? 25.06.2018 116
8 Ramazon oyida, yo’lchi va bemorlar ham ro’za tutishi mumkinmi? 25.06.2018 111
9 Ramazon fidyasini kimlar beradi? 25.06.2018 106
10 Ramazon fidyasining miqdori qancha? 25.06.2018 98
11 Ramazon oyining fazilatlari 25.06.2018 161
12 Ramazon oyi kechalarida o’z ayoli bilan jinsiy aloqa qilish mumkinmi? 25.06.2018 2 889
13 Ramazon fidyasini qachon ado qilish kerak? 25.06.2018 97
14 Ramazon va Qurbon bayramlari farzmi yoki sunnatmi? 18.06.2018 143
15 Ramazon ro’zasiga yolg’onchilik, dilozorlik va so’kinish qanday ta’sir o’tkazadi? 09.06.2018 189